Apple iOS 11’da Stiv Jobsning vasiyatiga xiyonat qilmoqchi

  •   DiMaX
  •  2093
  •  05.06.2017 17:46

Apple iOS 11’da Stiv Jobsning vasiyatiga xiyonat qilmoqchi

iOS 11 taqdimoti arafasida Apple kompaniyasi o‘zining App Store ilovalar do‘koniga Files ilovasini joylashtirdi, ammo hozircha uni yuklab olish imkoni yo‘q. Aftidan, u foydalanuvchiga o‘z qurilmasidagi fayllarni markazlashgan holda boshqarish imkonini beradi. Aynan shu holat esa kompaniya asoschisining bu xususdagi qarashlariga ziddir, deb yozadi The Verge nashri.

Apple bugun WWDC 2017 konferensiyasida iOS 11 operatsion tizim versiyasini taqdim etadi va yangi – Files ilovasi shunda ishlashi ehtimoli yuqori. Ilovaning muallifi Apple’ning o‘zi bo‘lib, hozircha uni ko‘chirib olish va qurilmaga o‘rnatish imkoni taqdim etilmagan. 64 bitli mazkur ilovani dasturchi Stiv Trafton-Smit payqab qolgan.

Nomiga qaraganda, yangi dastur o‘ziga xos fayl menejeri bo‘lsa kerak. Ko‘rinadiki, kompaniya foydalanuvchilarning qurilmalaridagi fayllarning boshqaruvi borasidagi o‘z yondashuvini o‘zgartirishga qaror qilgan. Birinchi iPhone chiqarilganidan buyon iOS tizimida markazlashgan fayl menejmenti mavjud emas. Foydalanuvchi fayllarga turli ilovalar va «bulutli» servislar orqali kiradi. Fayllar tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishning taqiqlanishi g‘oyasi Apple asoschisi va bosh mafkurachisi Stiv Jobsga tegishli. Uning qarashlariga ko‘ra, oddiy foydalanuvchiga fayl menejerining keragi yo‘q, bu – professionallar ishi bo‘lishi kerak. Endi esa, oradan o‘n yil o‘tib, kompaniya bu masalada o‘z asoschisining qarashlariga qarshi chiqayotir.

Fayllarni boshqarish masalasida iCloud Drive ilovasi sal yangilik bo‘lgan, ammo buning uchun fayllar qurilmada emas, balki iCloud Drive’ning o‘zida bo‘lishi lozim.

Bilamizki, iOS’dan farqli ravishda, Android tizimida fayllarni boshqarish ancha erkin. Foydalanuvchilarga ularni an’anaviy fayl menejerlari orqali ham, turli «bulutli» servislar orqali ham boshqarish imkoniyatlari taqdim etilgan.

Xullas, Apple o‘z falsafasini chindan o‘zgartiradimi-yo‘qmi, bunga tez orada aniqlik kiritiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!