Apple 1 milliard dona smartfon sotgan kompaniyaga aylanish arafasida

Apple 1 milliard dona smartfon sotgan kompaniyaga aylanish arafasida

Apple Inc. – jahonning yetakchi mobil vositalar ishlab chiqaruvchi korporatsiyasi 1 millard dona ayfon sotgan kompaniyaga aylanish bo‘sag‘asida turibdi. Kompaniyaning ilk iPhone mobil aloqa qurilmalari 2007 yildan boshlab ishlab chiqarila boshlangan.

Apple 2007 yildan boshlab 2015 yilning yakuniga qadar jami 896 million dona smartfonni xalqaro gadjetlar bozoriga chiqargan va sotishga muvaffaq bo‘lgan. Iqtisodiy tadqiqotlar, biznes va investorlar uchun tahliliy axborotlar yetkazuvchi jahonning yetakchi kompaniyasi Wall St. Analyst’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilning 20 iyuliga qadar Apple sotgan ayfonlar soni 1 milliard donaga yetadi.

2007 yildan boshlab 2015 yilning yakuniy choraklariga qadar smartfon savdosi muntazam o‘sib borgan. Ma’lumotlarga qaraganda, kompaniya 2014 yilning martiga qadar 500 million dona smartfon sotishga erishgan.

2015 yilning ilk 2 choragida kompaniya 74 million hamda 61 million dona aqlli telefon apparatini erkin savdoga chiqargan. Bu kompaniya tarixida eng ko‘p smartfon sotilgan davr hisoblanadi. Ayniqsa, iPhone 6S gadjeti Apple’ga omad olib keldi. Biroq 2015 yilning so‘nggi choraklarida savdo sur’ati pasayib, o‘rtacha 50 million donadan telefon qurilmasi sotilgan.

Kompaniya 1 milliard dona smartfon sotgan brend nomiga erishish uchun joriy yilning iyuliga qadar yana 10 million dona smartfon sotishi kerak bo‘ladi. Agar bu natija qayd etilsa, Apple 2007-2016 yillar davomida sotgan 1 milliard dona smartfonning teng yarmini 2014-2016 yillarda sotgan bo‘ladi.

2007 yildan boshlab ayfonning 9 avlodi va 13 ta modeli ishlab chiqildi. Har bir avlodda iOS mobil operatsion tizimi takomillashtirilib, ular yangicha imkoniyatlar bilan taqdim etilgan. Kompaniyaning mobil qurilmalari insonlar hayotiga mazmun va maqsad olib kira oldi.

Ayfonning so‘nggi avlodi – iPhone SE smartfoni 2016 yilning 21 mart kuni taqdim etildi va 31 martdan boshlab 399 AQSh dollari miqdorida erkin savdoga chiqarildi.

Apple ayfondan tashqari yana ko‘plab ehtiyoj yuqori bo‘lgan elektron qurilmalarni ham ishlab chiqaradi. Xususan, iPad hamda iPod devayslari ham jahoning eng xaridorgir qurilmalaridir. Kompaniyaning iPhone, iPod, Mac, Apple TV, Apple watch, iPad qurilma va xizmatlarining faol foydalanuvchilari soni 2016 yilning yanvar oyida 1 milliard nafardan oshib ketgan.

Eslatma: Apple Inc. — amerikaning elektron qurilmalar, personal kompyuter va planshetlar, audiopleyerlar, telefon va dasturiy programmalar ishlab chiqaruvchi yirik korporatsiyasi. Unga 1976 yilning 1 aprelida amerikalik axborot texnologiyalari mutaxassislari Stiv Jobs va uning do‘stlari Ronald Ueyn hamda Stiv Voznyaklar tomonidan asos solingan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!