Apple iOS 13 operatsion tizimi taqdim etildi – yangi imkoniyatlar bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  2369
  •  04.06.2019 11:11

Apple iOS 13 operatsion tizimi taqdim etildi – yangi imkoniyatlar bilan tanishing!

Kecha boshlangan WWDC 2019 tadbirining eng kutilgan taqdimotlaridan biri iOS 13 tizimi bo‘lsa kerak. Mazkur namoyish chindan ham Apple ixlosmandlarining kutishlari behuda emasligini isbotladi.

O‘QING: iPhone va iPad’larning qaysilari iOS 13’gacha yangilanadi, qaysilari – yo‘q?

Apple iOS 13 tizimida o‘zgarishlar ko‘p, shu bois faqat eng muhimlarinigina sanab o‘tamiz. Avvalo, kupertinoliklarning operatsion tizimida, nihoyat, to‘qrang interfeysli mavzu paydo bo‘ldi. Korporatsiya shu yil kuzda taqdim etadigan smartfonlari – OLED-ekranli uchinchi avlod ayfonlardir, lekin Apple negadir shunday displeyli qurilmalar uchun muhim bo‘lgan tungi rejimni bunchalik kechiktirgani g‘alati.

Kupertinolik gigant yana o‘z qurilmalarining ishlash tezligi va optimizatsiyasiga e’tibor qaratgan. Kompaniyaning va’dasiga ko‘ra, iOS 13 tizimida Face ID funksiyasi naq 30 foizga tezlashadi. Yana ilovalarning yangilanishlari hajmi 60 foizga kichrayadi, dasturiy ta’minotning ishga tushirilishi ham ikki karraga tezlashadi.

O‘QING: iPhone’lar yanada arzonlashdi – Terashop.uz’dagi narxlar bilan tanishing! (2019 yil 1 iyun)

Taqdimot marosimida ishtirokchilarni juda xursand qilgan yana bir yangilik sizga ham ma’qul keladi – iOS’ning o‘z klaviaturasi endi svaypni qo‘llab-quvvatlaydi. Ya’ni, klaviaturadan barmoqni uzmay turib, kerakli so‘zning harflariga olib borgancha matn terish mumkin.

iOS 13 tizimida yana Reminders ilovasi yangilangan, Notes dasturida galereyani qayta ishlashgan. Apple Maps ham butkul o‘zgargan, lekin afsuski, bu o‘zgarishlar AQShdagi foydalanuvchilar uchungina amalda foydalidir.

Apple yangilangan tizimda xavfsizlikka ham yaxshigina e’tibor bergan. Avvalo, iOS’da endi foydalanuvchi o‘zining joylashuvi haqidagi – geolokatsiya ma’lumotlardan foydalanishi uchun biror ilovaga doimiy asosda emas, balki faqat bir martalik ruxsat bera oladi. Ikkinchidan, Sign in with Apple funksiyasi paydo bo‘lgan – endi chet platformalarda Apple akkauntingiz orqali avtorizatsiya qila olasiz. Aytish kerakki, Google’da bunday imkoniyat ko‘p yillardan beri mavjud, lekin harna – hechdan ko‘ra kech...

O‘QING: iPhone’lar ham tez orada Samsung Galaxy S10’dagi muhim funksiyaga ega bo‘ladi

Shuningdek, foto va videolar bilan ishlash ilovasiga ham ancha takomillashtirilgan, ko‘plab yangi imkoniyatlar qo‘shilgan. Bulardan tashqari, animoji’lar yangilangan, Siri yanada «aqlliroq» bo‘lgan.

Dasturchilarga mo‘ljallangan iOS 13 versiyasini allaqachon sinab ko‘rish mumkin, tizimning yakuniy versiyasi esa kuzda, yangi iPhone’lar taqdimoti paytida barcha foydalanuvchilarga topshiriladi.

Apple smartfonlaridan qaysilari iOS 13 tizimini qo‘llab-quvvatlashi masalasiga kelsak, iPhone SE ham ushbu ro‘yxatga kirgan. «Asosiy» turkumga kelsak, yangi dasturiy ta’minot iPhone 6s/6s Plus va shulardan keyin taqdim etilgan modellarga keladi.

O‘QING: iPhone va iPad’larning qaysilari iOS 13’gacha yangilanadi, qaysilari – yo‘q?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.