Apple eng g‘ayrioddiy mahsulotini patentladi – bu sizga smartfon yo kompyuter emas!

  •   DiMaX
  •  925
  •  03.12.2018 18:22

Apple eng g‘ayrioddiy mahsulotini patentladi – bu sizga smartfon yo kompyuter emas!

Patently Apple nashri e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, kupertinolik gigant yangi bir ishlanmasi uchun patent olgan. Hujjatlarga qaraganda, Apple turli sensorlar va datchiklarga to‘la... ko‘rpa ishlab chiqmoqda!

O‘QING: Podoon – aqlli yostiq: u insonning holatiga moslashadi

Apple tayyorlayotgan «aqlli» ko‘rpaning kodli nomi – iSheet. Unga sensor ekran joylangan bo‘lib, kishining tomir urishi, tana harorati va nafas olish ko‘rsatkichlarini aks ettirib turadi. Ko‘rpaga jami 53 ta pezo-sensor o‘rnatilgan, ular tananing turli qismlaridan salomatlikning muhim ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi. Olingan axborotlar kuchli «sun’iy idrok» tizimi yordamida tahlil qilinadi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifokorga yoki tibbiyot muassasasiga yuboriladi.

Apple mazkur patentida ta’kidlashicha, shu kabi salomatlik sensorlari tizimi yostiqda ham qo‘llanishi mumkin. Shuningdek, agar foydalanuvchi istasa, o‘z sog‘lig‘i haqida ma’lumot yig‘ishni taqiqlab ham qo‘ya oladi.

Ko‘rinib turibdiki, ushbu texnologiya ko‘proq kasalxonalardagi bemorlarning ahvolini monitoring qilishda qo‘l keladi. Ammo shunday «aqlli» ko‘rpadan o‘z salomatligidan xavotirda bo‘lgan oddiy kishilar ham foydalanishlari mumkin.

Yana bir jihatni ham nazardan qochirmaslik darkor: Apple ko‘plab turli mahsulotlarni patentlaydi, ammo ulardan ayrimlarigina savdoga taqdim etiladi. Umuman olganda, kupertinoliklar «aqlli» ko‘rpa va yostiq ishlab chiqarishlari hozircha aniq emas. Ammo shunga o‘xshash mahsulotni allaqachon «xitoycha Apple» taqdim etgan.

O‘QING: Xiaomi "aqlli ko‘rpa"ni sotuvga chiqardi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.