Android 11'da iOS'dagi kabi funksiya bo‘lishi tasdiqlandi

Android 11'da iOS'dagi kabi funksiya bo‘lishi tasdiqlandi

Google oldindan ko‘rib chiqishlari uchun dasturchilarga Android 11 operatsion tizimining ikkinchi apdeytini chiqardi.

Joriy reliz hisobotida kompaniyaning tasdiqlashicha, Android uchun AirDrop'ga o‘xshash funksiya ustida ishlanmoqda. Bu haqida 9to5Google saytiga tayanib, Engadget xabar bermoqda.

Manba nashrdagilarning aniqlashicha, platformaning reliz bayonotida fayllarni ulashish uchun «Fast Share» («Tezkor ulashuv») deb nomlangan funksiya haqida to‘xtab o‘tilgan.

Biroq hozirda ushbu funksiya bilan bog‘liq muammo mavjud: ikkita Pixel 4 smartfoni o‘rtasida fayl almashinuvi amalga oshirilganda, o‘tkazma muvaffaqiyatli bo‘lsa ham, qabul qiluvchi qurilma fayl qabul qilinmaganini ko‘rsatmoqda.

Google'ning yozishicha:

«Ikkita Pixel 4 qurilmasi o‘rtasida Fast Share'dan foydalanib fayllar almashilganda, amaliyot muvaffaqiyatli yakunlanmoqda, ammo faylni qabul qilgan qurilma interfeysi fayl qabul qilinmagani haqida xabar bermoqda».

Ushbu funksiya haqida ilk xabarlar 2019 yilning o‘rtalarida tarqalgan edi va o‘shanda ham funksiya nomi «Fast Share» deb atalgandi. Kompaniyaning rasmiy bayonotida ham «Fast Share» deb aytilgan bo‘lsada, XDA Developers saytidagilarning ma’lum qilishicha, funksiya yaqinda «Nearby Sharing» («Yaqin atrofga ulashish») deb qayta nomlandi. Nomlanishi qanday bo‘lishiga qaramay, ushbu funksiya yaqin atrofdagi Android qurilmalari bilan oson almashinuv imkonini yaratadi.

Taxmin qilinishicha, funksiya keyinchalik Android'ning oldingi versiyalari uchun ham mavjud bo‘ladi.

O‘QING: Dasturchilar uchun Android 11 taqdim etildi – yangi imkoniyatlar bilan tanishamiz!