Android’siz qolishi – hali holva: Huawei o‘zining Kirin protsessorlaridan ham mahrum bo‘lishi mumkin!

  •   DiMaX
  •  1725
  •  22.05.2019 17:46

Android’siz qolishi – hali holva: Huawei o‘zining Kirin protsessorlaridan ham mahrum bo‘lishi mumkin!

Tramp ko‘rsatmasiga asosan Google va boshqa bir qator Amerika kompaniyalari xitoylik texnogigant bilan hamkorlikni to‘xtatishmoqda. Endi Huawei smartfonlari Android yangilanishlaridan va Google servislaridan mahrum bo‘ladi.

O‘QING: Huawei’ning qo‘rqadigan joyi yo‘q: Android o‘rniga o‘zining Hongmeng operatsion tizimi bor!

To‘g‘ri, AQSh Savdo vazirligi Huawei kompaniyasiga mavjud tarmoqlarni saqlab qolish va amaldagi mijozlarga dasturiy ta’minot yangilanishlarini taqdim etish imkonini beradigan vaqtinchalik umumiy ruxsatnoma berdi. Biroq ushbu ruxsatnoma joriy yilning 19 avgustigacha amal qiladi, uyog‘iga nima bo‘lishini esa hali vaqt ko‘rsatadi.

Bu orada yana bir hamkori – ARM kompaniyasi ham Huawei bilan biznes-aloqalarini to‘xtatishga qaror qildi. Garchi ushbu firma Buyuk Britaniyaga qarashli bo‘lsa-da, o‘zining ta’kidlashicha, uning mahsulotlarida «AQSh texnologiyalari qo‘llanadi», demak, Tramp ko‘rsatmasi doirasiga ular ham kiradi. O‘zi shundoq ham xitoylik texnogigant bilan hamkorligi borasidagi shov-shuvlar tufayli Angliyaning AQSh bilan munosabatlari unchalik yaxshi emas.

O‘QING: Huawei bilan hamkorlik haqida «og‘zidan gullab» qo‘ygan mudofaa vaziri ishidan haydaldi

Huawei kompaniyasi o‘z operatsion tizimni yaratgani tufayli Android’siz qolishdan qo‘rqmasligi mumkin, lekin ARM bilan hamkorlik to‘xtasa – ahvoli chatoq. Zero, xitoyliklarning Kirin protsessorlarida ham mazkur kompaniya yadrolari qo‘llanadi. Jumladan, Huawei’ning so‘nggi flagmanlarining «elektron yuragi» – Kirin 980 chipseti ham ARM Cortex-A76 hamda Cortex-A55 yadrolarini, shuningdek, yana shu kompaniyaga qarashli Mali-G76 grafik tezlatgichini o‘z ichiga oladi.

O‘z protsessorlarida ARM texnologiyalarini qo‘llagani uchun Huawei britaniyalik kompaniyaga ditsenziya to‘lovini to‘lab keladi. Ammo angliyalik kompaniya mazkur litsenziyasini bekor qilsa, Huawei uchun og‘ir kunlar boshlanadi.

Voqealar rivojini Terabayt.uz bilan birga kuzatishda davom eting va hozircha uning eng oxirgi smartfonlari haqidagi xabarimiz bilan tanishing:

O‘QING: Huawei taslim bo‘lmaydi! Kompaniya rasmiy taqdimot o‘tkazib, eng zo‘r flagmanlarini namoyish etdi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!