Kutilganidek: Apple ortiqcha dabdabalarsiz o'zining yangi planshetlarini taqdim qildi

Kutilganidek: Apple ortiqcha dabdabalarsiz o'zining yangi planshetlarini taqdim qildi

Apple kompaniyasi o'zining oltinchi avlod iPad Pro planshetini hech qanday taqdimotlarsiz namoyish qildi. Kompaniyaning eng so'nggi flagman plansheti M2 chipi bilan jihozlangan bo'lib, u 12.9 va 11 dyuymli ekran o'lchamlarida chiqarilgan.

Salkam 13 dyuymli iPad Pro modeli Mini LED texnologiyasiga asoslangan displeyga ega va bu bilan planshet yaxshilangan kontrast va yanada effektli HDR bilan ishlash imkonini beradi. Kichik ekranli model esa oddiyroq ekranga ega, lekin ularning ikkovi ham Apple'ning ProMotion, 120 gerts yangilanish tezligini qo'llab-quvvatlaydi.

Planshetlardagi e'tiborli yangilanishlarning bir shundaki, ularning ekrani endi Apple Pencil qalamini (12 millimetrgacha yaqinlikda) havoda muallaq turganda ham seza oladi. Apple'ning ta'kidlashicha, ushbu xususiyat foydalanuvchilarga "o'z belgilarini oldin ko'rish" imkonini beradi. Masalan, "Scribble bilan qalam ekranga yaqinlashganda matn maydonlari avtomatik ravishda kengayadi va qo‘l yozuvi matnga tezroq aylanadi." deydi Apple.

Ta'kidlash joizki Samsung smartfon va planshetlari egalari uchun bunday funksiya allaqachon tanish, yoxud Galaxy S5 smartfoni barmog'ingizni ekranga tekkizmasdan yaqinlashtirsangiz, narsadagi ma'lumotlarni oldindan ko'rishingiz mumkin edi.

Kameralar borasida planshetlar 12MP old sensor (+FaceID) bilan jihozlangan bo'lib, u video qo'ng'iroqlar vaqtida sizni markazda ushlab turgan holda ramkani avtomatik ravishda sozlaydigan Center Stage xususiyatiga ega. Orqa tomoda esa 12MP va 10MP (ultra-keng) kameralar mavjud bo'lib, ularga LiDAR skaneri yordamchilik qiladi.

Ichkarida qurilma iPadOS 16 bilan ishlaydi va u uzoq kutilgan Stage Manager xususiyatiga ega. Ushbu funksiya ilovalar va oynalarni avtomatik ravishda tartibga soladi, shu bilan birga, vazifalar o'rtasida tez va oson almashish imkonini beradi. Apple'ning qo'shimcha qilishicha, Stage Manager keyinroq 6K'gacha bo'lgan qo'shimcha displeylarni ham qo'llab-quvvatlashni boshlaydi va planshetda to'rtta, qo'shimcha displeyda to'rtta ilovalar bilan ishlay oladigan bo'ladi.

Boshqa Apple planshetlari uchun ushbu versiya 24-oktabrdan boshlab tarqatilishi ham ma'lum bo'ldi.

Oltinchi avlod iPad Pro bilan simsiz ulanishlar ham yaxshilangan: planshetlar endi Wi-Fi 6E, Bluetooth 5.3 va yanada ko'proq joylarda 5G'ni qo'llab-quvvatlaydi.

Planshetlar uchun kosmik kulrang va kumush ranglarida oldindan buyurtma berish allaqachon boshlangan. 26-oktabrdan esa ular do'kon peshtaxtalariga qo'yiladi. Narxlar quyidagicha:

  128GB 256GB 512GB 1TB 2TB
12.9 dyuymli iPad Pro $1099 $1199 $1399 $1799 $2199
11 dyuymli iPad Pro $799 $899 $1099 $1499 $1899

O'QING: Apple kompaniyasi yana jarimaga tortildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!