Apple kelasi yil besh xil yangi ayfon, so‘ng esa «metall sovun» va iPhone SE 2 Plus taqdim etadi!

  •   DiMaX
  •  1717
  •  06.12.2019 16:00

Apple kelasi yil besh xil yangi ayfon, so‘ng esa «metall sovun» va iPhone SE 2 Plus taqdim etadi!

Kupertinolik korporatsiyaning mahsulotlari haqida to‘g‘ri chiquvchi prognozlari bilan tanilgan tahlilchi Min-Chi Kuo yangi ma’lumotlar taqdim etdi. Unda 2020 va 2021 yillari Apple chiqaradigan smartfonlarning ayrim jihatlari oshkor etilgan.

O‘QING: Apple boshqa kompaniyalardan o‘rnak ola boshlaydi

2020 yili Apple bu yilgi iPhone 11, iPhone 11 Pro va iPhone 11 Pro Max modellarining davomchilaridan tashqari, yana iPhone SE 2 ixcham smartfonini ham chiqarishi aytilayotgan edi. Min-Chi Kuo esa, kelasi yil yangi ayfonlar jami to‘rtta emas, balki beshta bo‘ladi, deyapti. Ulardan to‘rttasi OLED-displeyli, hamyonbop iPhone SE 2 ekrani esa IPS matritsali bo‘ladi. Dizayniga ko‘ra ular o‘tkir burchakli iPhone 4 modelini eslatadi.

OLED-ekranli ayfonlar orasida ekran diagonali 5,4 dyuymlik ixcham model ham paydo bo‘ladi. Qolganlaridan ikkitasi 6,1 dyuymlik, bittasi esa 6,7 dyuymlik displeylarga ega. Dastlabki ikkita smartfon o‘rta narx toifasiga mansub – qo‘shaloq kamerali; 6,1 hamda 6,7 dyuymlik ikkita flagman esa uch modulli kameraga hamda ob’yektlarni uch o‘lchamda skanerlovchi ToF texnologiyasiga ega bo‘ladi.

Min-Chi Kuo ta’kidlashicha, OLED-displeyli to‘rtta yangi ayfon ham 5G modeli bilan jihozlanadi.

iPhone SE 2 esa yakka modulli kameraga hamda 4,7 dyuymlik IPS-displeyga ega bo‘lib, iPhone 8 modeli (sotib olish) bazasida tayyorlanadi. Aftidan, unda original iPhone SE smartfonidagi korpus, displey hamda Touch ID saqlanib qoladi, lekin kamera yaxshilanadi va bu yilgi ayfonlarda qo‘llangan Apple A13 protsessori ishlatiladi.

O‘QING: 2020 yilda Apple tarixdagi eng yirik va o‘ta ixcham iPhone’larni chiqaradi

Lekin bular ham hali hammasi emas: Min-Chi Kuo kupertinoliklarning ikki yil keyingi rejalari haqida ham so‘z yuritgan. Unga ko‘ra, 2021 yilga borib Apple o‘z smartfonlarida Lightning porti va umuman barcha tirqishlardan xalos bo‘lmoqchi. Aksariyat zamonaviy smartfonlardagi universal USB Type-C portiga o‘tish o‘rniga, kompaniya ayfonlarni butkul tirqishsiz, sim ulanmaydigan qilib chiqarmoqchi! Ya’ni, bu – 2021 yildan boshlab iPhone’lar faqat simsiz quvvatlanadi, kompyuterga esa Wi-Fi tarmog‘i orqaligina ulanadi, deganidir!

Aytish kerakki, umuman portsiz, tirqishsiz smartfonlar allaqachon taqdim etilgan; bular – xitoylik innovatsion kompaniyalarning Vivo Apex 2019 hamda Meizu Zero modellaridir. Bulardan birinchisini ushlab ko‘rganlar «metall sovun»ga o‘xshatishgan edi, ikki yildan so‘ng shunaqa iPhone ham chiqsa ajabmas...

2021 yilda yana iPhone SE 2 modelining yanada yaxshilangan – «Plus» qo‘shimchali versiyasi ham taqdim etiladi, deyapti Min-Chi Kuo. Uning ekrani o‘ta yupqa romli bo‘lsa-da, hali Face ID texnologiyasi qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga, barmoq izi skanerini korpusning yon qirrasiga ko‘chirishadi; balki uni smartfonni blokdan chiqarish tugmachasiga integratsiya qilishar.

O‘QING: Mashhur narkobaronning akasi eng arzon buklamafon taqdim etdi va Apple’ni yakson qilishga so‘z berdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!