Android-smartfonlarning uchta asosiy muammosi

  •   DiMaX
  •  2491
  •  06.05.2017 17:49

Android-smartfonlarning uchta asosiy muammosi

Keng tarqalgan bu operatsion tizimning afzalliklari xususida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Ammo Android’da ishlovchi smartfonlarning aksariyatida uchraydigan kamchiliklar borasidagi bahslar ham qizg‘in. Tan olish kerak: kamchiliklar yetarlicha va ular hal etilishga muhtoj.

Xullas, bugun «yashil robotchali» qurilmalardagi uchta asosiy muammoga to‘xtalib o‘tamiz.

Qobiqlar

Android bitta, ammo turli ishlab chiqaruvchilar uni o‘z smartfonlarida turlicha qobiqlar bilan taqdim etishadi. Hatto, smartfonsozlar kimning qobig‘i yaxshiroq chiqishi borasida musobaqa o‘ynayotgandek ham tuyuladi. Ha, ayrim firma launcherlarini ko‘rib chiqqanda, kishining xayoliga ayni shu o‘y keladi.

Beshta ish stolini vidjetlarga to‘ldirib tashlash, qo‘ng‘iroqlar menyusining hamda ekran klaviaturasining noqulayligi kabilar «androidofon» hayotidagi yoqimsiz jihatlardir. To‘g‘ri, chet launcherlarni o‘rnatib olish ham mumkin, lekin ishlab chiqaruvchilar foydalanuvchiga loaqal «tug‘ma» operatsion tizim bilan o‘zining qobig‘i orasidan bittasini tanlashga imkon qoldirmasligi – kamida adolatsizlik, axir.

Hamma narsani o‘ziga moslashtirish uchun qaytadan proshivka o‘rnatishni yaxshi ko‘radiganlar bor, ular uchun smartfonning noqulay interfeysi muammo emas. Ammo o‘rtacha foydalanuvchilar devayslardan soddalikni va qulaylikni istashadi.

Quvvat

Android’ning energiya sarflashdagi «ochofat»ligi borasida turfa tanqidlar, latifalar, karikaturalar ko‘p. Ammo bu muammo hal etilmasdan, dolzarbligicha turibdi.

Sensor ekranlar davri boshlanishi bilan foydalanuvchilar bitta haqiqatga ko‘nikishdi: telefonlar endi, afsonaviy Nokia 1100 kabi, batareyasini bitta to‘ldirgan bilan bir hafta ishlamaydi. Lekin har narsaning ham chegarasi bo‘lishi kerak-da!

To‘g‘ri, batareyasi baquvvat smartfonlar ham bor, ammo ular alohida masala.

Ommaviylik

Android tizimida ishlovchi yangi telefon modellari har haftada taqdim etilyapti. Smartfonsozlar o‘z qurilmalarini bir nechta toifada chiqarish imkoniyatiga egalar: hamyonbop, o‘rta sinf, flagman, ayollarga moslangan va hokazo.

Bu kabi turfa talqinlarda kuniga bir necha minglab smartfon sotilishi Google’ga ham yaxshigina daromad keltiradi. Shuning uchun ham sal eskirgan modellarning operatsion tizimini yangilashga uning aytarli xushi yo‘q. Axir, sobiq flagman uchun yangilanish taqdim etilmagach, foydalanuvchi ham uni qo‘yib, yana yangi smartfon olgisi keladi-da! Bu holat esa, ishlab chiqaruvchilar bilan birga, Google’ning ham cho‘ntagini qappaytiradi, axir.

Yana bir jihati – shu paytgacha ishlab chiqarilgan har xil modeldagi telefonlarning barchasi uchun yangilangan operatsion tizimlarni chiqarishning amalda imkoni ham yo‘q – modellar soni juda-juda ko‘p.

Xo‘sh, sizningcha, Android-smartfonlarning yana qanday muhim kamchiliklari bor?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!