«Android-smartfonlar qiroli» – Xiaomi Mi 11 Pro taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  1483
  •  30.03.2021 09:09

«Android-smartfonlar qiroli» – Xiaomi Mi 11 Pro taqdim etildi!

Xiaomi kecha – 29 mart kuni o‘zining mega-taqdimotini flagman smartfoni – Mi 11 Pro anonsi bilan boshladi. Kompaniyaning o‘zi «Android-smartfonlar qiroli» deya maqtagan ushbu qurilma dizayni standart Xiaomi Mi 11 modeliga o‘xshash bo‘lsa-da, undan ham ancha kuchli chiqqan.

O‘QING: Eng ko‘p qaysi smartfonlarning qalbakilari chiqyapti? (AnTuTu reytingi, 2021 yil fevral)

Birinchi navbatda Xiaomi Mi 11 Pro korpusi chang va suv kirishidan ko‘ra himoyalangan – 1.5 metrlik suv ostida 30 daqiqagacha jon saqlay oladi. Bu – mazkur kompaniyaning IP68 sertifikatsiyasini olgan ilk smartfonidir.

Standart Xiaomi Mi 11 flagmanida akkumulyatorning tok sig‘imi 4600 mA/soatlik bo‘lsa, Pro-versiyasida bu ko‘rsatkichni 5000 mA/soatga chiqarishgan. Batareya simli usulda ham, simsiz usulda ham bir xilda – 67 vattlik quvvat olishga qodir va atigi 36 daqiqada noldan 100% gacha zaryadlanib ulguradi.

Smartfonning qadog‘ida quvvatlagich mavjud emas, lekin Mi 11 Pro xaridori talab qilsa, kompaniya uni bepul qo‘shib beradi. Zaryadchik bo‘lmasa-da, qurilmaning qutisiga ekran uchun himoya shishasi va silikon g‘ilof solingan.

Darvoqe, Mi 11 Pro telefonining korpusi standart flagmannikidan qalinroq va og‘irroq chiqqan.

Mi 11 Pro modelining standart flagmandan yana bir muhim farqi kameradadir – garchi bunda ham uchtalik bo‘lsa-da, boshqa datchikamlar qo‘llangan. Asosiy sifatida 50 megapiksellik ISOCELL GN2 sensori tanlangan – Xiaomi hamda Samsung uning ustida bir yarim yil mobaynida birga ishlashgan (mazkur datchik ilk bor shu smartfonda qo‘llangan). Optik formati 1/1,12 dyuymlik bu modul 100 megapiksellikkacha fotosuratlar tushirishga, 4K/8K formatida video hamda 1920 kadr/soniya tezligida sekinlashtirilgan roliklar olishga qodir. Datchik yirik – 1,4 mkm o‘lchamli piksellarga ega va ularni 2,8 mkm. o‘lchamigacha birlashtira oladi. Ushbu kamera tasvirni optik barqarorlashtirish tizimi hamda sakkizta elementdan tuzilgan ob’yektiv bilan boyitilgan. Bulardan tashqari, unga o‘ta tez fokuslash uchun javob beruvchi Dual Pixel Pro texnologiyasi ham joriy etilgan.

Bosh kamera jamlanmasidagi ikkinchi sensor 13 megapiksellik aniqlikda bo‘lib, o‘ta keng burchakli (ko‘rish burchagi 123 darajali) ob’yektiv bilan taqdim etilgan. Uchinchi – 8 MPlik periskopik kamera esa teleob’yektiv, 5 karralik optik va 50 karralik raqamli zum bilan ta’minlangan.

Mi 11 Pro modelining yana bir o‘ziga xosligi displeyida: garchi u ham 6.81 dyuymlik AMOLED-matritsali, 2K formatli va 120 Gs chastotali bo‘lsa-da, Dolby Vision texnologiyasiga ega – bunisi umuman smartfonlarda ilk bor qo‘llangan.

Pro-versiyali flagmanning qolgan xususiyatlari standart Xiaomi Mi 11 modeliniki bilan bir xil: 5 nanometrlik Snapdragon 888 chipi, 5G-modem, 8/12 GBlik (LPDDR5) tezkor va 128/256 GBlik (UFS 3.1) doimiy xotira, NFC, Wi-Fi 6E, infraqizil port, Gorilla Glass Victus himoya shishasi, 20 MPlik old kamera va Harman Kardon stereodinamiklari.

Xiaomi ushbu devaysini yaqin kunlar ichida o‘z yurtida, uch xil rangli va uch xil xotira konfiguratsiyali modifikatsiyalarda sota boshlaydi:

  • Xiaomi Mi 11 Pro 8/128 GB — $760
  • Xiaomi Mi 11 Pro 8/256 GB — $810
  • Xiaomi Mi 11 Pro 12/256 GB — $870

Afsuski, kompaniya bu smartfonini global bozorga chiqarmoqchi emas.

O‘QING: 108MP kamerali Xiaomi Mi 10S global bozorga xitoychasidan kuchli bo‘lib chiqyapti!