Android o‘rniga Fuchsia OS’ni kutib oling! (+video)

  •   DiMaX
  •  2458
  •  10.05.2017 09:41

Android o‘rniga Fuchsia OS’ni kutib oling! (+video)

Google kompaniyasi kelajak smartfon va planshetlariga o‘rnatiluvchi yangi operatsion tizimini yaratmoqda.

Google’dagilar yangi mobil operatsion tizim ustida ish olib borayotganligi haqidagi xabarlar bir necha oy avval paydo bo‘lgan edi. O‘shanda ma’lum bo‘lgani shu ediki, yangi tizim Fuchsia OS deb nomlanadi va, Android’dan farqli ravishda, unda Linux kodidan foydalanmaydigan yangi yadro qo‘llanadi.

Endi esa, internetda Google’ning sirli ishlanmasi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar ham tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, avvalo, Fuchsia OS – nafaqat yadro, balki butkul yangicha grafik qobiq hamdir. Unga hozircha Armadillo deb nom berilmoqda. Mana, quyidagi kichkina videolavhada uning tashqi ko‘rinishi va ishlashi namoyish etilgan:

Ko‘rinib turibdiki, bu hali Fuchsia OS’ning test versiyasi ham emas, shu bois, uning yakuniy dizayni va funksionalligi bundan farqlanishi mumkin. Ammo, aftidan, Google’chilar barcha chet ilovalarni orqa planga o‘tkazib, asosiy e’tiborni o‘z servislariga qaratishmoqchi.

Foydalanuvchi interfeysi vertikal yo‘nalishda suriluvchi asosiy ekranga asoslangan; unda yangiliklar, xaritalar, suratlar, ob-havo ma’lumotlari va kompaniyaning boshqa servislari kartochkalari joylashgan. Uning ko‘rinishi va ishlashi smartfon ustidan to‘liq nazoratni egallab olgan Google Now’ga o‘xshab ketadi.

Yangi operatsion tizimning qiziqarli o‘ziga xosliklaridan biri – ko‘p oynali rejimda ishlay olishidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, ekranni nafaqat hozirgi Android Nougat versiyasidagi singari ikkita qismga, balki o‘zingizga qulay bo‘lgan xohlagancha qismlarga bo‘lsa bo‘ladi. Shu tariqa, Fuchsia OS planshetlarda, hatto noutbuklarda ham ishlashga ajoyib tarzda moslashgan tizim bo‘ladi.

Yangi tizim xususida yuqorida sanab o‘tilgan barcha ma’lumotlar hozircha aniq tasdiqlangan emas, ular Fuchsia OS haqida faqat umumiy taassurotnigina bera oladi. Umid qilamizki, Google kompaniyasi yaqin orada u haqdagi aniq ma’lumotlarni taqdim etadi. Nima bo‘lganda ham, yangi operatsion tizimning yakuniy relizi chiqishigacha hali vaqt bor.

Ungacha esa bizdan uzoqlashmang – bu xususdagi ma’lumotlar chiqishi bilan sizga ma’lum qilamiz!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!