Android-smartfonni viruslardan himoyalaymiz

  •   DiMaX
  •  1153
  •  14.12.2017 12:33

Android-smartfonni viruslardan himoyalaymiz

Mobil operatsion tizimlar muhitida ishlovchi turli ziyonkor dasturlar bugungi kunda juda ko‘p ishlab chiqilmoqda, ayrimlari hatto Google Play’ga ham yetib kelgan. Shu bois ham planshet yoki smartfonga ilova o‘rnatayotib, ehtiyotkor bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: Android uchun eng zo‘r 8 ta antivirus

To‘g‘ri, antiviruslar orqali qurilmalarimizni zararli dasturlardan himoyalashimiz mumkin, ammo ularning yaxshi samara beradiganlari odatda pulli bo‘ladi. AndroidInsider nashri esa antivirus o‘rnatmasdan turib ham smartfonni virusdan muhofaza etishning ayrim yo‘llarini e’lon qilgan.

Faqat Google Play orqali!

Yodda tutish bo‘lgan eng muhim jihat – HECh QAChON qidiruv tizimlari yordamida topilgan havolalar orqali mobil qurilmangizga ilova ko‘chirib olmang. Google yoki «Yandeks» algoritmlari ba’zi hollarda soxta dasturlarni qidiruv natijalarining yuqori o‘rinlariga chiqarib qo‘yishi hollari uchrab turadi. Bu esa, o‘z navbatida, xunuk oqibatlarga olib keladi – o‘sha yerdan olib o‘rnatilgan ilovalar biror zararli kodga ega bo‘lib chiqadi.

Troyan va boshqa turdagi viruslarning Google Play’ga kirib olishi ehtimol esa baribir ancha past. Shu bois ham smartfon yoki planshetingizga ilovalarning rasmiy do‘koni – Google Play’dangina dastur o‘rnatish qoidasiga amal qiling.

Ruxsatlarni kuzatib boring

Android Marshmallow talqinidan boshlab joriy etilgan ruxsatlar tizimi ilovalar smartfonning u yoki bu funksiyasiga tegishini cheglashga qaratilgan. Ammo amalda buni hamma ham bilavermaydi, shu bois yangi o‘rnatilgan dastur so‘ragan barcha narsaga ruxsat berib yuboraverishadi. Yangi o‘rnatilgan dasturlar esa qurilmangizdan turli ma’lumotlarni olishi mumkin – shaxsiy yozishmalaringizdan tortib joylashuv o‘rningizgacha.

Shu bois, ilovalar o‘rnatayotib yoki ulardan foydalanayotib, uning nimalarga ruxsati borligiga e’tiborli bo‘ling.

Ota-ona nazoratini sozlang

Ko‘pincha smartfon yoki planshetdan bolalar foydalangan hollarda ularga virus va troyanlar tushishi aniqlangan. Ziyonkor dasturlar tushib qolishining oldini olish maqsadida, qurilmangizda ota-ona nazorati rejimini sozlab qo‘ying va uni bolaga berayotib, shu rejimga o‘tkazing.

Buning uchun Google Play’ga kirib, uning sozlamalari – «Nastroyki»ni ochasiz va «Ota-ona nazorati» («Roditelskiy kontrol») bo‘limiga o‘tasiz. Shu tariqa, bolakay bilib-bilmay biror zararli ilovani yuklab olishining hamda boshqa ko‘ngilsiz holatlarning oldini olasiz.

Zaxira nusxasini saqlang

Smartfondagi ma’lumotlarning zaxira nusxasini «bulutli» servisda saqlab qo‘yish Apple mahsulotlari sohiblari orasida keng tarqalgan, ammo Android-qurilmalar egalari ko‘pincha bunga e’tibor berishmaydi. Aksariyat hollarda buni ortiqcha ish, deb hisoblashadi yoki vaqt va trafik sarflashga arzimaydi, deb o‘ylashadi. Biroq qandaydir yo‘l bilan qurilmangizga zararli dasturiy ta’minot tushib qolsa va barcha ma’lumotlarni o‘chirib yuborsa  – ahvol chatoq. Shunday paytlarda ma’lumotlaringizni tiklash uchun sizga aynan «bulutli» servisda saqlab qo‘yilgan zaxira nusxalar yordam bera oladi.

Zaxira nusxasini saqlash funksiyasini faollashtirish uchun qurilmangiz  sozlamalari – «Nastroyki»ni ochasiz, «Boshqalari» («Drugiye») bandidagi «Zaxira nusxalash va tiklash» («Rezervnoye kopirovaniye i vosstanovleniye») bo‘limiga, undan esa «Ma’lumotlarni zaxira nusxalash» («Rezervnoye kopirovaniye dannix») qismiga kiring.

Xo‘sh, yuqoridagi tavsiyalarga amal qilasizmi, yoki antivirus o‘rnatib olasizmi?

O‘QING: Android uchun bepul antiviruslar

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.