Amazon bosh direktori Jeff Bezos bu lavozimidan ketadi

  •   DiMaX
  •  591
  •  03.02.2021 14:00

Amazon bosh direktori Jeff Bezos bu lavozimidan ketadi

AQShning Amazon kompaniyasi asoschisi, dunyoning eng badavlat odamlaridan biri bo‘lgan Jeff Bezos ushbu yilda bosh direktor lavozimidan ketadi. Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u endi direktorlar kengashi ijrochi raisi lavozimini egallaydi.

O‘QING: Dunyoning eng boy odami va uning sobiq rafiqasi bir haftada $12 mlrd.ga boyidi

Xabarga ko‘ra, kompaniya asoschisi va bosh direktor Jeff Bezos 2021 yilning 3-choragida ijrochi rais lavozimiga o‘tadi, uning o‘rnini Endi Jessi egallaydi.

«Men hech qachon hozirdagidek kuchga to‘lib-toshmaganman va ishdan ketishim haqida gap-so‘z bo‘lishi ham mumkin emas. Men ijrochi rais sifatida qolib, Amazon’ning muhim tashabbuslarida ishtirokimni davom ettiraman. Menda Day 1 Fund, Bezos Earth Fund, Blue Origin va boshqa qiziqarli loyihalarni rivojlantirish uchun ko‘proq vaqt paydo bo‘ladi», deb aytgan Bezos.

Bezosning fikricha, kompaniyaning yaxshi moliyaviy ko‘rsatkichlari va barqaror holati unga o‘z lavozimini o‘zgartirishiga imkon beradi. «Hozirda Amazon innovatsiyalarning eng yuqori bosqichida turganini ko‘rmoqdaman va buning evaziga bunday o‘zgartirishni amalga oshirish vaqti keldi», deb qo‘shimcha qilgan milliarder.

O‘QING: Dunyoning eng qimmat brendlari: Global 500 reytingida lider almashdi!

Bezos o‘rnini egallaydigan Endi Jessi ayni vaqtda kompaniyaning Amazon Web Services xizmatiga rahbarlik qilmoqda.

Kompaniya taqdim etgan hisobotga ko‘ra, u 2020 yil 4-choragida 125,6 mlrd dollar tushum olgan. Kompaniyaning choraklik tushumi ilk bor 100 mlrd dollardan oshgan va 2019 yil 4-choragiga nisbatan 44 foiz ko‘proqni tashkil qilgan.

Amazon’ning 2020 yil bo‘yicha jami tushumi 2019 yilga nisbatan 38 foizga o‘sib, 386,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. 4-chorakdagi daromad 7,2 mlrd dollarni, yil bo‘yicha esa 21,3 mlrd dollarni tashkil qilgan.   

Forbes nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Bezos ayni vaqtda 196,2 mlrd dollar bilan dunyoning eng boy odami sanaladi. Unga Amazon’ning 11,1 foiz aksiyasi tegishli. Bundan tashqari, Bezos Blue Origin aerokoinot kompaniyasiga asos solgan va AQShning eng nufuzli nashrlaridan biri The Washington Post egasi sanaladi.

O‘QING: Milliarder haqida milliardlarga teng faktlar

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!