AnTuTu’ning yangi qiroli: «sharshara ekranli» ilk smartfon salkam 500 ming ball oldi! (+narxlari)

  •   DiMaX
  •  2949
  •  17.09.2019 16:03

AnTuTu’ning yangi qiroli: «sharshara ekranli» ilk smartfon salkam 500 ming ball oldi! (+narxlari)

Kecha – 16 sentyabr kuni «sharshara ekranli» ilk smartfon – Vivo Nex 3 hamda butkul simsiz Vivo TWS quloqchini taqdim etildi. Kompaniya ushbu tadbirni o‘tkazish uchun o‘ta antiqa joy tanlagan ekan.

O‘QING: "Jamoa! Brigada! Bizga qo‘shil!": Xiaomi, Vivo, Oppo va Realme birlashishdi!

Kompaniya ushbu smartfonini ikki xil – 5G-modulga ega hamda mazkur chipsiz versiyalarda taqdim etdi. Beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamaydigan versiyasi 8/128 gigabaytlik tezkor/ichki xotiraga ega bo‘lib, unga 707 AQSh dollari (641 yevro) miqdorida narx belgilangan. 5G-versiyasining xotira hajmi ham yirikroq va narxi ham shunga yarasha: 8/256 gigabaytligi – $810 (€730), 12/256 gigabaytligi esa – $877 (€800). Yangi smartfon uchun Vivo allaqachon oldindan buyurtma ola boshlagan, ochiq savdoga esa uni 21 sentyabrdan chiqarishadi.

Vivo NEX 3 texnik ta’minoti asosini hozirda eng kuchli protsessorlardan bo‘lmish Snapdragon 855 Plus tashkil etadi. Mazkur model «sharshara ekranli» – Waterfall FullView turidagi POLED-displeyga ega ilk qurilmadir. Korpus old yuzasining 99,6 foizini qoplagan, o‘lchami diagonaliga 6,89 dyuymlik ekranning tasvir aniqligi esa Full HD+ formatida.

Yangi smartfonning 4500 mA/soatlik akkumulyatori 44 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor zaryadlana oladi. Uning flesh-xotirasi UFS 3.0 turiga mansub, smartfon yana NFC moduliga, AK4377A rusumli Hi-Fi-chipiga va 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishiga ega. Vivo Nex 3 bosh kamerasi 64+16+16 megapiksellik uchta, korpus ichidan chiquvchi old kamerasi esa 16 megapiksellik yakka datchikka ega.

O‘QING: Geekbench’da yangi rekord: Kirin 980 va Snapdragon 855+ chipli barcha flagmanlar «damini olaversin»!

Bugun – 17 sentyabrda esa Vivo NEX 3 5G flagmanining samaradorligini AnTuTu benchmarkida tekshirib ko‘rishgani haqida ilk ma’lumot tarqaldi. Benchmarkda boshlang‘ich konfiguratsiyadagi – 8 gigabaytlik tezkor va 256 gigabaytlik ichki xotiraga ega smartfon versiyasi test qilib ko‘rilgan. Shunga qaramay, u mazkur servisda rekord o‘rnatdi – 493 787 ball!

Taqqoslash uchun keltirib o‘tsak: Xiaomi kompaniyasi Black Shark 2 Pro geymerofoni taqdimotida, AnTuTu imtihonida bu model 500 000 balldan oshiq natija ko‘rsatganini da’vo qilgandi. Lekin amalda mana shu va yana bitta yangi flagmani benchmarkda «qovun tushirgan»! Shunga qaramasdan, Android-qurilmalarning avgust oyi reytingida ushbu «Qora akula» baribir 469 708 ball bilan yetakchilikni qo‘lga kiritgan.

Black Shark 2 Pro tezkor xotirasi 12 GB bo‘lsa-da, «atigi» 8 gigabaytlik «operativka» bilan ham Vivo NEX 3 5G uni ortda qoldirdi! Hali kim biladi – uning 12 gigabaytlik eng ilg‘or versiyasi qanday mo‘’jiza ko‘rsatar ekan...

O‘QING: «Roskachestvo» reytingi: 2019 yil kuzdagi eng zo‘r smartfonlar

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.