Android 14 bilan to'g'ridan-to'g'ri sun'iy yo'ldoshga ulanish mumkin bo'ladi

Android 14 bilan to'g'ridan-to'g'ri sun'iy yo'ldoshga ulanish mumkin bo'ladi

Garchi O'zbekistondagi aloqa operatorlar mamlakatimiz hududida keng qamrovli simsiz aloqa xizmatlarini taklif qilishsa ham, ko'plab chekka hududlarda yoxud qishloq joylar hali-hamon uyali aloqadan foydalanish imkoni mavjud emas va bu, albatta, yomon. Bunga esa sun'iy yo'ldoshga ulanish yechim bo'lishi mumkin.

Yaqinda Amerikaning T-Mobile aloqa operatori Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi bilan hamkorlikda uyali aloqa xizmati yetib bormagan hududlarda yashovchilar uchun aloqa xizmatlarini 2023-yil oxirida ishga tushirish rejalashtirayotganliklarini e'lon qilgan edi. Endilikda ma'lum bo'lishicha, ular sun'iy yo'ldoshlarga ulanish ustida ishlayotgan yagona kompaniyalar emas ekan - Google ham o'zining Android operatsion tizimida xuddi shunday xususiyatni qo'shmoqda.

Xirosi Lokxaymer, Google kompaniyasining Android bo'yicha katta vitse-prezidenti o'zining Twitter sahifasida navbatdagi Android versiyasi, yoxud Android 14 smartfonlarga sun'iy yo'ldoshlarga ulanish imkonini berishini ma'lum qildi:

"Sun'iy yo'ldoshlarga ulana oladigan telefonlarda foydalanuvchi tajribasi haqida o'ylash juda hayajonli. Biz 2008-yilda G1'ni ishga tushirganimizda, 3G + Wi-Fi ni ishlashini ta'minlash juda qiyin edi. Endi biz (ularni) sun'iy yo'ldoshlar uchun loyihalashtiryapmiz. Ajoyib! Android'ning keyingi versiyasida bularning barchasini ishga tushirishda hamkorlarimizni qo'llab-quvvatlashdan xursandmiz!"

Android 13 yangilanishi Google'ning Pixel smartfonlari uchun allaqachon chiqarib bo'lindi. Bir necha kun oldin esa Android 14 ning beta sinovlari keyingi yilning bahoridan boshlanishi ham ma'lum bo'ldi. Aytish mumkinki, T-Mobile va SpaceX o'z xizmatlarini ishga tushirgunlariga qadar Android 14 smartfonlari uni qo'llab-quvvatlashni boshlaydi. Apple smartfonlariga keladigan bo'lsak, bir necha kundan so'ng taqdim qilinishi kutilayotgan iPhone 14 qatori sun'iy yo'ldoshga ulanish xususiyati bilan chiqarilishi kutilmoqda.

O'QING: Sony Xperia 5 IV smartfonini taqdim qildi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.