Apple iPhone SE’ni qayerda yig‘ish bo‘yicha bir to‘xtamga keldi

Apple iPhone SE’ni qayerda yig‘ish bo‘yicha bir to‘xtamga keldi

Reuters tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Apple’ning 2016 yil mart oyida taqdim qilingan iPhone SE smartfoni Hindistonda to‘liq yig‘iluvchi ilk gadjeti bo‘ladi. Kompaniyadagi ishonchli manbaaning xabar berishicha, ayfon Bangalor shahridagi fabrikalardan birida ishlab chiqariladi.

Ayfonni Hindistonda yig‘ish rejasi bir muddat avval ma’lum bo‘lgan edi. Apple 2 hafta ilgari Karnataka shtatining Axborot texnologiyalarini rivojlantirish vaziri bilan kelishuvga erishganini ma’lum qilgan.

Tayvanlik Wistron nomli ishlab chiqaruvchiga tegishli zavod yiliga 300–400 ming dona iPhone SE apparatini ishlab chiqarish salohiyatiga ega. Ayfonning Hindiston Respublikasida yig‘ilishi Apple’ga katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Jumladan, Hindiston jadal o‘sayotgan yirik smartfon bozori hisoblanadi va kompaniya smartfon bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga muvaffaq bo‘ladi. Counterpoint tadqiqot kompaniyasining ma’lum qilishicha, Apple 2016 yilda Hindistonga 2,5 million dona “ayfon” sotgan va bu bo‘yicha reytingda 10-o‘rinni egallagan. Undan oldingi o‘rinlarni Xitoyning qator kompaniyalari egallashgan.

iPhone SE Hindistondagi va jahondagi qimmat smartfonlardan biri hisoblanadi. AQShda 4 dyuymli telefon apparati $399 dollardan sotilmoqda. Hindistonda bo‘lsa bu gadjet avvaliga $582 AQSh dollaridan sotilgan. Hozirda esa uning narxi $447 dollarni tashkil qiladi. Uning mamlakatda ishlab chiqarilishi va 12 foizli soliqdan ozod qilinishi smartfon narxini ancha-muncha arzonlashtirishi kutilmoqda.

2016 yil bahorida Apple Hindistonda kartografiya bo‘yicha ishlanmalar tayyorlaydigan markaz faoliyatini yo‘lga qo‘ygan edi. Mazkur markazda 4 ming nafar mutaxassis faoliyat ko‘rsatadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!