Apple iOS 16.3 talqinini taqdim etdi

Apple iOS 16.3 talqinini taqdim etdi

Yangi avlod HomePodlari uchun qo'llab-quvvatlash, Apple ID uchun xavfsizlik kalitlari va boshqa yangilanishlarni taqdim etuvchi yangi talqin 26-yanvar kuni paydo bo'ldi. Yangilanish iPhone 8 va undan yangiroq modellarga taqdim etildi.

16.3 talqini yangi qulayliklar, tuzatilgan xatoliklar, xavfsizlik yangilanishlari bilan keladi. Ushbu talqin avvalgi 16.2 talqindan deyarli bir oy o'tib paydo bo'ldi. Quyida yangilanishdagi asosiy jihatlarni tanishamiz:

Ikkinchi avlod HomePodlar uchun qo'llab-quvvatlash

Applening yangi iOSi 2-avlod HomePodlarni qo'llab-quvvatlashi ko'zda tutilgan. Yangilangan HomePodning narxi $299 dan boshlanadi, 3-fevraldan sotuvga chiqishi rejalashtirilgan. Kompaniya bu haqda iOSning yangi talqini tanishtirilishidan 4 kun oldin ma'lum qildi.

Qora tarix oyi uchun qayta ishlangan "birlik" fon rasmi

Eng so'nggi iOS yangilanishi Apple Black Unity to'plamining bir qismi sifatida yangi iPhone fon rasmini o'z ichiga oladi. Apple shuningdek, Apple TV, Fitness Plus, Musiqa, Xaritalar, Kitoblar, Podkastlar va App Store uchun Black History Month kontentini to‘plamning bir qismi sifatida chiqarishni rejalashtirmoqda.

Yangilangan iOS fon rasmi // skrinshot

Favqulodda SOS holatlarida sun'iy yo'ldoshga ulanishning yangi usuli

Apple sentabr oyida favqulodda holatlarda sun'iy yo'ldoshga ulanish orqali yordam signali yuborish funksiyasini tanishtirgan edi. iOSning 16.3 talqinidan boshlab, ushlab turib chaqirish funksiyasi ushlab turish va qo'yib yuborib chaqirishga almashtirildi. Agar qo'ng'iroq chaqiruvi tugmasi ushlab turilsa va qo'yib yuborib, quvvat tugmasini ovoz boshqaruvi tugmasi bilan birgalikda bosib turilsa, teskari sanoqli vahima signali ishga tushadi. Sanoq tugagandan so'ng tugmalar qo'yib yuboriladi, iPhone avtomatik ravishda favqulodda vaziyatlar xizmatiga avtomatik qo'ng'iroq qiladi. Oldingi talqinda quvvat va ovoz boshqaruvi tugmalarini bosib, chaqiruvni slayder orqali tasdiqlash kerak edi. Shundan keyin teskari sanoq boshlanib, chaqiruv amalga oshirilar edi. Shuningdek, shovqinsiz chaqiruv imkoniyati ham qo'shildi. Ushbu funksiya yoqib qo'yilsa, SOS chaqiruvi paytida vahima signalisiz favqulodda vaziyatlar xizmatiga chaqiruv amalga oshiriladi.

Xavfsizlik kaliti qo'shish funksiyasi // skrinshot

Endi Apple ID xavfsizlik kalitlari bilan ham ishlaydi

Foydalanuvchilar endi ikki bosqichli tasdiqlash paroli o'rniga uchinchi tomon (FIDO MChJ) xavfsizlik kalitlari orqali Apple IDga kirishi mumkin. Xavfsizlik kalitlari odatiy uy kalitlari kabi jismoniy qurilma hisoblanib, hakerlar va fishing firibgarliklari oldini olish uchun qo'shimcha himoya vazifasini bajaradi.

Xatoliklar tuzatilishi

  • iOS 16.2da taqdim etilgan Freeform ilovasida barmoq yoki Apple Qalam bilan chizilgan chizgilar ulashilganda ko'rinmasligi;
  • Qulflangan ekrandagi fon rasmi ba'zan qora rangga almashib qolishi;
  • iPhone 14 Pro Max ishga tushirishda tez-tez paydo bo'ladigan gorizontal chiziq muammosi;
  • Home Lock Screen vidjetida indikatorlar noto'g'ri aks ettirilishi;
  • Siri orqali musiqa boshqaruvi ishlamay qolishi muammosi;
  • CarPlay orqali musiqa ijro etilgandagi Siri bilan bog'liq nosozliklar tuzatildi.

Muallif: Hidoyatxon Atabaev

O'QING: Internetda sirli Galaxy smartfonlari sertifikatlari paydo bo‘ldi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!