Android’da ilovalarga parol qo‘yish uchun 5 dastur

  •   DiMaX
  •  6055
  •  28.04.2017 11:03

Android’da ilovalarga parol qo‘yish uchun 5 dastur

Smartfoningizda faqat o‘zingizga atalgan, «o‘ta shaxsiy» ilovalar va rasmlar, videolar bor-a? Ularga boshqalar kirib ko‘rmasligi uchun, parol bilan cheklab qo‘ysa bo‘ladi. Quyida keltirilayotgan bloklovchilar aynan siz ko‘rsatgan ilovanigina parollab qo‘yish imkoniga ega.

1. App Lock

Eng sodda cheklovchilardan biri – ortiqcha sozlama va funksiyalardan xoli. Biror ilovaga kirishni uch xil yo‘l bilan himoyalay oladi: parol yordamida; barmoq izi orqali (qurilmada tegishli skaner mavjud bo‘lsa) va grafik kalit bilan. Yana bu ilovada qayta bloklash taymerini qo‘yish imkoni ham mavjud.

App Lock’ning bepul versiyasida reklama bor, undan qutulish uchun esa bir martalik to‘lovni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Ilovani mana bu havola orqali yuklab olish mumkin.

2. App Locker

Oldingi cheklovchi singari, App Locker ham bu toifadagi oddiy dasturlar qatoriga kiradi. U ham uchta usul: parol, barmoq izi (skaner bor bo‘lsa) va grafik kalit bilan ilovalarga kirishni cheklay oladi. Interfeysining ranglar sxemasini almashtirish mumkin.

App Locker’ning bepul versiyasini Google Play’dan mana bu ilova orqali o‘rnatish mumkin. Uning blokirovka ekranida reklama chiqib turadi. Bundan xalos bo‘lish uchun esa uning pulli versiyasini xarid qilishingizga to‘g‘ri keladi.

3. Hexlock

Hexlock ham ilovalarga kirishni shu uchta yo‘l bilan himoyalaydi. Bundan tashqari, mazkur bloklovchida profillar opsiyasi mavjud; undagi profillar esa turli dasturlarning himoyasini boshqarish uchun ularni guruhlash imkonini beradi.

Oxirgi yangilanishlar Hexlock’ning imkoniyatlarini kengaytirgan. Unda rasmlar va videolarni saqlash uchun himoyalangan joy ajratilgan. Unga qo‘shilgan mediafayllar faqat Hexlock ichida, cheklovni ochgandan keyingina ko‘rinadi.

Shuningdek, ishlab chiquvchilar unga shubhali faollikni monitoring qilish bo‘limini ham kiritishgan. Bu yerda dasturlarning himoyasini ochishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinish paytida smartfon old kamerasidan olingan suratlar va ularning vaqti aks ettiriladi.

Ilovaning yana blokirovka ekranining fonini sozlash, himoyani ochishga qayta urinish uchun taymer o‘rnatish kabi qo‘shimcha funksiyalari ham bor.

Hexlock’ning mana bu yerdan olib o‘rnatiladigan bepul versiyasi ichida va har gal ilovalarni blokdan chiqarishda reklama ko‘rsatiladi. Pulli versiyasida esa reklama yo‘q.

4. AppLock

Ilovalarni parol va grafik kalit bilan himoyalashdan tashqari, AppLock fotosuratlar va videolavhalar uchun saqlagich vazifasini ham bajaradi. Ularga kirish uchun, albatta, ilovani blokdan chiqarish talab etiladi. Shuningdek, Hexlock’dagi singari, bu dasturda ham himoyalanadigan ilovalar guruhlarini tezkor boshqarish uchun profillarni sozlash ham mumkin.

Yuqoridagilardan tashqari, AppLock hatto Wi-Fi, Bluetooth va avtomatik sinxronlashni o‘chirib-yoqish tugmachalarini ham himoyalay biladi. Yana unda xavfsizlikning kengaytirilgan sozlamalari mavjud. Masalan, himoyalangan ilovani ochishga urinishda ekranga tizim xatoligi haqida xabar chiqarish, AppLock belgichasini ko‘rinmaydigan qilib qo‘yish va parolni kiritishda ekrandagi raqamlarning o‘rnini muntazam almashtirib turish kabilar.

AppLock’ning bepul versiyasida ham reklama mavjud, uni mana bu yerdan yuklab olish mumkin.

5. Vault

Mazkur to‘plamdagi ilovalar orasida eng ko‘p funksiyalarga ega cheklovchi. Vault ilovalarni parol yordamida himoyalaydi hamda mediafayllardan tashqari yana kontaktlar va SMSlarni ham yashirin saqlaydi. Xavfsizlik yanada kuchli bo‘lishi uchun, o‘ziga ishonib topshirilgan ma’lumotlarning zaxira nusxasini «bulut»da saqlay oladi. Dasturning yana ichki brauzeri ham mavjud, unda veb-xatcho‘plarni (veb-zakladkalarni) begona ko‘zlardan muhofazalagan holda saqlash va ko‘rish mumkin.

Tabiiyki, Vault’ning ham bepul versiyasi tegishli cheklovlarga ega va reklamaga to‘la. Ammo unda premium-rejimga pulli obuna mavjud. Obuna bo‘lgan foydalanuvchilarga e’lonlar ko‘rsatilmaydi hamda qo‘shimcha funksiya va bonuslar taqdim etiladi. Masalan, «bulut»da ko‘proq joy, Vault belgichasini yashirish imkoni, blokni ochishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishlarda kamerani ishga tushirish kabi.

Vault ilovasini ushbu havola orqali olib o‘rnatsa bo‘ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!