Antiqa reyting: 2019 yilda qaysi smartfonlarni ko‘proq soxtalashtirishgan?

  •   DiMaX
  •  1843
  •  14.01.2020 10:21

Antiqa reyting: 2019 yilda qaysi smartfonlarni ko‘proq soxtalashtirishgan?

Keyingi paytlarda o‘zining xilma-xil reytinglari bilan e’tibor qozonib kelayotgan benchmark servislaridan biri Master Lu bo‘ladi. Uning ma’lumotlari asosida antennasi eng kuchli smartfonlar, eng qattiq qizib ketuvchi smartfonlar, «sun’iy ong»li smartfonlar protsessorlari hamda eng tezkor, ravon va qulay interfeysli smartfonlar reytinglarini taqdim etganmiz.

O‘QING: 2019 yilning eng barqaror smartfonlari va proshivkalari (Master Lu reytingi)

Endi esa Master Lu benchmarki yana bir ishga qo‘l urdi – o‘tgan yili eng ko‘p qalbakilashtirilgan smartfonlar reytingini chiqardi. Ushbu ro‘yxatda eng ko‘p Samsung hamda Apple qurilmalari o‘rin olgan. Umumiy hisobda soxtalashtirish holatlarining 28,7 foizi janubiy koreyalik, 15,88 foizi esa kupertinolik texnogigantning turli smartfonlariga to‘g‘ri keladi.

Qalbaki smartfonlar tayyorlovchilar orasida eng ommabopi Samsung W2018 modeli bo‘lib chiqdi. Ikkita iPhone X narxidagi ushbu qurilma qo‘sh sensor ekranli «raskladushka» bo‘lib, xitoyliklar orasida juda ommalashgan. Ushbu mashhurlikdan soxtakorlar ham unumli foydalanishgan – Master Lu benchmarki naq 4688 marta uning qalbakisini uchratgan.

O‘QING: Android-smartfon originalligini aniqlashning eng sodda va ishonchli usuli

Ikkinchi o‘rinda 4445 ta qalbakilashtirish holati bilan iPhone 8 joylashgan bo‘lsa, «kuchli yasama uchlik»ni iPhone XS Max yakunlab bergan – uni 2499 marta soxtalashtirishgan. Reytingning keyingi o‘rinlarida esa iPhone X, Samsung W2019, Galaxy S8+, Xiaomi Mi Max, Mi 9, OPPO R11 Plus va OnePlus 7 Pro modellari kelmoqda.

Aytish kerakki, qalbaki smartfonlarni aniqlash ularning Master Lu benchmarkida tekshirib ko‘rilishi holatlarida amalga oshirilgan. 2019 yili mazkur servisda jami 6 639 704 ta smartfon imtihon qilib ko‘rilgan bo‘lsa, shulardan naq 57 790 donasi qalbaki modellar bo‘lib chiqqan.

O‘QING: iPhone: asl va qalbaki mahsulotni farqlashga oid maslahatlar

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!