Apple asoschisi Moskvada: «Barcha ko‘zi ochiqlarni ko‘rga aylantiribmiz»

  •   DiMaX
  •  2457
  •  09.10.2017 14:58

Apple asoschisi Moskvada: «Barcha ko‘zi ochiqlarni ko‘rga aylantiribmiz»

O‘tgan shanba – 8 oktyabr kuni Moskva davlat universitetida bo‘lib o‘tgan Fan festivalida Apple muassislaridan biri – afsonaviy Stiv Voznyak ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bergan.

Anjumanda so‘zga chiqqan Stiv Voznyak ishtirokchilar tomonidan avvaldan tayyorlab qo‘yilgan savollarga javob bergan. Shulardan ayrimlarini quyida keltirib o‘tamiz.

– Hozirda mavjud sun’iy idrokning inson miyasidan farqi nimada?

– Sun’iy idrok u yoki bu masalani qaysi usul bilan yechishni hal etish uchun buyruqni kutadi. Miya esa, uni qanday yechishni o‘zi anglaydi. Afsuski, miyaning qanday ishlashi haqida biz tasavvurga ega emasmiz. Shunga qaramay, miya iqtisodiy jihatdan ham samaraliroq: bunaqa «murakkab narsa»ni yaratish uchun atigi to‘qqiz oy yetarli bo‘ladi.

– Kelajakda robot his-tuyg‘ularga ham ega bo‘lishi va odamga oshiq bo‘lib qolishi mumkinmi?

– Shunaqa bo‘lishini men inkor etmayman. Menimcha, robotlar bilan qanchalik yaqinlashishimiz haqida tasavvurga ega emasmiz. Shunga o‘xshash vaziyat «U» (inglizchadagi nomi – «Her») filmida tasvirlangan, to‘g‘ri, unda gap operatsion tizim haqida.

– Shaxsiy kompyuter ixtiro qilinganidan keyin odamlar baxtliroq bo‘ldimi?

– Bu juda murakkab savol. Qachonlardin men chindanam shunaqa – agarda kishilarning hayotini osonlashtirsak, bu ularga baxt keltiradi, ular kamroq ishlaydigan bo‘lishadi, deb o‘ylardim. Ammo ular hatto ko‘proq ham ishlay boshlashdi – endi oilani ishlaydigan bitta emas, balki ikkita odam boqishiga to‘g‘ri kelyapti. O‘ylashimcha, agarda baxtlilik darajasiga ko‘ra bizni ibtidoiy odamlar bilan taqqoslasak, taxminan bir xil natija chiqadi.

Qachonlardir Stiv Jobs ikkalamiz, ko‘zi ojiz odamlarni ko‘ra oladigan qiluvchi gadjet yaratishni orzu qilgandik. Lekin hozir, men metroga kirib, hamma o‘z telefonlariga kirib ketgudek bo‘lib o‘tirgani ko‘rganimda – anglaymanki, biz barcha ko‘zi ochiq insonlarni ko‘rga aylantiribmiz.

Shuningdek, Stiv kelgusida mexanika o‘tmishga aylanib ketishini, insoniyat o‘zga sayyoralarga uchmasligini, odamlar hech qachon o‘lmaydigan bo‘la olmasliklarini bashorat qilgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!