Angliya shahzodasi: «Fortnite’ni taqiqlash kerak, ijtimoiy tarmoqlar esa narkotik va alkogoldan ham battar!»

  •   DiMaX
  •  699
  •  05.04.2019 17:28

Angliya shahzodasi: «Fortnite’ni taqiqlash kerak, ijtimoiy tarmoqlar esa narkotik va alkogoldan ham battar!»

Keyingi paytlar kompyuter, turli konsollar va mobil qurilmalardagi videoo‘yinlarni tanqid qiluvchilar ko‘payib qolgan. Buyuk Britaniya qirolichasining nabirasi – shahzoda Garri ham ular qatoriga qo‘shildi.

O‘QING: PUBG o‘ynayotgan voyaga yetmaganlarni hibsga olish boshlandi!

Daily Express nashriga ko‘ra, shahzoda O‘smirlar nasroniylik assotsiatsiyasiga tashrif buyurgan va unda ota-onalarni o‘z farzandlarini «mas’uliyatsiz» o‘yinlardan himoyalashga da’vat etgan. Shahzoda Garrining ta’kidlashicha, Fortnite o‘yinini taqiqlash kerak, chunki u o‘sib kelayotgan yosh avlodda kompyuterga tobelikni shakllantiradi.

«Bu o‘yinga ruxsat etilmasligi kerak. Nimaga kerak u? U sizni kompyuter oldida uzoqroq ushlab turadigan tobelikni keltirib chiqarish uchun yaratilgan. Bu o‘ta mas’uliyatsizlik», – degan shahzoda Garri.

Ehtimol, bu o‘yinga nisbatan salbiy munosabat shakllanishida Divorce-Online servisi tomonidan taqdim etilgan statistika ham kuchli rol o‘ynagandir. O‘tgan yilning sentyabridagi statistikaga ko‘ra, 2018 yil mobaynida 4 665 ta ajrashish jarayonlaridan 200 tasida Fortnite ham tilga olingan.

Shuningdek, shahzoda Garri ijtimoiy tarmoqlar haqida ham salbiy fikr bildirgan. Uningcha, tarmoqlar «narkotiklar va alkogoldan ko‘ra ko‘proq tobelikni keltirib chiqaradi». U ota-onalarni hushyorlikka chaqirib, bolalari hamisha uyda o‘tiravermasdan, tashqi olam bilan internetdan tashqarida o‘zaro munosabatga kirishishlarini nazoratga olishni so‘ragan.

O‘QING: Fortnite’da bolalarni o‘ldirishyapti – buni ota-onalarning o‘zlari iltimos qilishmoqda! (+video)