Android tizimiga viruslar nega tushadi va ulardan qanday qutulamiz?

  •   DiMaX
  •  3626
  •  21.12.2017 17:45

Android tizimiga viruslar nega tushadi va ulardan qanday qutulamiz?

Biror qurilmamizning to‘g‘ri ishlashiga xalaqit beruvchi, uni ishdan chiqaruvchi dasturiy ta’minotlarni bitta so‘z bilan «virus» deyishga odatlanganmiz. Biroq ular haqida ko‘pchiligimiz faqat umumiy tasavvurga egamiz, xolos.

Shuni inobatga olib, Android operatsion tizimiga tushishi mumkin bo‘lgan viruslarning turlari, ularning zararlari, ziyonkor dasturlarni farqlash, ulardan qutulish va himoyalanish borasidagi lo‘nda ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etayotirmiz.

VIRUSLAR NIMA QILIShI MUMKIN?

  1. Telefon raqamingiz hisobidan pul o‘g‘irlaydi

Ko‘pincha viruslar sizga bildirmasdan, pulli raqamlarga qo‘ng‘iroq qiladi va SMS-xabarlar yuboradi. Bu hol toki SIM-kartangiz hisobida mablag‘ tugagunicha davom etadi.

  1. Ma’lumotlarni o‘g‘irlaydi

Ayrim viruslar qurilma egasining internet-banklar parollarini yoki bank kartasi ma’lumotlarini firibgarlarga yuborib turadi. Boshqalari esa bildirmasdan kamerani yoki diktofonni yoqadi, yo bo‘lmasa gadjetning xotirasidagi fayllarni jo‘natadi.

  1. Gadjetning me’yoriy ish faoliyatini buzadi

Bular ko‘pincha tovlamachi-banner ko‘rinishida bo‘lib, qurilmadan foydalanish uchun biror hisobga pul o‘tkazishni talab etib ekranga chiqib turaveradi.

O‘QING: Yangi turdagi virus hatto smartfonni portlatishga qodir!

VIRUSLARNING KO‘RINIShI QANDAY?

Viruslar odatda zararsiz ilova yoki fayl ko‘rinishida niqoblangan bo‘ladi: brauzer, pleyer, o‘yin, navigator, kitob yoki hatto antivirus.

Ular ikki turga bo‘linadi:

  1. Soxta fayl – biror taniqli ilovaning nomi va belgichasi ostidagi fayl, ammo ichida faqat ziyonkor kod bo‘ladi. Viruslarning aksariyati aynan shunday turga mansub.
  2. Troyan – oddiy ilovaning ichiga ziyonkor kod kiritilgan bo‘ladi va u shu ilovaning o‘zi bilan birga ishlaydi.

Odatda viruslar qurilma xotirasidagi «Download» jildiga o‘rnashib oladi. Ular xuddi ilovalarning o‘rnatiluvchi fayli ko‘rinishida – «apk» kengaytmasi ostida bo‘ladi.

«Download» jildidagi «apk» kengaytmali virus fayllari

SMARTFON YoKI PLANShETGA VIRUSLAR QANDAY TUShADI?

  1. Firibgarlar ko‘pincha viruslarni quyidagi yo‘llar orqali tarqatishadi: «kattalarga mo‘ljallangan» saytlar, «oson pul topishni o‘rgatuvchi» bloglar, torrent-trekerlar va hokazo.

Tasavvur qiling, siz internetda qandaydir o‘yin, film yoki dasturni izlayotib, allaqanday forumga kirib qolasiz. U yerda kimdir o‘sha faylni yuklab olish uchun havola qoldirgan va boshqa hamma unga minnatdorchilik bildirib izoh yozayotgan bo‘ladi.

«Bepul Navitel»ni yuklab olish mumkin bo‘lgan «Forum»

Aslida esa, ushbu forum qalbaki, unda yozishayotgan barcha a’zolar – to‘qima bo‘lib, ularning maqsadi – kirib qolganlarni shu faylga ishontirishdir.

Yoki bo‘lmasa, biror saytga kirsangiz, «qalqib chiquvchi» oynada xabar paydo bo‘ladi. Unda sizning smartfon/planshetingizga virus tushganligi aytib ogohlantiriladi va «Mana bu bepul antivirusni yuklab olish» taklif etiladi. Yoki biror dastur eskirganligi aytilib, uni «Mana bu havola orqali yangilamasa, hammasi o‘chib ketadi», deya ogohlantiriladi. Ba’zi hollarda hatto qurilmangiz vibratsiyasi ishga tushib, g‘alati tovushlar ham chiqaradi.

«Virus topilgani haqida»gi qalqib chiquvchi xabar

Bu kabi xabarlarning vazifasi – sizni vahimaga solish va xabardagi havolani yoki tugmachani bosishga ko‘ndirishdir.

  1. SMS, MMS va elektron pochta orqali tarqatiladi

«Tanishuv saytidagi qiz»dan kelgan SMS, «Germaniyadagi notarius»dan kelgan (notanish amakidan falon million dollar meros qolganligi haqidagi) elektron maktub – bular bir qarashda bezarar, shunchaki reklamaga o‘xshab ketadi. Biroq bu kabi xabarlarning barchasida havolalar mavjud bo‘lib, firibgarlar uchun ularni bosishingiz zarur.

Firibgarlik xabari

Yuqoridagi holatlar – shunchaki misollar bo‘lib, hozirda firibgarlar ko‘plab boshqa usullarni ham o‘ylab topishmoqda. Bu kabi xabarlarning yagona maqsadi – undagi havolani (tushmachani) bosishga sizni undashdir. Bosdingizmi – tamom: qurilmangizga virus ko‘chirila boshlaydi.

Yuqori chap burchakdagi belgicha
virusning ko‘chirila boshlaganini ko‘rsatadi

 

Ammo virusning ishga tushib ketishi uchun uni yuklab olishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi, uni hali o‘rnatish ham kerak. Odatda viruslar, yuqorida ta’kidlaganimizdek, «Download» jildida «apk» kengaytmali fayl ko‘rinishida turadi.

Agarda virus faylining ustiga bossangiz, u o‘rnatila boshlaydi, ya’ni, unga beriladigan ruxsatlar ro‘yxati chiqadi. Yodda tuting: ruxsatlar – shu ilova o‘rnatilganidan keyin qaysi amallarni bajara olishiga siz berayotgan rozilikdir.

Virusning ruxsatlari ro‘yxati

Agar o‘rnatishni tasdiqlovchi «Ustanovit» tugmachasini bossangiz tamom – virus qurilmangizga o‘rnashib oladi va siz yuqorida o‘qib ham o‘tirmasdan ruxsat berib yuborgan ro‘yxatdagi amallarni bajarishga tushadi.

VIRUSNI ZARARSIZ ILOVADAN QANDAY FARQLASh MUMKIN?

Ko‘pchilik viruslar noprofessional dasturchilar tomonidan tuziladi, ular noqonuniy yo‘llar bilan tezroq pul ishlab olishni istashadi. Shuning uchun ham bunday viruslarning standart belgilari – SMS-xabarlar yuborishga yoki qo‘ng‘iroqlar qilishga ruxsat so‘rashidir. U qurilmangizga o‘rnashib olishi bilan pulli xabarlar yuborishni, pulli raqamlarga qo‘ng‘iroq qilishni boshlaydi.

Mana, quyida ayrim misollarni suratlari bilan ko‘rib chiqamiz. Ularda chap tomondagi suratlarda Google Play marketidan o‘rnatiladigan haqiqiy ilovaning, o‘ngdagi suratlarda esa – biror saytdan ko‘chirib olingan, mana shu ilova nomi ostida yashirilgan virusning so‘raydigan ruxsatlari aks ettirilgan:

Doktor Veb antivirusi

 

 

Yandeks Navigator

 

Gapiruvchi mushuk Tom

 

Albatta, qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga ruxsat so‘raydigan ilovalarning hammasi ham virus emas. Shuningdek, viruslarning hammasi ham pulli funksiyalarga ruxsat so‘rayvermaydi.

Agarda firibgarlar sizning kamerangiz orqali josuslik qilishni istasalar – ular yaratgan virus kameradan foydalanishga ruxsat so‘raydi.

Agarda ularga fayllaringiz kerak bo‘lsa – virus qurilma xotirasini ko‘rishga va internetga ulanishga ruxsat so‘raydi.

Agar ekranni banner bilan bloklamoqchi bo‘lishsa – virus ma’mur (administrator) huquqini so‘raydi.

Ayrim viruslar esa hatto o‘rnatish jarayonida ruxsatlarni yashirishni ham eplaydi.

Sifatli yasalgan viruslarni tanib olish ham qiyin – buning uchun ilovaning chiqish kodini ko‘rish, yoki virusni qurilmaga o‘rnatib turib, undan loglarni (harakatlari jurnalini) olish va tekshirib chiqish kerak bo‘ladi. Bu esa maxsus mutaxassislik malakalarini hamda jihozlarini talab etadi. Baxtimizga, bunaqa viruslar kam uchraydi.

Oddiy foydalanuvchilar uchun esa quyidagi ikki omilni eslab qolish va ehtiyotkorlik qilish kifoya:

Agar ilova qandaydir tushunarsiz saytdan ko‘chirib olingan bo‘lsa hamda pulli funksiyalarga ruxsat so‘rasa – 99 foizlik ehtimol bilan u virus bo‘lishi mumkin.

SMARTFON YoKI PLANShETNI VIRUSLARDAN QANDAY HIMOYaLASh MUMKIN?

  1. Ilovalarni faqat Google Play ilovalar do‘konidan o‘rnating va ularni tanlashga jiddiy yondashing.

Oddiy foydalanuvchi odatiy ilovadan virusni farqlashi juda mushkul. Shuning uchun ham Google kompaniyasi xavfsiz ilovalarning katalogi – Google Play marketini tashkil etgan.

Biror ilovani Google Play’ga qo‘shishdan oldin, kompaniya unda ziyonkor kod yo‘qligini tekshiradi. Ilovalarni faqat shu katalogdan olib o‘rnatadigan foydalanuvchilar turli saytlar va forumlardan ko‘chirilgan ilovalarni o‘rnatadiganlardan ko‘ra ko‘proq himoyalangandir. Lekin yodda tuting: hech nima butkul xavfsiz emas, shu bois hatto Google Play’dan o‘rnatayotganda ham ilovaning ruxsatlarini jiddiy ko‘rib chiqing, reytinglariga qarang.

O‘QING: AndroidBozor.uz – TAS-IX’dagi birinchi professional ilovalar do‘koni!

  1. Turli noma’lum havolalar orqali biror joyga o‘tmang, ayniqsa, SMS, MMS yoki elektron pochta orqali kelgan havolalardan ehtiyot bo‘ling.

Firibgarlar hozirda hatto qalbaki telefon raqamlari va elektron pochta manzillari yaratishni ham o‘rganib olishgan. Shu bois virusli havolalari mavjud bo‘lgan xabar yoki xatlar sizning tanishlaringizdan ham kelishi mumkin. Bunday hollarda uni yuborgan tanishingiz bilan telefon orqali bog‘lanib, shunaqa havolasi mavjud bo‘lgan elektron xat yoki xabar yuborgan-yubormaganini so‘rang.

O‘QING: «Taxtlar o‘yini»: spoylerlar xavfli, ochmang!

  1. Qurilmangizni root qilmang va norasmiy proshivkalarni o‘rnatmang.

Agarda smartfoningiz yoki planshetingizda rut huquqni qo‘lga kiritgan bo‘lsangiz, virus hatto tizimdagi ilovalarga ham o‘rnashib ola biladi. Keyin esa toki devaysingizni boshqatdan proshivka qilmaguncha virusdan xalos bo‘la olmaysiz.

  1. Uyali aloqa operatoringiz orqali MMS xizmatini o‘chirtirib qo‘ying yoki qurilmangizda MMS’larni avtomatik qabul qilishni o‘chiring.

Firibgarlar virusni MMS yordamida qurilmaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatishlari mumkin. MMS’larni avtomatik qabul qilishni o‘chirish uchun mana bu amalni bajarasiz:

Soobщyeniya → Opsii → Nastroyki → (Dopolnitelno) → MMS → Avtopolucheniye (Avtozagruzka) → Otklyuchit.

MMS’larni avtomatik qabul qilishni o‘chirish
  1. «Avtoto‘lov» (telefon raqamining hisobidagi pul mablag‘i ma’lum miqdorgacha pasayganida avtomatik to‘ldirish) bank xizmatini ulatmang.

Mabodo qurilmangizga virus tushib qolsa, u pulli raqamlarga SMS-xabar yuborib yoki qo‘ng‘iroq qilib, SIM-kartangizdagi pulni tugataveradi, «Avtoto‘lov» xizmati esa plastik kartangizdan yana raqamingiz hisobiga o‘tkazaveradi. Odatda, bunday hollarda bankdan keladigan SMS-xabarlar bloklanadi va ular sizgacha yetib kelmaydi. Natijada bu jarayon to plastik kartangiz bo‘shab qolgunicha davom etadi.

Foydali maslahat: bankdan va boshqa muhim tashkilotlardan keladigan xabarlarni qabul qilish uchun alohida, hech kim bilmaydigan raqamli SIM-karta hamda uni qo‘yish uchun oddiy tugmachali telefon olib qo‘ying.

SMARTFON YoKI PLANShETDA VIRUS PAYDO BO‘LGANINI QANDAY ANIQLAYMIZ?

Buning universal belgisi yo‘q, hammasi virusga va uning turiga bog‘liq. Ayrimlari o‘rnashib olishi bilanoq o‘zini bildiradi (ekranda banner paydo bo‘lib, qurilmani boshqarish bloklanadi), boshqalari yashirinib yotganicha, zimdan ish qiladi.

Lekin ko‘pchiligi uchun xarakterli belgilar ham mavjud. Masalan, agar quyidagi alomatlarni sezsangiz, smartfoningizga virus tushib olganligi ehtimoli yuqori:

  • Hisobingizdan qo‘ng‘iroqlar yoki SMS-xabarlar uchun ko‘p pul keta boshlaydi;
  • Firibgarlarga pul to‘lashni talab etuvchi banner chiqib qoladi;
  • Notanish dasturlar paydo bo‘ladi;
  • Batareya quvvati juda tez tugay boshlaydi;
  • Tushunarsiz ilovalar tomonidan internet-trafik tez sarflab tugatilaveradi;
  • Qurilmaning ishlashi juda «og‘irlashib» qoladi.

AGAR MENYu OChILADIGAN BO‘LSA, VIRUSNI QANDAY O‘ChIRSA BO‘LADI?

  1. Hisobingizdan pul yechilmasligi uchun SIM-kartangizni undan olib turing.
  2. Wi-Fi orqali internetga ulanib, albatta Google Play’dan biror antivirusni olib o‘rnating.

O‘QING: Android uchun eng zo‘r 8 ta antivirus

  1. Qurilmangizni antivirus bilan tekshirib, topilgan viruslarning barchasini o‘chiring.
  2. O‘rnatilgan shu antivirusni ham o‘chirib tashlang.
  3. Google Play’dan endi boshqa bir antivirusni yuklab olib o‘rnating.
  4. Barcha ilovalardan ma’murlik huquqini olib tashlang. Ulardan birortasidan bu huquqni olish imkoni bo‘lmasa, ilovaning o‘zini o‘chirib tashlang.
  5. O‘rnatilgan dasturlarning barchasini ko‘rib chiqing va o‘zingizga noma’lumlarini o‘chirib tashlang.
  6. Qurilmani o‘chirib-yoqing.
  7. Agarda shundayam ko‘nglingiz xotirjam bo‘lmasa, yoki yuqoridagi usul ish bermasa, u holda gadjetingizning sozlamalarini to‘liq dastlabki holatiga qaytaring. Agarda tizim va ilovalar bilan ishlashda tajribangiz kam bo‘lsa, yuqoridagilarga bosh qotirib ham o‘tirmasdan, birato‘la shu usulni qo‘llaganingiz ma’qul.

O‘QING: Android sozlamalarini dastlabki holatiga qaytarish

  1. Agarda o‘zingiz virusni biryoqli qila olmasangiz, u holda qurilmangizni ishlab chiqargan kompaniyaning servis markaziga murojaat eting.

O‘QING: O‘zbekistondagi Samsung vakolatli servis markazlarining ro‘yxati

AGAR MENYu OChILMASA (TOVLAMAChI-BANNER ChIQSA), VIRUSNI QANDAY O‘ChIRISh MUMKIN

Smartfon ekranidagi tovlamachi-banner

Agarda qurilmangiz ekranida tovlamachi-banner chiqib qolib, uni boshqarib bo‘lmay qolsa, quyidagilarga amal qiling:

  1. Firibgarlar hisobiga pul o‘tkaza ko‘rmang – ular baribir qurilmangizni blokdan chiqarishmaydi.
  2. Hisobingizdan pul yechilmasligi uchun SIM-kartangizni undan olib turing.
  3. Qurilmangizni xavfsiz rejimga o‘tkazib oling. Bunda barcha ilovalar, jumladan viruslar ham bloklab turiladi. Bu rejimga o‘tish haqida quyidagi maqolamizda ma’lumot berilgan:

O‘QING: Siz bilmagan sakkiz Android-ishora

  1. Barcha ilovalardan ma’murlik huquqini olib tashlang.
  2. Noma’lum ilovalarni o‘chirib tashlang.
  3. Qurilmani o‘chirib-yoqing.
  4. Agarda shundayam ko‘nglingiz xotirjam bo‘lmasa, yoki yuqoridagi usul ish bermasa, u holda gadjetingizning sozlamalarini to‘liq dastlabki holatiga qaytaring. Agarda tizim va ilovalar bilan ishlashda tajribangiz kam bo‘lsa, yuqoridagilarga bosh qotirib ham o‘tirmasdan, birato‘la shu usulni qo‘llaganingiz ma’qul.
  5. Virusni o‘zingiz bartaraf eta olmasangiz, servis markaziga yoki ustalarga murojaat eting. Faqat bunda ham imkon qadar ko‘zingiz oldida tuzatishlarini talab qiling.

O‘QING: Xizmat ko‘rsatish markazlarida sizni qanday qilib laqillatishadi?

ANDROID-QURILMAGA ANTIVIRUS KERAKMI O‘ZI?

Agarda siz tajribali foydalanuvchi bo‘lmasangiz va bu borada o‘z bilimlaringizga ishonmasangiz – antivirus o‘rnatib qo‘yganingiz ma’qul. Lekin faqat bittasini o‘rnating, chunki ikkita bo‘lsa, bir-biriga xalaqit beradi.

O‘QING: Android uchun bepul antiviruslar

Agarda qurilmalardan hamda Android tizimi va undagi ilovalardan foydalanishda yetarlicha tajribangiz bo‘lsa, bu savol sizni xavotirga solmasligi kerak.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!