Apple klassik musiqalar uchun alohida ilova chiqaradi

Apple klassik musiqalar uchun alohida ilova chiqaradi

2021-yilda Primephonic musiqiy xizmatini sotib olgandan so'ng, Apple o'tgan yilning oxirigacha klassik janrdagi musiqalar bilan boyitilgan alohida ilovani chiqarishni maqsad qilgan edi. Kompaniya belgilangan muddatdan biroz kech qoldi, lekin yangi xizmat deyarli tayyor bo'lib qoldi – Apple Music Classical tez orada taqdim qilinadi.

"Apple Music Classical to'liq optimallashtirilgan qidiruv bilan dunyodagi eng yirik klassik musiqa katalogida istalgan audioni tez va oson topish imkonini beradi. Tinglovchilar eng yuqori audio sifatidan bahramand bo'lishlari, ko'plab klassik sevimli qo'shiqlarni immersiv fazoviy audio tajribasi bilan tinglagan holda o'zlarini butunlay boshqacha his etishlari mumkin bo'ladi", – deydi Apple o'zining press-relizida.

Shuningdek, Apple Music Classical "yuzlab tanlangan pleylistlar, minglab eksklyuziv albomlar, ma'lumotlarga boy bastakor tarjimai holi, intuitiv ko‘rish funksiyalari va boshqa ko‘p narsalarni” taklif etadi. Xuddi Primephonic singari, ilova puxta va aniq klassik metadataga ega va bu bilan siz bastakor, asar, dirijyor yoki hatto katalog raqami bo'yicha klassik musiqalarni qidirishingiz mumkin bo‘ladi.

Ma'lum bo'lishicha, Apple Music Classical audioni 192 kHz/24 bitgacha yo'qotishsiz uzatib bera oladi. Ta'kidlash joizki, ilovaning iPad uchun mos varianti bo'lmaydi. Qolaversa, kompaniya ilova birinchi marta chiqarilganida u musiqalarni yuklab olish xususiyatiga ega bo'lmasligini tasdiqlagan.

Apple Music Classical ilovasini 28-martdan App Store orqali yuklab olish mumkin bo'ladi. Uning Android versiyasi tez orada chiqarilishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!