Apple 10 dyuymlik arzon iPad va yangi iPad mini tayyorlayapti

  •   DiMaX
  •  322
  •  22.12.2018 09:30

Apple 10 dyuymlik arzon iPad va yangi iPad mini tayyorlayapti

Apple korporatsiyasi 2018 yil oktyabrning so‘ngidagi tadbirida bir nechta gadjetlari qatorida yangi planshetini ham taqdim etgandi. Xitoy matbuotida yozilishicha, kupertinoliklar yangi iPad mini hamda yangilangan iPad chiqarishni rejalashtirishmoqda.

O‘QING: Microsoft o‘zining Surface Go plansheti reklamasida Apple iPad’ni masxara qildi! (+video)

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, iPad mini modeli 2015 yildan beri yangilanmagan. 329 dollarlik arzon iPad 2018 yilda tashqi jihatdan hech o‘zgarishga uchramadi, ammo u yangi protsessorga ega bo‘lib, Apple Pencil stilusini qo‘llab-quvvatlay oladi. 2019 yilda esa bu planshet yangicha dizaynga va sal kattaroq – 10 dyuymlik displeyga ega bo‘lishi kutilmoqda.

iPad mini 5 modeli tez orada chiqishi xususida avvalroq mashhur “Apple’shunos” tahlilchi Min-Chi Kuo xabar bergandi. Uning prognoziga ko‘ra, mazkur planshet 2018 yil so‘ngi yoki 2019 yil boshida taqdim etilishi kerak.

Endi ma’lum bo‘lishicha, bu aypad shu dekabrning oxirigacha ommaviy ishlab chiqarishga joriy etilishi mumkin. Bu esa, Apple uni 2019 yilning fevrali oxirigacha rasman namoyish etadi, deganidir. Xabarlarda ushbu planshetning nisbatan arzon (tabiiyki, Apple mezonlari bo‘yicha) bo‘lishi aytilayotir.

10 dyuymlik iPad, aftidan, 9,7 dyuymlik model o‘rnini egallasa kerak – u yanada yupqa romga ega bo‘lib, 2019 yilning ikkinchi yarmida taqdim etilishi kutilmoqda. 9to5mac.com sayti xabariga ko‘ra, 2018 yilda namoyish etilgan iPad’larning savdosi yaxshi bo‘lmayotganligi bois yangi modellar taqdimoti kechikishi mumkin.

O‘QING: Apple allaqachon arzonlashtirilgan iPad 2018’larni sota boshladi!