AnTuTu'da rekord yangilandi: Huawei'ning oshig‘i olchi!

AnTuTu'da rekord yangilandi: Huawei'ning oshig‘i olchi!

So‘nggi yillarda protsessor ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida kuchli chip yaratish bo‘yicha qizg‘in bahs davom etmoqda. Bu sanoatda Qualcomm, Huawei, Apple, Samsung o‘rtasidagi kuchli raqobatga guvoh bo‘lyapmiz.

Misol uchun, Snapdragon 835 protsessori 2016 yilda samaradorlikda 211 381 ball to‘plagan bo‘lsa, undan keyin Huawei Mate 10 Pro'ga o‘rnatilgan Kirin 970 protsessori o‘tgan yili 212 835 ball to‘pladi. Undan so‘ng Snapdragon 845 chipseti shu yilning boshlarida AnTuTu'da 256 805 ball to‘plashga muvaffaq bo‘lgan edi.

Huawei Mate 10 smartfonlari o‘tgan yilning oktyabrida taqdim qilingan bo‘lsa ham, qisqa fursat o‘tib, bugun internet tarmog‘ida Mate 20 flagmani ilk marotaba ko‘rinish berdi va samaradorlik imkoniyatlarini namoyish qildi.

Agar internetda tarqalgan ma’lumotlarning haqiqiy ekani tasdiqlanadigan bo‘lsa, Mate 20 flagmanida Kirin 980 protsessori o‘rnatiladi. Mazkur chipset ma’lumotni yetti nanometrli jarayonda qayta ishlaydi, ya’ni juda ilg‘or. Ayni paytda bunday ilg‘or mobil protsessor mavjud emas.

O‘qing: Bir yillik kafolatli Meizu M6 Note narxlari (2018 yil 10 mart)

Chipdagi 4 ta ARM Cortex-A75 hisoblash yadrolarining chastota tezligi 2,4 GGs va yana 4 ta shunday yadrolarning chastota tezligi 1,8 GGs bo‘ladi. Takomillashgan neyro-tarmoqli modullar va ilg‘or grafik-tasvirni qayta ishlaydigan Mali-G72 MP12 video kartasi va LTE Category 18 aloqa modemi smartfonning tezkor va ishonchli faoliyatini ta’minlaydi.

Ushbu protsessor bilan bog‘liq batafsil ma’lumotlar mavjud emas. Huawei kompaniyasi Kirin 980 protsessorini yaqin oylardan boshlab ommaviy ishlab chiqara boshlaydi.

Biroq mobil qurilmalarning platforma samaradorligini baholaydigan AnTuTu benchmarkida ushbu chipset allaqachon 350 000 ballni to‘plashga erishgan. Bu -- rekord natija!

Mate 20 telefoni ikki talqinda ishlab chiqariladi. Kichik talqin 5,9 dyuymli va QHD (2560 × 1440 piksel) sig‘imli, tomonlari nisbati 16:9 standartli bo‘lgan ekran bilan ta’minlanadi. Mate 20 Pro ekrani esa 6 dyuymli hamda Full HD+ (2160 × 1080 piksel) sig‘imli, tomonlari nisbati 18:9 standartli bo‘ladi.

Korpusning orqa qismida qo‘sh sensorli bosh kamera bo‘lib, unga 12- va 20-megapikselli kamera datchiklrai o‘rnatiladi. Displeyda esa virtual tarzda ishlaydigan barmoq izi skaneri joylashtiriladi.

Ma’lum qilinishicha, yangi smartfon 6 Gbayt sig‘imli tezkor hamda 64, 128 yoki 256 Gbayt sig‘imli doimiy xotira bilan ta’minlanadi. Ularning shu yilning kuzida taqdim qilinishi kutilmoqda.

O‘qing: Xiaomi Mi 7: yashiradigan sirning o‘zi qolmadi

Agar Apple bu yilning kuzida kuchli protsessorni namoyish qilmaydigan bo‘lsa, 356 918 ball natijasi o‘zgarmasligi mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!