Amazfit Verge — aqlli va hamyonbop fitness soat (to‘liq tavsif)

Amazfit Verge — aqlli va hamyonbop fitness soat (to‘liq tavsif)

Odatda, fitness soatlar arzon bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, GPS sensori, yurak urishini nazorat qiluvchi datchikning mavjudligi, qo‘ng‘iroqlar qabul qila olishi va boshqa ko‘plab funksiyalarga ega bo‘lishiga qaramay, Amazfit Verge raqiblari kabi qimmat emas. Bularga qo‘shimcha, ikki yadroli protsessor va quvvati besh kungacha yetadigan akkumulyatorga ega aqlli soat atigi 1 220 000 so‘m turishini aytsak, ishonasizmi?

To‘g‘ri, agar aqlli soatlar narxlari bilan tanish bo‘lsangiz, bu gapimizga ishonmasligingiz mumkin. Lekin Xiaomi asosidagi Huami kompaniyasi o‘zining Amazfit Verge aqlli fitness soati bilan bunday narxda smart soat ishlab chiqarish imkoni mavjudligini isbotlab berdi.

Apple Watch yoki Samsung Galaxy Watch'larga taqqoslaganda, Amazfit Verge narxi kishini o‘ziga qaratadi. Yuqorida ham aytganimizdek, soatga ham yurak urishini nazorat qiluvchi datchik, ham GPS sensori o‘rnatilgan. Vaholanki, narxi 200 AQSh dollaridan kam bo‘lgan aksariyat aqlli soatlarda bulardan faqat yo unisi yoki bunisi bo‘ladi; ikkala sensorga ham ega bo‘lgan soatni topishingiz oson bo‘lmaydi.

Texnik ma’lumotlar:

•Ishlab chiqaruvchi: Huami (Xitoy);
•Ekran turi: AMOLED;
•Ekran hajmi: 1,3 dyuym;
•Vazni: 46 gramm;
•Akkumulyator sig‘imi: 390 mA/soat;
•Xotira sig‘imi: 512 MB tezkor, 4 GB doimiy;
•Suvga chidamlilik*: bor (IP68);
•OT: Amazfit OS (Android asosida);
•Qo‘llab-quvvatlanuvchi OTlar: Android 4.4/iOS 9.0 dan yuqori;
•Narxi: 1 220 000 so‘m (sotib olish).

Asosiy jihatlari

Soat bu narx atrofidagi raqiblaridan ko‘ra ko‘proq funksionallikka va chiroyli ko‘rinishga ega.
Ekran aylana shakldagi 1,3 dyuymli 360 x 360 AMOLED paneldir. Soat suvga chidamlilikning IP68 nominaliga ham ega*.

U bir necha xil ranglarda mavjud bo‘lib, old va orqa qismida ikki xil ranglar gammasidan foydalanilgan. Masalan, old panel qora bo‘lsa, orqa tomoni och kulrang; tasma ham to‘q qora rangda bo‘ladi va h. Ranglarning bunday uyg‘unligi gadjetning nafis chiqishini ta’minlagan.

Bundan tashqari, soat 12, 3, 6 va 9 larni ko‘rsatuvchi nuqtalarda qizil chiziqlar mavjud. O‘ng tomondagi yagona tugmacha ham kishiga yoqadigan rangda ishlangan.

Verge svayplar va chertishlar orqali boshqariladi. Ekranda ob-havo ma’lumoti va boshqa UI elementlarini ko‘rsatib turuvchi nafis grafikalar joy olgan. Asosiy ekranni uzoqroq bosib turish bilan sodda parametrlarga kirib, bir necha muqobillardan birini tanlash bilan displey ko‘rinishini o‘zgartrishingiz mumkin. Bluetooth orqali Android qurilmaga ulanganda esa gadjet qo‘ng‘iroqlar qabul qiluvchi vosita sifatida ham ishlashi mumkin.

Verge'ning bozori chaqqonligiga sabab uning akkumulyatoridir. Huami'ning ta’kidlashicha, to‘liq quvvat bilan soatni besh kungacha ishlatish mumkin.

Dizayn va ekran

Qahramonimiz o‘ta katta yoki qo‘pol emas, 46 gramm vazni bilan juda og‘ir ham emas. Vaznining yengilligiga sabab uning plastikdan ishlangan korpusi va yengil rezina tasmasidir.

Soatdagi ikki tonli rang gammasi unga nafis ko‘rinish beradi. Sotuvdan qora va och kulrangli hamda oq va moviy dengiz rangli tanlovlarni topishingiz mumkin.

Umuman olganda, dizayn sodda, nafis va foydalanuvchi uchun qulay ravishda ishlangan. Dabdabadan qochilgan.
AMOLED ekran grafikalarni tiniq va rangga boy holda tasvirlay oladi. Ko‘rish burchagi ham o‘tkir. Soatda, shuningdek, doimiy yoniq ekran funksiyasi ham mavjud. Biroq agar quvvatni tejamoqchi bo‘lsangiz, ekranni faqat qo‘lingizni aylantirib, yuqoriga harakatlantirganingizda yonadigan qilsangiz ham bo‘ladi.
Ekran avtomatik yorug‘ligi opsiyasi ham bor. Xohishingizga ko‘ra, uni sozlamalardan faollashtirib yoki o‘chirib qo‘ya olasiz.

Interfeys

Amazfit Verge'ning eng so‘ggi dastur yangilanishidan so‘ng unga ekranni yoqish uchun ikki marta chertish funksiyasi qo‘shildi; bu versiya operatsion tizimida mavjud emas edi — unda qurilma ekranini faollashtirish uchun yon tomondagi tugmani bosishga to‘g‘ri kelardi.

Operatsion tizim yangilanishi haqida gap ketganda, soat qaysi sistemada ishlashi haqida tabiiy savol tug‘ilgan bo‘lsa kerak. Qurilmaga Huami'ning smart soatlar uchun ishlab chiqilgan maxsus Amazfit OS dasturiy tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, Android'ga asoslangan. Soat Android 4.4/undan yuqori va iOS 9.0/undan yuqori tizimdagi gadjetlar bilan mos keladi.

Funsional jihatdan olib qarasak, soat interfeysi foydalunvchi talabini qondira oladi va bir qator ajralib turuvchi jihatlarga ega. Misol uchun, UI illyustratsiyalari katta, barmoq bilan foydalanishga qulay, tizimni tushunish va soatni boshqarish oson. Turli tomonga svayplar orqali bosh ekranga qaytish; tezkor sozlamalar, bildirishnomalar, ilovalar va h. larni ochish mumkin.

Ikkinchi tomondan esa, mashq bajarishga mo‘ljallangan ilovalarda ba’zi funksiyalar, masalan, taymer ilovasida sekund ko‘rsatkichi yo‘q.

Fitness kuzatuvi

Fitness kuzatuvida ba’zi kamchiliklar bor. Misol uchun, soat poyezdda ketayotganingda ham sizni piyoda yurayotgan hisoblab, buni ham mashqlar qatoriga qo‘shib yuboradi.

Ikkinchi tomondan, mashqlarni avtomatik aniqlash funksiyasiga "besh" baho qo‘ysa bo‘ladi. To‘rt daqiqadan ko‘p piyoda yursangiz, soat vibratsiya berib, Kuzatuv rejimini faollashtirishni “tavsiya qiladi“; gadjet bunday “maslahat“lar berishini xohlamasangiz, bu funksiyani ham o‘chirib qo‘yishingiz mumkin. Biroq rejim ishga tushirilganda, kuzatuv ancha to‘g‘ri ishlaydi.

Yuqorida ham aytilganidek, mashinaga yoki poyezdga chiqqaningizda ham soat kuzatuvni davom ettiraveradi, funksiya avtomatik tarzda o‘chmaydi. Rejimni qo‘lda o‘chirishingizga to‘g‘ri keladi.

Mashg‘ulot rejimi tanlovi ham Apple va Samsung'ning aqlli soatlaridagi kabi keng emas. Misol uchun, yugurish rejimi bor, ammo Sport zali rejimi yo‘q: erkin vazn yoki aylanma mashg‘ulot bilan shug‘ullanayotganingizda yurak urishini to‘g‘ri nazorat qilib bo‘lmaydi.

Ikkinchi tomondan, mashqlar uchun soatda interval treyning funksiyasi bor. Bu bilan smartfon ilovasi orqali mashg‘ulotlaringiz orasidagi vaqt intervalini belgilab borishingiz mumkin.

Shunday qilib, umuman olganda, sport haqida gap ketar ekan, aytishimiz mumkinki, soat deyarli faqat yurak urishini nazorat qiluvchi qurilmaga aylanib qoladi.

Yurak urishini o‘lchovchi optik sensori ham yaxshi ishlaydi. Odatiy hollarda yurak utrishi aniq o‘lchansa, mashg‘ulot paytida soat ko‘rsatkichida eng to‘g‘ri ishlovchi sensorlardan 5-10 puls farqi bo‘lishi mumkin.
Amazfit Verge kuzatib boradigan yana bir jihat bu — uyqu. Soatning bu jihati juda yaxshi ishlaydi. Qurilma yengil bo‘lgani va akkumulyator avtonomligi boshqa soatlar, masalan, Samsung Gear S3 dagidan kattaroq bo‘lganini bunga sabab qilib keltirish mumkin. Ya’ni soat metalldan ishlangan Gear S3 kabi og‘ir bo‘lmagani bois tunda uni taqib yotsangiz ham, hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi. Bu, o‘z navbatida, uyqu kuzatuvi funksiyasi to‘g‘ri ishlashini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, to‘liq quvvat bilan ikki kungina ishlay oladigan Gear S3'dan farqli ravishda, Verge'ning quvvati 5 kungacha yetadi. Shunday qilib, uni tunda emas, balki kunduz paytida boshqa ishlar bilan band bo‘lganingizda (masalan, ofisdaligingizda) quvvatlab olsangiz bo‘ladi.

Soat bir soat chuqur uyqu, yetti soat yengil uyquni sifatsiz uyqu deb, 4 soatlik chuqur va 4 soatlik yengil uyquni maroqli xordiq, deb baholaydi.

Musiqa va qo‘ng‘iroqlar

Afsuski, qahramonizda musiqani nazorat qilish biroz murakkab masala. Buni ikki xil usul bilan amalga oshirish mumkin. Birinchidan, bildirishnomlar panelidagi vidjet orqali. Pastga tomon svayp qilish bilan vidjetga o‘tishingiz mumkin. Ushbu yo‘l bilan smartfoningizda qo‘yilayotgan musiqalarni nazorat qilsangiz bo‘ladi. Funksiya uchinchi tomon ilovalari, masalan, Spotify bilan ham ishlaydi. Bundagi kamchilik shuki, funksiya o‘ta sekin ishlaydi. Musiqa ovozini paslatmoqchi bo‘lsangiz, maxsus ikonka ustiga bosib, “talabingiz bajarilgungacha“ bir muddat kutishingizga to‘g‘ri keladi, lekin xafsalangiz pir bo‘lishi ham mumkin: soat “buyrug‘ingizni“ umuman “pisand qilmasligi“ ehtimoldan holi emas.

Endi ikkinchi usuliga o‘tamiz. Musiqalarni tinglash uchun ularni Verge'ning o‘ziga yuklab olishingiz mumkin. Bu smartfoningizni o‘zingiz bilan olib yurmagan paytingizda qo‘l keladi va birinchi usuldan ko‘ra yaxshiroq ishlaydi.

Soatdan qo‘ng‘iroq qilish maqsadida foydalanish amaliyotingiz musiqa amaliyotidan ko‘ra silliqroq kechadi. Android mobilingizdagi kontaktlar soatga sinxronlashtirilishi uchun biroz vaqt ketsa-da, raqam va ismlar qurilma xotirasiga o‘rnatilgandan so‘ng, funksiya kechikishlarsiz ishlaydi. Tan olish kerak, bu yerda ham kamchilik yo‘q emas. Ishlab chiqaruvchi kontaktlarni qidirish funksiyasini qo‘shmagan. Masalan, Sherzod ismli tanishingizga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lsangiz, qayta-qayta svayp qilish bilan, ko‘chma ma’noda, biroz ter to‘kishingizga to‘g‘ri keladi.

Amazfit ilovasi

iOS (yuklab olish) va Android (yuklab olish) uchun Amazfit ilovasi haqida to‘xtalsak, ilova juda yaxshi ishlaydi. Undan soat akkumulyatori, xotirasi haqidagi ma’lumotlarni kuzatib borishingiz, uyqu va mashg‘ulotlar kuzatuvi statistikasini nazorat qilishingiz mumkin. Shuningdek, soat interfeysi dizaynini ham o‘zgartirishingiz mumkin.

Soatga uchinchi tomon ilovalarini o‘rnata olmaysiz. Ishlab chiqaruvchi taqdim qilgan ilovalar bilan cheklanishingizga to‘g‘ri keladi.

Ilova orqali yana ob-havo parametrlari va budilnikni sozlashingiz hamda o‘ng tomongga svayp qilganingizda soatda qaysi ikki vidjet ochilishini ham tanlab, qurilmani o‘zingizga yanada moslab olishingiz mumkin.

Akkumulyator

Soat orqa paneldagi Pogo konnektori orqali quvvatlanadi. To‘liq quvvatlanishi uchun yarim soat yetarli. Agar mashg‘ulotlarni avtomatik kuzatish funksiyasini o‘chirib qo‘ygan bo‘lsangiz, zaryad 4-5 kunga yetadi. Funksiya yoqilganda esa, quvvat suvdek ketadi: kuniga bir soatdan mashq bilan shug‘ullansangiz, soatni uch kungacha ishlata olasiz. Ammo bu qurilma narxini hisobga olganda, yomon ko‘rsatkich emas.

Xulosa va baho

Narxi, nafis dizaynli ekanligi, funksiyaga boyligi, Android va iOS bilan ishlay olishini hisobga olib aytish mumkinki, Amazfit Verge — havaskor sportchilar uchun yaxshi tanlov.

Musiqa qo‘yilishida kechikishlar va transportga chiqqaningizda ham kuzatish rejimining ishlayverishi soatning kamkchiliklariban. Biroq, yana ta’kidlaymiz, gadjetning narxini inobatga olib, bu kamchililiklarga ko‘z yumish mumkin.

Umuman olganda, hamyonbop smart soatga GPS, yurak urishini nazorat qiluvchi sensor, quvvati 5 kungacha yetuvchi akkumulyatorning o‘rnatilgani Huami'ning mahsulotini narxiga nisbatan haqiqiy arzirli mahsulotga aylantirgan.

*Soat suvga chidamlilikning IP68 nominaliga ega. Buni suv o‘tkazmaslik bilan adamashtirmaslik kerak. Suvga chidamli qurilmalar ma’lum muddat davomidagina suvga bardosh bera oladi, undan so‘ng funksionallik to‘xtaydi. Suv o‘tkazmaydigan qurilmalar esa hech qanday vaqt limitisiz suvda ishlay oladi.

O‘QING: Huami Amazfit GTR – naq 74 kungacha quvvatlash talab etilmaydigan smart-soat chiqdi!

Xulosa

8.5балл

Дизайни

Нархи

Пульс сенсори

Функциявийлиги

Режимлар хилма-хиллиги

Мусиқа назорати

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz 1 220 000 so‘m Sotib olish

 Afzalligi

  • Содда дизайн
  • Кўп функцияга эгалик
  • Ажойиб нарх

 Kamchiligi

  • Интерфейс устида ишланиши керак
  • Спорт зали режими мавжуд эмас
  • Мусиқа назорати аъло даражада эмас
Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!