Android 11 tizimli ilk smartfonlar – Pixel 5 hamda Pixel 4a 5G chiqdi! (+video)

  •   DiMaX
  •  832
  •  03.10.2020 12:09

Android 11 tizimli ilk smartfonlar – Pixel 5 hamda Pixel 4a 5G chiqdi! (+video)

Qidiruv giganti avgustning boshida Pixel 4a smartfonini taqdim etganida, keyinroq uning 5G-versiyasini ham chiqarishini aytgan edi. Kuni kecha shu – Pixel 4a 5G hamda mutlaqo yangi Pixel 5 smartfonlari namoyish etildi.

O‘QING: iPhone SE 2020 vs Pixel 4a vs OnePlus Nord: kamera jangida kutilmagan g‘olib! (video)

Bu ikki model qadog‘idanoq Android 11 operatsion tizim talqini bilan taqdim etilgan ilk smartfonlardir. Ularning afzalliklari qatorida yana ixchamligi va OLED-ekranli ekanligini ta’kidlash mumkin. Qolgan jihatlariga ko‘ra ular… oddiy o‘rtacha smartfonlar bo‘lib chiqdi, hattoki Google Pixel 5 modeli ham flagman xususiyatlariga ega emas!

Umumiy jihatlari

Pixel 4a 5G modeli ham, Pixel 5 ham Qualcomm Snapdragon 765G protsessori bazasiga qurilgan. Mazkur chipset samaradorlik bo‘yicha rekordga da’vo qilmaydi, ammo beshinchi avlod uyali aloqa standartini qo‘llovchi Snapdragon X52 modemini hamda Titan M xavfsizlik modulini o‘zida jamlagan.

Google bu ikkita smartfonini ayni bir xil kameralar jamlanmalari bilan ham ta’minlagan. Bosh kamera qo‘shaloq bo‘lib, undagi 12,2 megapiksellik asosiy sensor fazaviy fokuslash hamda qo‘shma (optik va elektron) barqarorlashtirish tizimlariga ega. Bu datchikka difragmasi F/1,7 hamda ko‘rish burchagi 77 darajali ob’yektiv biriktirilgan. Ikkinchi modul esa 16 megapiksellik aniqlikka ega; unda F/2,2 diafragmali va ko‘rish burchagi 107 darajali ob’yektiv qo‘llangan.

Pixel 5

Pixel 4a 5G hamda Pixel 5 smartfonlarining old kameralari 8 megapiksellik; unga F/2,0 diafragmali va ko‘rish burchagi 83 daraja bo‘lgan ob’yektiv biriktirilgan. Selfi-kamera soniyasiga 30 kadr tezligida Full HD video yoza oladi; bosh kamera esa 60 kadr/soniya tezligida 4K-video yozib olishga qodir.

Ikkala modelning mushtarak jihatlaridan yana quyidagilarni sanab o‘tish kerak: 128 gigabytlik doimiy xotira; stereofonik karnaylar; 18 vattlik tezkor quvvatlash; USB 3.1 Gen 1 Type-C porti; Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth 5.0+LE hamda NFC modullari.

Farqlariga kelsak...

Pixel 5 modelining OLED-ekrani diagonaliga 6 dyuymlik bo‘lib, 2340x1080 piksellik aniqlikda tasvir uzata oladi. Kadr yangilanish chastotasi 90 gers bo‘lgan displey yuzasiga Gorilla Glass 6 himoya shishasi yotqizilgan.

Pixel 4a 5G smartfonida ham OLED-matritsa qo‘llangan, lekin uning o‘lchami diagonaliga 6,2 dyuymga teng. Displeyning chastotasi oddiy, tasvir uzatish formati 2340x1080 piksellik; uning muhofazasi uchun Gorilla Glass 3 shishasi qo‘llangan.

Pixel 4a 5G

Har ikkala smartfonda ham tezkor xotira uchun LPDDR4 toifali chiplar qo‘llangan, lekin Pixel 5 modelida uning hajmi 8 gigabayt bo‘lsa, Pixel 4a 5G devaysida – 6 gigabayt.

Pixel 5 modelining alyuminiydan ishlangan korpusi IP68 darajasida himoyaga ega. Google unga uchta mikrofon o‘rnatgan, biroq 3,5 millimetrlik standart quloqchin tirqishi qo‘ymagan. Smartfonning 4000 mA/soatlik akkumulyatoriga simsiz quvvatlanish va reversiv zaryadka (boshqa devayslarga quvvat berish) texnologiyalari joriy etilgan.

Pixel 4a 5G korpusi esa polikarbonatdan ishlangan, unda ikkita mikrofondan tashqari standart quloqchin tirqishi ham qo‘llangan. Bu smartfonning 3800 mA/soatlik batareyasida simsiz quvvatlanish xususiyati yo‘q.

Pixel 5 korpusining o‘lchamlari 144,7x70,4x8,0 millimetrlik bo‘lib, 151 gramm tosh bosadi. Pixel 4a 5G modelida esa bu ko‘rsatkichlar tegishlicha 153,9x74,0x8,2 millimetr va 168 grammga teng.

Bu ikki smartfonga bag‘ishlab tayyorlangan rasmiy videolavhani ham tomosha qilamiz:

Yevropa bozorida Pixel 5 uchun 630 yevro so‘rashadi, AQShda esa uni 700 dollardan sotishadi. Pixel 4a 5G esa bu bozorlarda tegishlicha 500 yevro hamda 500 dollarga baholangan. Har ikkala smartfon uchun allaqachon oldindan buyurtmalar olinmoqda, ularning ochiq savdosi esa 15 oktyabrdan boshlanadi.

O‘QING: Android 11’gacha yangilanishi aniq bo‘lgan Samsung, OnePlus, Xiaomi, Oppo, Realme, Huawei, Motorola, LG va Nokia smartfonlari