Android uchun bepul antiviruslar

  •   DiMaX
  •  4594
  •  13.03.2017 11:46

Android uchun bepul antiviruslar

Virus tushunchasining ma’no ko‘lami kengayib, tibbiyot olamidan chiqib, elektronika olamiga kirib kelishi, avvalo, kompyuterlar bilan bog‘liq. Keyinchalik, «aqlli» telefon va boshqa qurilmalarga ham virus tusha boshladi. Ularga qarshi antivirus dasturlari ishlab chiqaruvchilar esa maxsus ilovalar ham yaratishga o‘tishdi.

Google Play ilovalar do‘konida Android tizimidagi qurilmalar uchun pulli antiviruslar bilan birga bepullari ham mavjud. Quyida shulardan eng yaxshi beshta antivirusning xususiyatlarini qisqacha bayon etamiz.

Kaspersky Antivirus & Security

Antivirus dasturlar ishlab chiquvchi brend kompaniyaning Android platformasida ishlovchi devayslar uchun yaratgan ilovasi. Google Play’dan uni 50 million martadan ortiq yuklab olganliklari ham bejiz emas.

Kaspersky Antivirus & Security shartli bepul tarzda tarqatiladi, ya’ni, uni gadjetingizga o‘rnatib, foydalana boshlaganingizdan keyin ma’lum muddat o‘tib, ayrim funksiyalari bloklanadi va pulli obunani talab etadi. Ammo baribir, antivirus skanerini o‘zingiz istagancha ishga solishingiz mumkinligi quvontiradi.

Funksiyalari:

  • Zararli dasturiy ta’minotdan himoya
  • O‘g‘irlashga qarshi modul
  • Kontaktlarga ruxsatni cheklash
  • Qora ro‘yxat
  • Veb-filtr

Norton Security & Antivirus

Mazkur antivirus ikki versiyada tarqatiladi: bepul (sinab ko‘rish uchun) va pulli. Bepul versiya funksiyalari ham Android bazasidagi smartfonlarni viruslardan to‘liq muhofaza etadi, chunki ishlab chiquvchilar ilovada asosiy vazifalarning bajarilishini cheklashmagan.

Bundan tashqari, Norton Security & Antivirus’ning bepul versiyasida smartfonni SMS vositasida masofadan turib bloklash opsiyasi bor. Tag‘in, u o‘rnatilgan ilovalarda zararli kod bor-yo‘qligini ham tekshira oladi.

Ilovaning pulli versiyasi esa viruslar va o‘g‘ri dasturlardan, shuningdek, ziyon keltiruvchi saytlardan to‘liq himoyani ta’minlaydi.

Funksiyalari:

  • Zararli dasturiy ta’minotdan himoya
  • O‘g‘irlashga qarshi modul
  • Kontaktlarga ruxsatni cheklash
  • Qo‘ng‘iroqlarni cheklash
  • Veb-himoya
  • Ma’lumotlarni nusxalash va tiklash
  • Ilovalar bo‘yicha maslahat

Avast antivirus & himoya

Foydalanuvchining Android-qurilmasini va uning ichidagi ma’lumotlarni har qanday xavfdan himoyalovchi eng keng ommalashgan bepul antivirus. Ko‘pchilik yuzerlarga bu dasturning kompyuter versiyasi yaxshi tanish. Uning Android versiyasida esa xavfsizlikdan tashqari brandmauer ham, Wi-Fi skaner ham, hatto tezlashtirilgan quvvatlash funksiyasi ham bor!

Avast antivirus & himoya ilovasining pulli versiyasida ilovalarni va reklamalarni bloklash funksiyalari hamda qo‘llab-quvvatlash markazi mavjud. Bu – bepul funksiyalari eng ko‘p bo‘lgan kam sonli antiviruslardan biridir.

Darvoqe, mazkur antivirusni TAS-IX’dagi ilk professional ilovalar do‘koni – AndroidBozor.uz’dan ham ko‘chirib olish imkoni bor.

Funksiyalari:

  • Zararli dasturiy ta’minotdan himoya
  • Veb-himoya
  • Brandmauer
  • Wi-Fi skaneri
  • O‘g‘irlashga qarshi modul
  • Qo‘ng‘iroqlarni cheklash
  • Ilovalarni bloklash
  • Reklamalarni bloklash
  • Tezkor quvvatlash

Avira Antivirus Security

Nemislar tomonidan ishlab chiqilgan Avira antivirusini mashhur brendlar qatoriga qo‘shsa ham bo‘ladi. Ammo mazkur kompaniya hali 1986 yildayoq viruslar muammosi bilan shug‘ullana boshlaganini ko‘pchilik bilmasa ham kerak.

Korporativ mijozlarning ulkan bazasiga tayangan holda, kompaniya Android devayslar uchun, funksiyalariga ko‘ra pulli raqobatchilardan umuman qolishmaydigan bepul antivirus ishlab chiqish hech gap emas edi. Ular shunday qilishdi ham – Avira Antivirus Security birorta pulli himoya dasturi bilan bellasha oladi!

Ilovaning pulli – premium versiyasiga esa keng foydalanuvchilar ommasi uchun unchalik ham muhim bo‘lmagan funksiyalar qo‘shilgan: internetda xavfsiz kezish, yangilanishning birlamchi maqomi hamda foydalanuvchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash xizmati.

Funksiyalari:

  • Zararli dasturiy ta’minotdan himoya
  • Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi
  • Ilovalarni tahlil etish
  • Ruxsatni cheklash
  • Qurilmani geolokatsion qidirish

McAfee himoya va antivirus

Amerikaliklar tomonidan ishlab chiqilgan mazkur antivirusning Android ilovasi bepul versiyada ham qator foydali funksiyalarga ega. Pulli versiyasi esa media-fayllarni yuklab olish imkoniyatini, telefon bo‘yicha kengaytirilgan qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga oladi.

Agarda siz kompyuter uchun McAfee LiveSafe hamda McAfee All Access dasturlarining doimiy foydalanuvchisi bo‘lsangiz, unda mazkur antivirusning mobil ilovasiga premium obunani ham bepul olasiz.

Funksiyalari:

  • Zararli dasturiy ta’minotdan himoya
  • Tarmoqqa ulanish skaneri
  • O‘g‘irlashdan himoya
  • Qurilmani bloklash
  • Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi
  • Zaxira nusxani yaratish
  • Qurilmaning ishini optimallashtirish funksiyasi