Android-smartfonni sotishga tayyorlaymiz

  •   DiMaX
  •  2341
  •  01.02.2017 17:00

Android-smartfonni sotishga tayyorlaymiz

Har yilda bir marta, ayrimlar uchun esa undan ham qisqa muddatlarda yangi smartfon xarid qilish bugungi kunda odatiy hol bo‘lib qolgan. Bunda eski qurilmani, odatda, biror yaqiningizga berasiz yoki sotib yuborasiz.

Ammo bundan oldin uni yaxshilab tozalash kerak; bu yerda sirtini artib-yuvish emas, balki «ichini» – xotirasi va dasturiy ta’minotini ortiqcha narsalardan xalos etish, ichida shaxsiy ma’lumotlaringizni qoldirmaslik haqida gap ketyapti.

Quyida shuni qay tartibda qoyilmaqom tarzda amalga oshirish xususida so‘z yuritamiz.

1-qadam. Muhim ma’lumotlarning zaxira nusxasini yarating

Mobil qurilmalardan faol foydalanuvchilar gadjetning xotirasini shaxsiy fotosurat va videolavhalari, hujjatlar, yozishmalar, qaydlar, kitoblar va boshqa muhim ma’lumotlari bilan to‘ldirib tashlashadi. Ulardan ajralib qolish yaxshi emas, albatta, ayrimlari esa birovlarning qo‘liga tushmagani ham ma’qul. Shu bois birinchi navbatda o‘shalarni bexavotir joyga ko‘chirib olib qo‘yish kerak. Buni amalga oshirish yo‘llari ko‘p, ammo quyidagi usuli ko‘pchilikka ma’qul keladi:

  1. Smartfoningizdagi manzillar kitobchasini, kalendar va pochtangizni Google’ning tegishli servislari bilan sinxronlang. Bu – ularni Android tizimidagi yangi qurilmangizga ko‘chirib o‘tkazishning eng oddiy usulidir.
  2. Gadjetingizdagi dasturlarning va ular ma’lumotlarining zaxira nusxalarini yarating. Buning uchun keng tarqalgan Titanium Backup ilovasi yoki qo‘shimcha tarzda SMS-xabarlaringiz, qo‘ng‘iroqlar tarixi, lug‘at va xatcho‘p (zakladka)laringizning ham zaxira arxivi – bekapini yaratuvchi Easy Backup & Restore ilovasi qo‘l keladi. Arxivni smartfoningizga qo‘yilgan tashqi xotira SD-kartasida yoki «bulutli» servisda saqlash mumkin.
  3. Smartfonni kompyuterga ulab, uning ichki xotirasi hamda fleshkasidagi musiqalar, videolavhalar, fotosuratlar va boshqa kerakli fayllaringizni ko‘chirib o‘tkazing.

2-qadam. Xotira kartasini tozalash

Agar siz SD-kartasini ham telefonning o‘zi bilan birga sotishni (yoki hadya etishni) rejalashtirgan bo‘lsangiz, unda hech qanday ma’lumotingiz qolmasligini ta’minlang. Tabiiyki, buni yuqorida – birinchi qadamda ko‘rsatilgan tavsiyalarni bajarganingizdan keyin amalga oshirasiz – fleshka ichidagi hamma narsani quyidagicha o‘chirasiz:

  1. Qurilma sozlamalarini ochasiz.

  1. Xotirani ko‘rsatuvchi «Pamyat» bo‘limiga kirasiz.

  1. Fleshkani tozalash uchun «Ochistit SD» bandini tanlaysiz.

Ammo bu oddiy yo‘l – tizimning o‘zidagi vositalar bilan o‘chirilganda, karta butkul tozalanmaydi. Kimdir istasa, u yerdan siz o‘chirgan fayllarni keyinchalik maxsus dasturlar yordamida qayta tiklashi mumkin. Shuning uchun xotira kartasini bir necha bosqichda o‘chiradigan maxsus dasturlardan biri orqali tozalash ishonchliroq. Masalan, Secure Wipe kabi dasturlar axborotni qayta tiklashga imkon qolmaydigan qilib o‘chiradi.

3-qadam. Dastlabki sozlamalariga qaytarish yoki qayta proshivka qilish

Bunisi o‘ta muhim qadam, shu bois mazkur bosqichga o‘tishdan avval barcha ilovalaringiz, hujjatlar, parollar, xabarlar, sozlamalar va boshqa kerakli narsalaringizning zaxira nusxalarini boshqa joyda saqlab qo‘yganingizga aniq ishonch hosil qilishingiz shart. Ushbu operatsiyadan keyin smartfon xuddi zavoddan yangi chiqarilgan paytidagidek holatga kelib qoladi.

Xullas, ketdik…

  1. Smartfon sozlamalarini oching.

  1. «Vosstanovleniye i sbros» bo‘limiga o‘ting.
  2. «Sbros nastroyek» bandini tanlang.

  1. Endi ogohlantiruv oynachasi chiqadi, unda telefondagi mavjud ma’lumotlarning barchasi o‘chib ketishi haqida xabar bo‘ladi va bunga roziligingiz so‘raladi. Tasdiqlash uchun «Sbrosit nastroyki telefona»ni tanlaysiz va shu bilan smartfonni dastlabki holatiga qaytarish jarayoni boshlanadi.

Ba’zi foydalanuvchilar o‘z qurilmalariga boshqa biror norasmiy proshivkani o‘rnatib olishadi. Agar sizda ham shunaqa bo‘lsa, u holda smartfoningizni olayotgan kishiga bu haqda aytganingiz ma’qul. Balki unga ham ayni shu proshivka ma’qul kelar, bunda faqat yuqorida ko‘rsatilganidek qilib – sozlamalarini dastlabki holatiga keltirib qo‘yaverasiz.

Bordiyu yangi egasi smartfonni ishlab chiqaruvchisining proshivkasi bilan ishlatishni ma’qul ko‘rsa, unda qurilmaga o‘zining rasmiy ROM’ini internetdan olib o‘rnatishingizga to‘g‘ri keladi. Qanday o‘rnatishni o‘rgatish shart emasdir – norasmiy proshivkani o‘rnatib ko‘rgan bo‘lsangiz, buni ham uddalaysiz, albatta. Biror anglashilmovchilik yuzaga kelsa, kerakli ma’lumotni tegishli saytlardan, forumlardan olishingiz mumkin.

Xo‘sh, qadrdon bo‘lib qolgan smartfoningizni sotish yoki hadya etish oldidan «top-toza» qilishga endi tayyormisiz?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!