Apple eng arzon smart-soati – Watch SE modelini ham chiqardi!

  •   DiMaX
  •  2305
  •  16.09.2020 17:42

Apple eng arzon smart-soati – Watch SE modelini ham chiqardi!

15 sentyabrdagi onlayn marosimida Apple kompaniyasi iPad 8 planshetini taqdim etgani, shuningdek, Apple Watch Series 6 smart-soatini namoyish qilgani haqida yozgandik. Bundan tashqari, mazkur tadbirda arzonlashtirishgan smartvoch ham ilk bor keng jamoatchilikka ko‘rsatildi.

O‘QING: Apple Watch’ning original funksiyasi qanday ishlashini sekinlashtirilgan videoda ko‘ramiz

iPhone SE ommabopligidan ruhlanishganmi, kupertinoliklar bu aqlli soatni Apple Watch SE deb nomlashgan. Mohiyatiga ko‘ra u Apple Watch Series 3 modelining davomchisi bo‘lib, Apple Watch Series 6’ning ham ayrim funksiyalarini o‘zlashtirgan, ammo undan ancha arzon. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, yangi smart-soatdagi Retina-displey uchinchi avlod smartvochnikiga nisbatan 30 foizga kattaroq.

Apple ushbu gadjetini korpusining o‘lchami 40 va 44 millimetrlik o‘lchamlarda, Bluetooth hamda LTE-versiyalarda chiqargan. U ham yangi – watchOS 7 operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi. Apple Watch SE modelining ikki yadroli protsessori Apple Watch Series 3’dagiga qaraganda ikki baravarga samarador.

Watch Series 6 modelidagi Always On Display rejimi va qonning kislorodga to‘yinganlik datchigi Watch SE modelida yo‘q. Lekin arzonlashtirilgan aqlli soatda kompas, akselerometr, giroskop, dinamik va mikrofon mavjud. Apple uni yana uyqu monitoringi, yiqilishni aniqlash, balandlikni o‘lchash va favqulodda vaziyatlarda chaqirish funksiyalari bilan ham ta’minlagan.

O‘QING: Apple Watch’dagi yangi funksiya 87 yashar ayolning hayotini saqlab qoldi

Aftidan, Apple Watch SE modeli Fitbit va boshqa fitnes-trekerlarga raqobatchi sifatida ishlab chiqilgan. Shuningdek, u keksalar hamda yosh bolalarga ham mos keladi. Bundan tashqari, mazkur gadjet yangicha oilaviy sozlamaga ham ega: u xabarlar monitoringi va joylashuv haqida xabar berish kabilarga imkon beradi.

Apple Watch SE uchun avvaldan buyurtma olish allaqachon boshlab yuborilgan, do‘konlarga esa uni 18 sentyabr – juma kunidan chiqarishadi. Yangi aqlli soatning narxi 279 AQSh dollaridan boshlanadi.

O‘QING: Qaynonasini o‘ldirgan kelinni Apple Watch fosh etdi