Apple I kompyuteri qachon va qanday yaratilgan edi?

  •   DiMaX
  •  3270
  •  29.06.2017 18:00

Apple I kompyuteri qachon va qanday yaratilgan edi?

Stiv Voznyak 1975 yilning ayni 29 iyun sanasida Apple I kompyuterining prototipini ilk bor ishlatib ko‘rgan edi. Bu – tarixda birinchi bor uy kompyuterida terilgan belgilarning televizor ekranida aks etishi edi, deb yozadi Ferra nashri.

O‘sha yilning bahorida Voznyak «Uy kompyuter klubi» yig‘ilishiga qatnardi. U davrlarda barcha ixcham va arzon ($495) kompyuter – Altair 8080’dan ilhomlangan edi. Ammo unda ishlash uchun pereklyuchatellar bilan qurollanib olish va bir qator lampochkalarning signallarini kuzatib borish talab etilardi. Bundan tashqari, devays xaridorlarga platalar va butlovchi qismlar shaklida yetkazib berilar, egalari uni o‘zlari ulab, kavsharlab yig‘ib olishlari kerak bo‘lardi.

Shunda Voznyakning xayoliga bir fikr keldi: televizorga ulanadigan, klaviaturali kompyuter yaratsa bo‘lmasmikan? Serg‘ayrat Stiv o‘ylaganini amalga oshirdi ham!

Voznyakning adashi va hamkori Jobs esa, bundan pul ishlab olish mumkinligini payqab qoldi. Ikkovlon kelishib, shu biznesni yo‘lga qo‘yishga qaror qilishdi, ammo montaj platalari konstruktoriga haq to‘lash uchun ularning mablag‘i yo‘q edi. «Jon qiynamasang jonona qayda…» deganlaridek, biznes uchun ayrim narsalardan voz kechishga to‘g‘ri keldi: Voznyak o‘zining HP 65 rusumli kalkulyatorini, Jobs esa – avtomobilini sotishdi.

Ikkala Stiv – Voznyak va Jobs o‘zlari yaratgan kompyuter bilan

Shu tariqa, Apple I modeli yig‘ilgan holda sotilgan ilk uy kompyuteriga aylandi. Uning narxiyam ozmas, ko‘pmas – naq 666,66 dollar edi. To‘g‘ri, baribir unga qo‘shimcha tarzda korpus, quvvat blogi, klaviatura va monitor ham xarid qilish kerak bo‘lardi. Ammo, raqobatchilarning modellariga solishtirganda, shuning o‘zi ham katta burilish bo‘lgan.

Qo‘lbola yog‘och korpusga solingan Apple I kompyuteri

Shu modelning ilk namunasini esa, yuqorida ta’kidlaganimizdek, 1975 yil 29 iyunda yoqib, ishlatib ko‘rishgandi.

Qizig‘i shundaki, bu ilk modelning kamyob bo‘lib qolishi – aynan Apple kompaniyasining atay qilgan ishidir. Chunki, foydalanuvchilarning uni ishlatish bo‘yicha tug‘iladigan savollariga faqat bittagina kishi – shu Stiv Voznyak javob bera olardi. Shu bois ham bu modelni imkon qadar iste’moldan chiqarish payiga tushishdi. 1977 yildan esa kompaniya Apple I kompyuterlarini qaytib olib, buning evaziga yangi model – Apple II uchun chegirma taqdim eta boshladi. Qaytarib olingan ilk kompyuteri nusxalarini esa Apple’ning o‘zi yo‘q qilardi.

Shu tariqa Apple kompyuterlarining ilk avlodi kamyob bo‘lib qoldi, natijada, hozirgacha 66 ta original Apple I saqlanib qolgan. Lekin ulardan 6 tasi hali ham ishlaydi. Yaqindagina shulardan bittasi o‘z narxidan 500 baravar qimmatga sotilgani haqida ham xabar bergandik.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.