Apple bugun qizil rangli iPhone 8'ni taqdim etishi mumkin

Apple bugun qizil rangli iPhone 8'ni taqdim etishi mumkin

MacRumors nashrining yozishicha, Apple 9 aprel kuni, ya’ni bugun qizil rangdagi iPhone 8 va iPhone 8 Plus'ni taqdim qilishi lozim. Ushbu smartfonlarga jilo berishi kutilayotgan yangi - qizil rang Apple'ning Afrikada OITS kasalligiga qarshi kurashuvchi RED (Qizil) xayriya tashkiloti bilan hamkorligi doirasida yuzaga chiqmoqda.

Xabarda aytilishicha, yangi qizil iPhone 8'larga bugundan buyurtma berish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. iPhone X'ning ham qizil rangdagi talqini chiqariladimi yoki yo‘qmi, bu hali ma’lum emas.

Apple'ning qizil rangdagi qurilmalari Qora Qit’ada davosiz kasalliklarga qarshi kurashayotgan yuqoridagi xayriya tashilotini qo‘llab-quvvatlashi ko‘zlangan. Apple mazkur tashkilot bilan 2012 yildan beri hamkorlik qilib keladi. Hamkorlik doirasidagi ilk Apple qurilmasi o‘sha yili taqdim qilingan qizil rangli iPod bo‘lgan edi.

O‘tgan yili Apple iPhone 7'ning qizil rangli talqinini taqdim qilganda Red xayriya tashkiloti rahbari Debora Dugan kupertinolik gigant OITS, o‘pka sili va qizamiqqa qarshi kurashish uchun tashkil qilingan Xalqaro Fond (Global Fund)ning eng yirik donori ekanligini ma’lum qilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Apple hamkorlik davomida RED tashkilotiga $130 milliondan ortiq xayriya qilgan.

O‘z iPhone'larini, odatda, sentyabr oyida taqdim qiladigan Apple yangi rang bahonasida qurilmalar savdosini ham ko‘tarib olishni ko‘zlamoqda.

Ko‘pchilik yoqtiradigan qizil rang esa savdolarni jonlantirish uchun yaxshi turtki bo‘la oladi. Ma’lum bo‘lishicha, Apple o‘tgan yili bir necha yangi qurilma taqdim qilgan bo‘lsada, joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha iPhone'lar savdosi bir foizga tushgan.

Bundan tashqari Samsung o‘zining navbatdagi «bayroqdor» Galaxy S9 smartfonini e’lon qilishi ortidan Apple mahsulotlariga qiziqish bir muncha pasaygan. Shu sababli Apple yangi rang bahonasida o‘z mijozlariga kichik bo‘lsada, yangilik taqdim qilmoqchi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda dunyo ahli qo‘lida faol bo‘lgan Apple qurilmalari soni 1,3 milliardga teng.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!