Antivirusning keragi yo‘q: beshta bepul onlayn skaner

  •   DiMaX
  •  2174
  •  28.08.2019 16:16

Antivirusning keragi yo‘q: beshta bepul onlayn skaner

Windows 10’ning so‘nggi versiyalarini ishlatayotgan bo‘lsangiz, chet antiviruslardan birortasini o‘rnatish shartmas – Microsoft himoyachisining o‘zi ham viruslardan yetarlicha saqlay oladi. Bundan tashqari, kompyuteringizdagi fayllarni yoki uning tizimini onlayn skanerlar yordamida ham viruslarga qarshi tekshirish usuli mavjud.

O‘QING: Ekspertlar Windows va macOS uchun eng ishonchli antiviruslarni aniqlashdi (2019 yil iyul)

Onlayn skanerlarni ko‘pchilik to‘laqonli deb hisoblamaydi, yana undan foydalanish uchun barqaror va tezkor internet zarurligi ham bor. Shunga qaramasdan, ular kompyuteringiz xotirasini va tizim resurslarini band etmasligi hamda hamisha so‘nggi viruslardan ham boxabarligi tufayli ahamiyatga loyiq.

Demak, internet ulanishi orqali kompyuteringizdagi viruslarni aniqlab beruvchi beshta bepul servisni e’tiboringizga havola etamiz.

1. VirusTotal

Bu – eng qudratli onlayn skanerlardan biri bo‘lib, URL-manzil, IP, domen yoki faylning xesh-summasi orqali ham viruslarga qarshi tekshira oladi. Bulardan tashqari, VirusTotal servisida standart shakldagi – faylning o‘zini serverga yuklab tekshirish uslubi ham mavjud. Mazkur servis yetmishdan ziyod turli skanerlar va xizmatlarni jalb etgan holda tekshiruv o‘tkazadi.

VirusTotal shunchaki virusning mavjudligi haqida xabar beribgina qolmasdan, ziyonkor dasturiy ta’minotning aniq nomini va klassifikatsiyasini ham aniqlab ma’lum qiladi. Uning xizmatidan foydalanish uchun mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin.

2. MetaDefender

Garchi tekshiruvda qo‘llaniladigan skanerlari va xizmatlari soniga ko‘ra VirusTotal servisidan qolishadigan bo‘lsa-da, MetaDefender servisining muhim bir o‘ziga xosligi mavjud. Ya’ni, mazkur servisning o‘zi ishlab chiqqan Deep CDR uslubi viruslarni aniqlashda katta o‘rin tutadi.

Fayllaringizni MetaDefender yordamida tekshirish uchun ushbu havola orqali mazkur servisni ochasiz.

3. Panda Cloud Cleaner

Mazkur servis majmuaviy yechim taklif qiladi – butun tizimni virusga qarshi tekshirib bera oladi. Unda tekshirish uchun servisning ixcham kliyentini ko‘chirib olish kerak bo‘ladi, u tekshiruvni boshlashdan oldin barcha keraksiz jarayonlarni o‘chirib qo‘yishga ham yordam beradi.

Bundan tashqari, kompyuterni bloklab qo‘yuvchi viruslardan aziyat chekayotganlar uchun Panda Cloud Cleaner yordamida tizimni yuklovchi fleshka yaratish imkoni ham bor. Mazkur servisdan foydalanib ko‘raman desangiz – mana havolasi.

4. F-Secure Online Scanner

Mazkur skaner eng tezkorligi bilan ajralib turadi. F-Secure onlayn skaneri juda sodda, unda hech nimani o‘rnatish shartmas. Shunchaki “Start” tugmachasini bosasiz va servis butun tizimni tekshirib chiqadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, F-Secure topilgan viruslar va josus dasturlarni yo‘qotib ham beradi. Mana bu havola orqali uni ishlatib ko‘rib, o‘zingiz ishonch hosil qiling.

5. Google Chrome brauzeri

Ha, Windows tizimida keng tarqalgan, o‘zingiz bilgan shu Google Chrome brauzerining o‘zida antivirus ham bor! Ha, Windows tizimida keng tarqalgan, o‘zingiz bilgan shu Google Chrome brauzerining o‘zida antivirus ham bor! Kompyuteringizning butun tizimini shu brauzerning o‘zidan turiboq tekshirish mumkin. Buning uchun uning manzil qatoriga chrome://settings/cleanup deb yozasiz (yoki mana shu yerdan nusxalab olib tashlaysiz) va «Nayti» tugmachasini bosasiz.

Chrome brauzerining ancha ommalashganini hisobga olsak, u yetarlicha viruslar bazasiga ega ekanligini anglaymiz.

O‘QING: Qanday qilib Windows'ni keraksiz ma’lumotlardan tozalash mumkin: 5 bepul vosita

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!