Android 11 uchun Google nimalarni iOS’dan olgan?

  •   DiMaX
  •  1297
  •  13.06.2020 13:45

Android 11 uchun Google nimalarni iOS’dan olgan?

Google kuni kecha sakkizta smartfon uchun Android 11 operatsion tizimining ilk ommaviy beta-versiyasini tarqata boshladi. Bu orada Xiaomi mazkur apdeyt yaqin orada o‘zining qaysi modellariga yetib kelishini ma’lum qilgan bo‘lsa, OnePlus maqtanib ham o‘tirmasdan, amalda ko‘rsatdi!

O‘QING: Android 11’gacha yangilanuvchi 60 ga yaqin Samsung smartfonlari va planshetlari bitta ro‘yxatda!

Android 11 operatsion tizimining birinchi beta-talqinini kuzatib, undagi ayrim funksiyalar asosiy raqobatchi – iOS tizimidan o‘zlashtirilganini payqash mumkin. Quyida shulardan asosiylarini keltirib o‘tamiz:

  1. Aqlli uy

Google Home platformasi bazasidagi aqlli uy qurilmalarini boshqarish opsiyasi endi qurilmani o‘chirish tugmachasini uzoqroq vaqt bosib turganda aks etadi. Aytish kerakki, iOS tizimida HomeKit’ni qo‘llab-quvvatlovchi IoT-qurilmalarni boshqarish ham taxminan shunday yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur yechimning afzalligi shundaki, kerakli jihozlarni shu tugmacha yordamida bir lahzadayoq chaqirib olish mumkin.

  1. Ruxsatlar

iOS tizimida bo‘lgani kabi, Android ham tizimning u yoki bu imkoniyatlaridan foydalanish ruxsatini ilovalarga faqat ularni ishlatayotgan paytdagina berishi mumkin. Shunda ham foydalanuvchining o‘zi mazkur jarayonni to‘liq boshqarib turadi. Android 11 talqinida Google bu borada yanada ilgarilab ketgan – agar foydalanuvchi uzoq vaqt sozlamalarda ilovalarning ruxsatlariga qaramay qo‘ygan bo‘lsa, tizim ularni dastlabki holatiga qaytarib qo‘yadi.

  1. Qurilmalarning biridan boshqasiga o‘tish

Android 11 tizimida Bluetooth orqali turli qurilmalarga ulanganda, ularning biridan ikkinchisiga o‘tish osonlashtirilgan. Buni endi «shtorka» – ekranning tepasidan pastga silab ochiladigan bildirishnomalar menyusi orqali qilish mumkin. iOS foydalanuvchilari ham gadjetlarni taxminan shu usulda, «Boshqaruv nuqtasi»dagi AirPlay belgichasi orqali almashtirishadi.

  1. Ekrandan yozib olish

Android-smartfonlar ekranidan video yozib olish imkoni avvaldan ham bor edi, lekin bu ish faqat chet ilovalar yordamida amalga oshirilar edi. Android 11 versiyasida esa uni tizimning o‘ziga joriy etishgan va mazku funksiyaga, xuddi iOS tizimidagi kabi, tezkor sozlamalar orqali kirish mumkin.

Turli brendlarning ayrim smartfonlariga ushbu imkoniyatlar birinchilar qatorida taqdim etiladi, ularning to‘liq ro‘yxati esa quyidgi xabarimizda berilgan:

O‘QING: Android 11’gacha birinchi to‘lqinda yangilanuvchi 129 ta smartfon ro‘yxati chiqdi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!