Android-qurilmalar egalariga xushxabar bor!

  •   DiMaX
  •  3895
  •  14.12.2019 13:56

Android-qurilmalar egalariga xushxabar bor!

Google kompaniyasi o‘z mobil operatsion tizimining barcha yangilanishlarini takomillashtirish ustida ishlamoqda. Yaqin orada qurilmalar foydalanuvchi uchun sezilmaydigan tarzda, fon rejimida yangilanadigan bo‘ladi.

O‘QING: O‘zbekistonda Android hamda iOS'ning ulushi qanchani tashkil qiladi?

Hozirgi kunda Android yangilanishlarining o‘rnatilishi birmuncha ko‘p vaqtni oladi. Gap shundaki, apdeyt installyasiyasi jarayonida operatsion tizim Dalvik virtual mashinasining keshini tozalaydi, keyin esa ilovalarning to‘g‘ri ishlashi uchun hammasini boshqatdan o‘rnatib chiqadi. Bu vaqt mobaynida gadjetning ekranida yangilanish o‘rnatilayotgani haqidagi ma’lumotdan boshqa hech narsa aks etmay turadi, biror ilovani yoki funksiyani ishga tushirib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, yangilanish yakuniga yetganidan so‘ng devaysni o‘chirib-yoqish hamda parol, pin-kod, barmoq izi yoki boshqa usul bilan tizimni qulfdan chiqarish kerak bo‘ladi.

Endi esa Google o‘z mobil operatsion tizimiga Resume on Boot funksiyasini qo‘shyapti; bunda tizim yangilanishi amalga oshayotgan paytda ham foydalanuvchi ilovalarni ishlata oladi. Shuningdek, apdeyt o‘rnatilib, tizim fayllari almashtirilib bo‘lgach, qayta avtorizatsiyadan o‘tish ham talab etilmaydi.

O‘QING: Istalgan smartfonda Android avtomatik yangilanishini o‘chirib qo‘yishning eng oson ikkita yo‘li

Mazkur texnologiyaning amalga oshirilishi quyidagicha kechadi: tizim ishlash uchun kerakli ma’lumotni xotiraning vaqtinchalik bo‘limida ushlab turadi, apdeyt o‘rnatilganidan so‘ng esa o‘sha bo‘limni o‘chirib yuborib, foydalanuvchini yangilangan ma’lumotlarga ulaydi.

Taxminlarga ko‘ra, Resume on Boot funksiyasi 2020 yilning yozi so‘ngida yoki kuzida chiqadigan Android 11 talqinida joriy etiladi. Google u haqda har yili dasturchilar uchun tashkillashtiriladigan I/O konferensiyasida rasman gapirib bersa kerak.

Shuningdek, Resume on Boot funksiyasi Android tizimining nisbatan oldingi versiyalarida ham paydo bo‘lishidan umid qilish mumkin. Hozircha esa Google uni to‘rtinchi avlod Pixel smartfonlarida testdan o‘tkazib ko‘rmoqda.

O‘QING: Tadqiqot: Qaysi smartfonlar eng uzoq vaqtgacha operatsion tizimi yangilanib turadi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!