AnTuTu reytingini Snapdragon 888 chipli flagmanlar butkul zabt etdi! (2021 yil mart)

  •   DiMaX
  •  927
  •  03.04.2021 11:08

AnTuTu reytingini Snapdragon 888 chipli flagmanlar butkul zabt etdi! (2021 yil mart)

Ommabop benchmark – AnTuTu jamoasi 2021 yilning mart oyidagi eng kuchli flagmanlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu reyting o‘tgan oyda xitoylik foydalanuvchilarning mazkur servisda o‘tkazgan testlari natijalariga tayangan, global reyting alohida chiqadi.

O‘QING: Android olamida yangi rekordchi: benchmarkda salkam million ball!

Mutaxassislar bu ro‘yxatga asos qilib benchmarkda kamida mingta test qilib ko‘rilgan smartfonlardan har birining o‘rtacha (eng yuqori emas) natijalarini olishgan. Fevral oyidagi eng zo‘r flagmanlarning xitoycha reytingida ham, global reytingida ham iQOO 7 geymerofoni birinchi o‘rinda edi. bu gal esa Vivo kompaniyasining iQOO brendi tayyorlagan ushbu smartfon atigi yettinchi o‘rinni olgan, xolos!

Mart oyidagi reytingda Xiaomi korporatsiyasining o‘yin qurilmalariga ixtisoslashgan brendi yaqindagina taqdim etgan flagman – Black Shark 4 Pro modeli eng zo‘ri bo‘lib chiqqan.

Kuchli uchlikka yana OPPO kompaniyasining Find X3 Pro flagmani hamda ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia brendining Red Magic 6 Pro geymerofoni kirgan.

O‘QING: 2021 yilning eng zo‘r beshta smartfoni (Consumer Reports talqini)

Xitoylik foydalanuvchilarning mart oyida AnTuTu benchmarkidagi tekshiruvlari natijalariga asoslangan eng zo‘r flagmanlar TOP-o‘ntaligi quyidagicha ko‘rinishga ega:

  1. Black Shark 4 Pro — 765 579 ball
  2. OPPO Find X3 Pro — 742 078 ball
  3. Nubia Red Magic 6 Pro — 741 100 ball
  4. ASUS ROG Phone 5 — 729 300 ball
  5. vivo X60 Pro+ — 726 216 ball
  6. IQOO 7 — 725 478 ball
  7. Redmi K40 Pro — 719 798 ball
  8. Xiaomi Mi 11 — 710 581 ball
  9. Meizu 18 — 710 459 ball
  10. Meizu 18 Pro — 698 611 ball

Fevraldagi reytingga Snapdragon 865+ protsessorli flagmanlar ham kirgan bo‘lsa, mart oyidagi eng qudratli smartfonlar faqatgina Snapdragon 888 chipseti bazasidagi modellar egallab olgan. Yana bir qiziq holat: yangi ro‘yxatdagi aksariyat telefonlar bir xil – 12/256 gigabaytlik tezkor/ichki xotiraga ega, biroq ular to‘plagan ballar turlicha.

Lekin eng g‘alati jihati shundaki, «operativka»si eng kuchli – naq 16 gigabaytlik ASUS ROG Phone 5 esa hatto kuchli uchlikka ham kira olmagan! Aftidan, Huawei kompaniyasining operatsion tizimlar bo‘yicha direktori Lao Shi «Yirik «operativka»li smartfon — marketing aldovidir!» deganida haq bo‘lgan.

Darvoqe, xitoylik ushbu texnogigantning birorta ham smartfoni yangi ro‘yxatga kirmaganiga e’tibor berdingizmi?

O‘QING: Eng ravon interfeysli smartfonlar (Master Lu reytingi, 2021 yil mart)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!