Among Us haqida 10 ta fakt

Among Us haqida 10 ta fakt

Agar video o‘yinlar o‘ynashga qiziqsangiz, Among Us («Oramizda») jumlasi sizga tanish bo‘lishi aniq. Ushbu o‘yinni oxirgi bir necha oydan beri o‘ynayotgan bo‘lishingiz ehtimoli ham yo‘q emas.

Ammo internet olamida shidat bilan ommalashib borayotgan ushbu o‘yin haqida nimalarni bilasiz? Quyida Among Us'ga doir 10 ta fakt bilan sizni tanishtiramiz.

1. 2018-yilda yaratilgan o‘yinning yuklashlar soni avvaliga juda kam bo‘lgan.

Among Us 2018-yili Innersloth tomonidan yaratilgan. O‘yin konsepsiyasi aldov o‘yni bo‘lgan Werewolf'niki bilan bir xil.

O‘yin 10 tagacha o‘yinchini qabul qilishi mumkin. Voqealar kosmosda sodir bo‘lib, 4–10 nafar o‘yinchi jo‘nab ketishga shaylanayotgan fazo kemasi ekipaj a’zolari vazifasini bajaradi. Tasodifiy tanlangan ba’zi o‘yinchilar o‘zga sayyoralik qallob rolini bajaradi. Bu qalloblarning vazifasi qo‘lga tushmasdan kema ekipaji a’zolarini o‘ldirish, ularni qotillikda ayblash, kemani yakson qilishdan iborat.

Eng ko‘p ovoz to‘plagan qallob, xoh aybsiz bo‘lsin, xoh aybdor, quvg‘in qilinadi. O‘yinning rasmiy treyleri bilan tanishing:

Taqdimotdan keyingi ikki yilda o‘yin unchalik ham ommalashmadi. SensorTower ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yin avvaliga ming martadan ham kam yuklangan.

2. O‘yinni uch kishidan iborat guruh yaratgan.

Among Us Forest Uillard, Emi Lyu va Markus Bromandlar tomonidan yaratilgan. Taqdimotchi kompaniya Innersloth esa Vashingtonda joylashgan. Innersloth Among Us bilan bir qatorda 2015-yilda Dig2China va 2020-yilda Stickmin Collection kabi o‘yinlarni ham chiqargan.

3. O‘yin 2020-yilda YouTube va Twitch'dagi geymerlar striming qilgani bois ommalashdi.

Xo‘sh, ikki yoshlik o‘yinning ommalashib ketishiga nima sabab bo‘ldi?

Bir necha oy oldin Twitch'dagi strimerlar Sodapoppin va Pewdiepie o‘yinni tarmoqda striming (translyasiya) qilishgan. Ma’lumot uchun, Twitch geymerlar uchun o‘yinlarni jonli striming qilish platformasi hisoblanadi. Ushbu tarmoqda Pewdiepie 1.2 million, Sodapoppin esa 2.8 million folloverga ega.

Internetda taniqli bo‘lgan boshqa ko‘pchilik ham ushbu trendga qo‘shildi va shunday qilib Among Us mashhurlikka erishdi.

4. O‘yin 85 million martadan ortiq yuklab olingan.

O‘yin haqida ko‘pchilik xabar topishi bilan, 2020-yilda Among Us'ning yuklashlar soni keskin oshdi. SensorTower ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yin 85 million martadan ortiq yuklab olingan. O‘yinning ommalashuvi, ayniqsa, avgust va sentabr oylarida kuzatilgan. Avgustga kelib iyul oyiga taqqoslaganda, yuklashlar soni, 661% ga oshib, 18.4 millionga yetgan. Sentabrda esa jami 41.9 million geymer Among Us'ni o‘z qurilmasiga o‘rnatgan.

Yil boshidagi yuklashlar soni 1.1 millionni tashkil qilgan. Twitch'dagi strimerlar sabab Among Us mana shunday shuhratga erishdi.

5. Among Us shunchalar ommalashganki, hatto o‘yinga atab mem va TikTok'lar yaratilgan.
  
Internetda biror-bir o‘yin haqida memlar tarqalsa, demak, o‘sha o‘yin ommalashgan bo‘ladi. Xuddi shunday, Among Us haqida ham memlar talaygina topiladi. Among Us qahramonlari ishtirokidagi memlar jamoa bo‘lib harakatlanishning ahamiyatidan tortib, aldov mavzusigacha ko‘lamga ega. Ushbu memlar ko‘plab chat va ijtimoiy tarmoqlarda ishlatilinadi.

TikTok olami ham Among Us mavzusidagi qisqa videolarga to‘la. Junkee'ga ko‘ra, #AmongUs heshtegi ostidagi videolar allaqachon 6 milliard martadan ko‘p tomosha qilingan. TikTok videolarining ba’zilarida o‘yinning o‘zi aks ettirilsa, boshqalarida qalloblarni tutish yo‘llari ko‘rsatiladi. Quyida mana shunday TikTok videolarining ba’zilari bilan tanishishingiz mumkin:

@shaindiamond

This makes me ✨mad✨ #amongus #amongustupid #amongusclip #amongusfunny #amongusimposter #amongusimpostor #amongusmeme #amongusgame #impostor

♬ original sound - Shain Diamond

6. O‘yinga aloqador tovarlar shunchalik mashhur bo‘lganki, ular bir necha hafta ichida tugab ketgan.

O‘yin ommalashib borishi bilan Innersloth kompaniyasi ashaddiy muxlislar uchun o‘zining onlayn do‘konida Among Us qahramonlari tasviri tushirilgan futbolkalar hamda o‘yin qahramonlarining yumshoq o‘yinchoqlarini sotuvga chiqargan. Oldindan buyurtmalar avgust oyida ochilgan va bir necha hafta ichida barcha tovarlar sotib bo‘lingan.

7. O‘yinning ikkinchi qismi ham chiqishi kerak edi, lekin bekor qilingan.

Xuddi filmlar bilan bo‘lgani kabi, o‘yin o‘ta ommalashsa, uning ikkinchi qismi ham chiqariladi.

Innersloth'ning aytishicha, o‘yinning sikveli — Among Us 2 chiqishi kerak edi, ammo yaqinda bu rejadan voz kechilgan. Sababi, dasturchilar bor e’tiborni orginal Among Us'ning kontent va funksiyalarini oshirishga qaror qilgan. Innersloth shunday izoh beradi: «Among Us 2 uchun rejalashtirgan barcha kontentimiz Among Us 1'da bo‘ladi».

8. O‘yinni kompyuteringizga atigi 5 dollar evaziga yuklab olishingiz mumkin.

Among Us'ni Google Play va App Store'dan tekinga yuklab olishingiz mumkin, biroq dasturning desktop versiyasi pullik ekanini bilasizmi? Among Us'ni Steam'dan atigi 5 dollar evaziga sotib olib, do‘stlaringiz bilan kompyuterda o‘ynashingiz mumkin bo‘ladi. Dot Esports ma’lumotlariga ko‘ra, Among Us ayni damda bozordagi eng ommabop arzon o‘yindir.

9. O‘yinni xakerlar buzib kirmoqda.

O‘sib borayotgan shuhrati sabab Among Us xakerlarni ham o‘ziga qaratdi. Screenrant ma’lumotlariga ko‘ra, xakerlar o‘yin sessiyalariga buzib kirib, harakatlarni tezlashtirgan va butunboshli guruhlarni tezda qirib tashlagan. Bular esa geymerning o‘yindan oladigan zavqini kamaytiradi. Innersloth dasturchilari ayni damda ushbu muammo ustida ishlamoqda. Ma’lum bo‘lishicha, moderatsiya qilish yaxshilanishi uchun hozirda akkaunt tizimini yaratish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, kompaniya serverlarini takomillashtirib, ularning buzib kirish holatlarini aniqlash va bloklash imkoniyatlarini oshirmoqda.

10. O‘yindagi yangiliklardan boxabar qilib boradigan blog mavjud.

Among Us'ning ashaddiy ishqibozlari uchun dasturchilarning shaxsan o‘zlari tomonidan yuritib boriluvchi blog bor; blogga o‘tish uchun bu yerga bosing.

O‘QING: PubG haqida siz bilgan va bilmagan faktlar