AnTuTu reytingini «portlatgan» flagmanning nomi va taqdimot sanasini Xiaomi rasman e’lon qildi

  •   DiMaX
  •  1286
  •  05.08.2020 12:02

AnTuTu reytingini «portlatgan» flagmanning nomi va taqdimot sanasini Xiaomi rasman e’lon qildi

«Xitoycha Apple»ning Xiaomi M2007J1SC model raqami ostidagi smartfoni AnTuTu benchmarkida barcha rekordlarni sindirgan edi. Xiaomi kompaniyasi endi ushbu flagmanining namoyish kunini hamda nomlanishini rasman ma’lum qildi.

O‘QING: «Qirol o‘ldi. Yashasin qirol!» – jahon rekordchisini AnTuTu’da tor-mor etishdi!

Bu – shu paytgacha turli xabarlarda Xiaomi Mi 10 Pro Plus yoki Xiaomi Mi 10s nomlari bilan atab kelinayotgan, kodli nomi esa Mi 10 Pro Super Cup bo‘lgan flagmandir. Kompaniyaning bugun – 5 avgust kuni Weibo tarmog‘idagi o‘z sahifasida e’lon qilishicha, ushbu qurilma 11 avgustda taqdim etiladi. Uning nomi esa o‘ta uzun ekan – u Xiaomi Mi 10 Extreme Commemorative Edition deb atalyapti.

Xiaomi bu yil o‘zining o‘n yillik yubileyini nishonlayapti va Mi 10 Extreme Commemorative Edition ham shunga bag‘ishlangan. Mazkur smartfon chetlari qayrilgan, diagonaliga 6,67 dyuymlik, yangilanish chastotasi 120 gerslik AMOLED-displeyga ega.

Benchmarkda tekshirilganida, uning «oddiy» Snapdragon 865 protsessori bazasida ishlashi aniqlangan edi. Lekin rasmiy taqdimotgacha uni eng kuchli – Snapdragon 865+ chipseti bilan ta’minlashlari ham mumkin. Xiaomi Mi 10 Extreme Commemorative Edition tezkor xotirasi esa 12 gigabaytlik hajmga ega. Uning bosh kamerasida asosiy sensor 48 megapiksellik, undan tashqari yana periskop kamera moduli ham bo‘ladi.

O‘QING: Xiaomi, Redmi, Poco va Black Shark smartfonlaridan qaysilari va qachon barqaror Android 11’gacha yangilanadi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!