Android borasida Samsung’ning eng ulkan xatosini bilasizmi?

  •   DiMaX
  •  2108
  •  11.05.2020 13:17

Android borasida Samsung’ning eng ulkan xatosini bilasizmi?

Endi Rubin o‘zining kichik startapi doirasida raqamli fotokameralar uchun yaratilgan Android operatsion tizimini 2004 yili boshqa yo‘nalishga moslashtiradi. Ya’ni, tizimni u o‘sha davrda yangi kuchayib borayotgan qurilmalar – smartfonlarga moslab o‘zgartiradi va bu loyihasini moliyalashtirish uchun yirik kompaniyalardan biri bilan hamkorlik qilish payiga tushadi.

O‘QING: Android asoschisining kompaniyasi «aqlli» ko‘zoynak uchun patent oldi

Shu tariqa, Rubin o‘z mahsulotini birinchi bo‘lib Samsung kompaniyasiga sotishni ko‘zlagan. Tomonlar bu korporatsiyaning Seuldagi shtab-kvartirasida uchrashib, loyihani muhokama qilishgan. Aniqrog‘i – Endi Rubin o‘zining ushbu mahsuloti yaqin besh yilda bozordagi yetakchi mobil operatsion tizimlaridan biriga aylanadi, deya nufuzli kompaniya vakillarini ishontirishga urinadi.

Koreyslar esa bu paytda ishtiyoq bilan o‘z mahsulotini maqtayotgan, uning hali amalga oshmagan yutuqlari haqida zo‘r berib gapirayotgan Rubinga istehzo bilan qarab o‘tirishardi. O‘sha davrdagi ikkita yirik – Symbian hamda Windows Mobile mobil operatsion tizimlariga Android raqobatchi bo‘la olishiga Samsung vakillari ishonishmagandi.

Endi Rubin o‘z nutqini tugatgach, oraga biroz vaqt jimlik cho‘kadi – Samsung vakillari ma’noli nigohlar bilan bir-biriga qarab olishadi. Ularning barchasi bitta fikrga kelgandi: «Bu yigitcha bizni ahmoq qilmoqchimi!?»

Nihoyat Samsung direktorlar kengashining raisi bu fikrni tiliga chiqaradi: «Xo‘sh, buni siz qay tariqa amalga oshirmoqchisiz? Rejalaringizni amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi dasturchilardan iborat qo‘shin to‘plaganmisiz allaqachon? Ha-ya, sizning jamoangiz atigi olti kishidan iborat-ku. Esingiz joyidami o‘zi?»

Rubinning eslashicha, shu gapdan keyin zaldagilar piqillab kulishganini o‘zi ham eshitgan va loyihasini Samsung’ga olib kelib xato qilganini anglagan. Tez orada u Google asoschilaridan bo‘lgan Larri Peydj bilan uchrashadi va bu kompaniya Android dasturini moliyalashtirishga rozi bo‘ladi. Ma’lum muddat o‘tganidan keyin Google startapni 50 million AQSh dollari evaziga sotib oladi va dasturni yaratgan jamoani o‘z safiga qabul qiladi.

Qizig‘i shundaki, o‘sha kunning ertasigayoq Samsung rahbarlaridan biri Endi Rubinga qo‘ng‘iroq qilib, uchrashishni so‘raydi. Kompaniya unga o‘sha mobil operatsion tizim loyihasiga aloqador juda-juda qiziq taklif bermoqchi ekanligini aytadi.

Ko‘rinib turibdiki, birinchi uchrashuvda Android loyihasining ustidan kulgan Samsung’chilar uning istiqbolini keyinroq payqab qolishgan. Lekin kech bo‘lgandi: bu paytda mazkur dastur allaqachon Google’ga qarashli, Rubinning o‘zi esa ushbu yirik kompaniyaning katta vitse-prezidenti lavozimiga qabul qilingan edi.

Samsung o‘shanda o‘z tarixidagi eng yirik xatolardan biriga yo‘l qo‘yganini siz ham payqagandirsiz? Hozirda «yashil robotchali» gadjetlar ishlab chiqarish bo‘yicha mazkur korporatsiya dunyoda yetakchi bo‘lsa-da, aynan ularning operatsion tizimi bo‘yicha Google qoidalariga bo‘ysunishga majbur.

O‘QING: Samsung haqida siz bilgan va bilmagan faktlar!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!