AnTuTu’ning yangi rekordchisi, tag‘in hamyonbop iQOO Monster geymerofoni taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  1811
  •  02.03.2019 10:24

AnTuTu’ning yangi rekordchisi, tag‘in hamyonbop iQOO Monster geymerofoni taqdim etildi!

Vivo kompaniyasi yangi – iQOO brendi ostida smartfonlar turkumini joriy etishi haqida xabar bergandi. Nihoyat, o‘yinlarga moslangan iQOO Monster rusumli qurilma namoyish qilindi va barchani hayratga soldi!

O‘QING: Vivo iQOO flagmani: Snapdragon 855, Super HDR-displey va 12 GB «operativka»!

AnTuTu benchmarkida Xiaomi Mi 9 flagmani 387 851 ball olib, hozirgacha taqdim etilgan Android-smartfonlar orasida mutlaq g‘olib bo‘lib turgan edi. Ammo Vivo’ning iQOO Monster modeli undan ham oshib, salkam 407 000 ballik natija ko‘rsatdi!

Vivo iQOO Monster bir necha sabablarga ko‘ra o‘ta ajoyib smartfon bo‘lib chiqdi. Uning ekrani korpus old yuzasining 91,7% maydonini egallaydi. AMOLED matritsali 6,41 dyuymlik displeyning tasvir aniqligi Full HD+ formatida. Keyingi paytlardagi flagmanlarga xos tarzda, barmoq izi skaneri displeyning o‘ziga tatbiq etilgan.

Mazkur devaysning apparat platformasi asosini Snapdragon 855 protsessori tashkil etadi. Uning samarali ishlashi uchun esa, haroratini pasaytirib turuvchi suyuqlikli sovitish tizimi joriy qilingan.

iQOO Monster asosan mobil geymerlarga mo‘ljallangan, shu bois ham unga bir qator «turbo-texnologiyalar» joriy etilganki, bunaqasi hali birinchi marta uchramoqda. Jumladan, AI Turbo texnologiyasi ilovalarning yuklanish tezligini 30 foizga, Center Turbo esa kadr chastotasini naq 73 foizga oshiradi! Game Turbo texnologiyasi o‘yin paytida Adreno 640 grafik chipining samaradorligini ko‘taradi. Net Turbo internetga barqaror va tezkor ulanish uchun javobgar bo‘lsa, Cooling Turbo sovitish uchun mas’ul. 4D gaming 2.0+ texnologiyasi o‘yinlarda ovozning ijro sifatini va ekran sensori orqali qayta aloqani yaxshilaydi.

«Monstr» smartfon xotira bo‘yicha to‘rt xil konfiguratsiyada taklif etiladi: 6/128 GB, 8/128 GB, 8/256 GB va 12/256 GB.

Vivo mazkur geymerofonni «uch ko‘zli» kamera bilan ta’minlagan, uning asosiy moduli – 12 megapiksellik va Sony IMX363 datchigidir. Ikkinchisi 13 MPlik sensor bo‘lib, keng burchakli ob’yektivga ega, 2 megapiksellik uchinchi modul esa orqa fonni chaplash uchun xizmat qiladi.

iQOO Monster kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC chipi, zamonaviy USB-C porti, 4000 mA/soatlik akkumulyator bilan ta’minlangan. Batareyasi 44 vattlik texnologiyaga ko‘ra tezkor quvvatlana oladi (faqat 6/128 GBlik boshlang‘ich qersiyada bu yo‘q). Aytilishicha, tezkor zaryadlashda 50 foizlik natijaga atigi 15 daqiqada erishiladi, akkumulyatorning butkul to‘lishi uchun esa jami 45 daqiqa kifoya.

Korpus metall romga ega, old va orqa panellari toblangan shishadan ishlangan. Smartfonning orqa panelida uzunasiga tushgan yorug‘lik-diodli chiziq bor – o‘yinlar davomida u maxsus optik effektlar berib turadi.

iQOO Monster geymerofoni Android 9 Pie bazasidagi Funtouch OS 9 tizimi bilan jihozlangan. Xitoyda uni 6 martdan sota boshlashadi, narxlari esa quyidagicha: 6/128 GBligi – 447 dollar, 8/128 GBligi – 492 dollar, 8/256 GBligi – 537 dollar, 12/256 GBligi esa – 640 dollar.

Ushbu smartfon Xitoydan tashqarida rasman sotuvga chiqish-chiqmasligi hozircha noma’lum. Lekin mobil o‘yinlar ishqibozlari uchun Terashop.uz internet-do‘konidan 6/64 GB xotirali, global versiyadagi Xiaomi Black Shark geymerofonini 3 849 000 so‘mga sotib olish imkoni bor. Bundan tashqari, hozirda mazkur internet-do‘kondan xarid qilsangiz, «Bahor kayfiyati» aksiyasi doirasida yutuqqa ham ega bo‘lishingiz mumkin!

O‘QING: Gaming Mode – har qanday smartfonni o‘yinga moslab kuchaytiruvchi bepul ilova

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!