Apple iPad Pro 9.7: kompyuterga qarshi maydonga tushgan planshet

Apple iPad Pro 9.7: kompyuterga qarshi maydonga tushgan planshet

Taqdim etilgan vaqti: 2016 yil, 21 Mart

Ishlab chiqaruvchi:  Apple korporatsiyasi

iPad Pro 9.7 – takomillashgan operatsion tizim, sermahsul protsessor va yuqori sifatli displeyni mujassam qila olgan jahonning eng yaxshi flagman plansheti. Pro 12.9 planshetidan farqli ravishda, iPad Pro 9.7 yanada ixcham va yengil va undan arzon narxda sotuvga chiqarildi. Planshet bilan birga e’lon qilingan ilg‘or “qalamcha” va “aqlli klaviatura” qurilmaning imkoniyatlarini yanada oshiradi.

iPad Pro 9.7’ning komplekti planshet, zaryadlash qurilmasi hamda gadjetni kompyuter bilan ulaydigan kabeldan iborat.

Dizayn

MacBook Pro, iPod Classic, iPhone kabi gadjetlarni tahlil qilib, Apple foydalanuvchilarga doimo munosib texnologiyalarni taqdim etishi haqida xulosa yasash mumkin.

9.7 dyuymli iPad Pro plansheti tashqi ko‘rinishidan “iPad Air”ni eslatadi. Bir xil o‘lcham va og‘irlik. Faqat yangi qurilma korpusining orqa qismidagi kamera Air’niki kabi do‘mpayib chiqmagan.

Shuningdek, alyuminiydan tayyorlangan korpusning chap yonida 3 ta nuqta shaklidagi indikator mavjud. U qurilmaga Apple’ing Smart Connector’i yordamida ulanuvchi ajraladigan klaviaturaning ulanganligini ko‘rsatib turadi.

Planshet korpusining yuqori qismidan 3.5 mm an’anaviy audio konnektor, o‘chirib-yoqish, tizimdan chiqish tugmasi o‘rin egallagan.

Korpusning o‘ng yonida shovqin darajasini pasaytiruvchi maxsus mikrofon, ovozni boshqarish tugmachasi va kichik hajmdagi SIM karta uchun bo‘lmacha mavjud.

Yangi iPad Pro 9.7’da ilk marotaba «och pushti tillarang» talqindagi korpus taqdim etildi. Bu talqin ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi. Ayniqsa, xotin-qizlarga.

iPad Air’dan yana bir farqi – uning orqa korpusidan o‘rin olgan antenna qismi endi plastik emas, alyuminiy metali bilan yopilgan, bu yerda endi faqatgina oq hoshiya mavjud.

Shuningdek, ilg‘or planshetdagi dinamiklar soni ham 2 ga ko‘payib, endi gadjet korpusining yuqori va pastki tomonida 2 tadan, jami 4 ta stereo texnologiyasi joriy qilingan karnay mavjud. Bu esa uning audio uzatish tizimini yanada takomillashtirdi, ovoz diapazoni kengaydi.

Planshet o‘lchamlari

Ko‘rib turganingizdek, korpus o‘lchami 9.7 dyuym. Planshet eniga 240 mm, yoniga 169.5 mm bo‘lib, uning korpus qalinligi 6.1 mm. Qurilma og‘irligi 437 gramm. Uning Wi-Fi/LTE’ga talqini 444 gramm tosh bosadi. Qo‘lga olar ekansiz, yengilligidan kaftingizda butun boshli kompyuter o‘rnini bosuvchi apparat turganiga ishongiz kelmaydi.

Samsung Galaxy Tab S2

Pro 9.7 hamda uning raqibi bo‘lmish Samsung Galaxy Tab S2 9.7’ning o‘lchamlarini solishtirib ko‘rsak, Samsung Galaxy Tab S2 ham 9.7 dyuym. Uning balandligi  237.3 mm, eni 169 mm, korpus qalinligi 5.6 mm. Og‘irligi esa 392 gramm.

Ekran

Pro 12.9 ayni paytda jahondagi eng yuqori piksel sig‘imi (2732×2048)ga ega planshet. Pro 9.7  Retina IPS ekranining piksel sig‘imi esa 2048×1536. Air 2 hamda Pro 9.7 displeyini solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, yangi planshetning displeyi ilg‘or, yuqori darajadagi yorqinlikka ega.

Rang-tasvir uzatish darajasi, havosiz qatlamli displey, optimallashtirilgan ilovalar jamlanmasi evaziga bunga guvoh bo‘lish mumkin. Displey shisha himoya qatlamiga ega.

Pro 9.7 planshetida ilk marotaba TrueTone funksiyasi tatbiq etildi. U planshet ekraniga tushayotgan tashqi yorug‘lik darajasini tahlil qilib, ekranning oq tus balansini avtomatik ravishda sozlaydi. Old kameraga o‘rnatilgan FaceTime HD funksiyasi esa suhbat chog‘ida vaziyatdan kelib chiqib ekranning tasvir uzatish sifatini yaxshilaydi.

NightShift sozlamasi esa avtomatik ravishda tun mahalida rang va yorug‘lik ko‘zni og‘ritmasligi uchun iliq ranglar gammasini ishga tushiradi.

Yangi displeyning yana bir muhim jihati — DCI  hamda sRGB rang spektrlarini uyg‘unlashtirgan. Natijada, displeyda aks etuvchi ranglar ulushi 25 foizga oshgan.

Pro 9.7 plansheti displeyida 3D Touch texnologiyasi tatbiq qilinmagan.

Operatsion tizim

Planshet iOS 9.3 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Operatsion tizimda shrift shakli, ko‘p funksiyali ekran, ilova hamda interfeys qulayliklari yanada oshgan. Tizim ilg‘orliklari foydalanuvchiga ko‘p qulayliklar yaratadi.

Foydalanuvchilar mazkur planshetda iPad Pro/Mini 4’da bo‘lgani kabi iOS 9 bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan ilovalarni o‘qishdagi nosozlik, akkumulyator faoliyati, Wi-Fi muammolari xususida shikoyat qilishmoqda. Uni tez orada  iOS 10’ga ham yangilash imkoniyati yaratib beriladi.

iPad Pro’ning Touch ID texnologiyasi barmoq izlarini tizimga kirish uchun unutilmas maxfiy kalitga aylantiradi. Qurilma tizimini barmoqni tekkizish orqali qulflash mumkin.

Planshet tizimining katta kamchiligi sifatida planshetda o‘rnatish mumkin bo‘lgan ilovalarning cheklanganligi aytilmoqda.

Platforma

Ichki o‘zgarishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Apple taqdim etgan so‘nggi planshet Apple A9X protsessori, 256 GB.gacha xotira sig‘imi bilan ta’minlandi. Shuningdek, uning ekrani ham Apple Pencil ilg‘or qalamchasini qo‘llab-quvvatlaydi. “Pro”, ya’ni “takomillashgan” degan yorliq o‘zini oqlayapti.

An’anaga muvofiq, Apple ishlab chiqarayotgan barcha qurilmalar ilk 1-yilda yuqori tezlik va samaradorlikda ishlaydi.

Planshetda 2 yadroli, 2.16 GGs chastota tezligida ishlaydigan,  64 bitli Apple A9X protsessori o‘rnatilgan. Unda grafik-tasvir sifati uchun PowerVR Series 7 grafik protsessori javob beradi. Pro 9.7 planshetining operativ xotirasi 2 GB. Ichki doimiy xotira 32/128/256 GB talqinlarda ishlab chiqarilmoqda. Planshetda alohida Card slot xotirani kengaytirish bo‘lmachasi mavjud emas.

Quvvat manbai

Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 7306 mA soatni tashkil qiladi. Ya’ni, Air 2’niki bilan bir xil. Ammo bu akkumulyator Pro 9.7’ga uzoqroqqa yetadi. Yangi planshet bu quvvat bilan taxminan 10% ko‘proq ishlaydi. Bu protsessorning energotejamkor ekani natijasidir. O‘rtacha, ya’ni kuniga 2 soatdan foydalangan taqdirda, planshetni haftada 1 marotaba to‘la quvvatlash maqsadga muvofiq. Bu quvvat bilan planshet 10 soat uzluksiz ishlay oladi. Akkumulyator 4 soatda to‘la quvvat oladi.

Kamera

Odatda smartfon va planshet ishlab chiqaruvchi kompaniyalar planshet kamerasiga u darajada katta e’tibor qaratishmaydi. Ehtimol, ular planshetda surat yoki video tasvirga olishni muhim hisoblashmasa kerak. Ammo, Apple bu qarashlarni rad etib, Pro 9.7’da iPhone 6S’niki kabi, diafragmasi F/2.2 bo‘lgan 12 MP kamera modulini tatbiq etgan. Faqat Pro 9.7’da optik barqarorlashtirish tizimi mavjud emas. Biroq planshetda olingan suratlar ham 6s olgan rasmlar bilan bellasha oladi. Lekin, suratlar 6s’ning ixcham displeyida yuqori sig‘imli ko‘rinsa, Pro 9.7’ning katta ekranida u qadar aniq-tiniq namoyon bo‘lmaydi.

Pro 9.7 ayni paytgacha jahon miqyosida namoyish etilgan planshetlar orasida eng yaxshi “suratkash” hisoblanadi. Shunday bo‘lsa ham, uning ichki sharoitda olgan suratlari u qadar emas. Uning 5 MP old kamerasi esa selfi olishda beqiyos.

iPad’larning barchasi ham video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishda ustasifarang emas. Ammo, aytish mumkinki, Skype orqali o‘rnatilgan video muloqot chog‘ida Pro 9.7 o‘zining qolgan “ajdodlari”ga nisbatan kuchli ekanini namoyish qiladi. Ehtimol, bu Skype’ning iOS tizimi uchun yanada takomillashtirilagin uchundir.

Video tasvir yozishda iPad Pro 9.7 maksimal sig‘imli, ya’ni 4k video yozadi. Shu bilan birga, unda slow-mo rejimida, chastota tezligi 120 k/s bo‘lgan FHD yoki 240 k/s bo‘lgan HD tasvir ham yozish mumkin.

Kommunikatsiya

Planshet aloqa tarmog‘ining WLAN (2G/3G/LTE), Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac, dual-band, Bluetooth v4.2, A2DP, EDR, GPS, A-GPS, GLONASS (Wi‑Fi + LTE modeli uchun), NFC (faqat Apple Pay to‘lovlari uchun) texnologiyalarida faoliyat ko‘rsatadi.

Planshetda radio mavjud emas. Planshetda USB  v2.0 hamda magnit konnektorlar mavjud.

Muhim jihatlari

Pro 9.7’ga qo‘shimcha ravishda  99 dollardan sotuvga chiqarilgan Apple Pencil “aqlli qalamcha”ni qo‘lga olishingiz bilan silliq displeyda biror nima yozish, chizish istagi paydo bo‘ladi. Buning uchun Procreate ilovasi yordamga keladi. Biz bu qurilmani stilus deb atashni lozim topmadik. Boisi, uning imkoniyatlari yuqori. Uni zerikkanlar va rassomlikka ishtiyoqi borlar uchun vosita deyish mumkin. Misol uchun, biror suratni qo‘yib, uning ustidan qalam yurgizish mumkin.

Boshqa bir qo‘shimcha aksessuar bu – Apple Keyboard, ya’ni klaviaturadir. Undagi klavishlar oralig‘i keng va unda yozish juda oson. Uning yordamida planshet innovatsion laptopga aylanib qoladi. Bu qurilma onlayn do‘konda $139.99 AQSh dollaridan sotilmoqda.

U Pencil va klaviatura yordamida personal kompyuterning o‘rnini bosishga ham da’vo qilmoqda. Mutaxassislar Apple’ning bu «da’vosi»ga shubha bilan qarashmoqda. Buning bosh sabablari sifatida iPad Pro’da sichqoncha va trekpad – qo‘l bilan tegib buyruq berish panelining yo‘qligi aytilmoqda.

Shuningdek,  iPad Pro 9.7’da barmoq izlari skaneri, akselerometr, giroskop, kompas, barometr sensor-datchiklari,IMessage, elektron pochta, HTML5 brauzeri (Safari), Siri virtual yordamchi, ICloud bulut xizmatlari, audio/ video/ foto tahrirlash, hujjat bilan ishlash tizim va funksiyalari mavjud.

Narx-navo

iPad Pro 9.7’ning 32 GB doimiy ichki xotiraga ega talqini ayni kunda Amazon onlayn do‘konida yetkazib berish xarajatlari bilan birga $498.35, 128 GB $725.00, 256 GB talqini $893.0 dollardan sotilmoqda. Ekpertlar qurilmaga qo‘yilgan narx darajasini 10 dan 9 ballga baholashmoqda.

Xulosa

Oldingi model bilan solishtirib ko‘rganda iPad Pro 9.7 plansheti munosib gadjet bo‘lib tuyiladi. Yaxshilangan protsessor, ekran texnologiyasi, 4 ta dinamik, akkumlyator faoliyatining 10 foizga oshgani, sifatli kamera jahonning eng kuchli planshetida mujassam. Tanlovni yana o‘z istagingizga qo‘yib beramiz.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

www.olx.uz $750 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.