Apple bir necha yil kutilgan AirTag trekerini taqdim etdi (+video)

  •   DiMaX
  •  1798
  •  21.04.2021 11:37

Apple bir necha yil kutilgan AirTag trekerini taqdim etdi (+video)

Kupertinolik korporatsiya AirTag (yoki AirTags) nomli geo-brelok chiqarishi haqida bir necha yillardan beri xabarlar yurar edi. Nihoyat, kecha – 20 apreldagi tadbirida Apple ushbu mahsulotini rasman namoyish qildi.

O‘QING: Ortga nazar: Kutilmagan brendlardan noodatiy telefonlar (2-qism)

Apple AirTag – doirasimon shakldagi kichik aksessuar bo‘lib, kalit, syumka, ryukzak, hamyon kabi buyumlarga, shuningdek uy hayvonlariga biriktirib qo‘yiladi va ularni topishga yordam beradi. Mazkur gadjet Apple Find My ilovasi yordamida ishlaydi.

Brelok korpusi zanglamas po‘latdan ishlangan va IP67 standartiga ko‘ra chang va suvdan himoyalangan. Akkumulyatorini foydalanuvchining o‘zi almashtira olishi uchun qopqog‘i olinadigan qilingan. Darvoqe, batareyasining quvvati bir yil ishlashga yetadi.

Butkul simsiz AirPods quloqchinlari singari, AirTag’ni ham iPhone’ga yaqinlashtirish bilan ulanadi. Ilovada uning ayni damdagi yoki tarmoqda bo‘lgan oxirgi paytidagi joylashuvini xaritada ko‘rish mumkin. Agarda yo‘qolgan buyum Bluetooth to‘lqini yetadigan masofada bo‘lsa – treker ovozli signal beradi, smartfon ekranida esa unga borish uchun qaysi tomonga necha qadam yurish kerakligi ko‘rinadi. Agarda geo-treker Bluetooth to‘lqinidan tashqarida bo‘lsa, u holda Find My servisi uni ulkan tarmoq (taxminan 1 milliard qurilma) yordamida izlab topadi. AirTag joylashuvi uning egasiga fon rejimida, anonim va maxfiy tarzda yetkaziladi.

Bordiyu kimdir yo‘qotilgan AirTag’ni topib olsa, unga o‘z iPhone smartfoni yoki NFC chipli istalgan qurilmasi yordamida bog‘lanib, veb-saytga o‘tishi va egasining telefon raqamini (agar o‘zi taqdim etgan bo‘lsa) ko‘rishi mumkin.

Ta’kidlash kerakki, joylashuv o‘rni yoki lokatsiyalar tarixi haqidagi hech qanaqa ma’lumot AirTag’ning o‘zida saqlanmaydi. Bu ma’lumotlarga faqat aksessuarning egasi kira oladi.

AirTag trekeri 30 apreldan sotuvga chiqadi; uning bir donasi 29 AQSh dollariga baholangan. Shuningdek, xohlovchilar to‘rttasini $99 evaziga ham olishlari mumkin. Darvoqe, uning raqibi – Samsung Galaxy SmartTag ham xuddi shunday narxda sotilmoqda.

O‘QING: Galaxy Unpacked’ning barcha roliklari bitta joyda: Galaxy S21, Galaxy Buds Pro hamda Galaxy SmartTag bilan to‘liq tanishamiz!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!