Apple nima uchun Samsung va LG bilan hamkorlikka kirishdi?

Apple nima uchun Samsung va LG bilan hamkorlikka kirishdi?

Apple bu yil kuzda taqdim qiladigan iPhone 13 Pro va 13 Pro Max smartfonlari LTPO OLED panellar bilan jihozlanadi. DigiTimes nashrining yozishicha, kupertinoliklarga ushbu panellarni Samsung va LG ta’minlab beradi.

O‘QING: Endi namoyish etiladigan iPad Pro va iPad mini 6 ilk «jonli» suratlarda!

Ayni damda, ikkala koreys kompaniyasi o‘zlarining iPhone'lar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqariluvchi yig‘uv liniyalarini LTPO ishlab chiqarishga moslashtirish jarayonida. Biroq yanvar oyida The Elec nashri bu yil Apple'ga faqat Samsung displey yetkazib berishi, LG esa kelasi yildan ta’minotchiga aylanishi haqida xabar bergandi. Agar DigiTimes ma’lumotlari to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, Apple, o‘zi xohlaganidek, bu yildan boshlab ikkita ta’minotchiga ega bo‘ladi.

Standart iPhone 13 va iPhone 13 mini modellari esa LG va BOE yetkazib beradigan eskicha LTPS OLED panellar bilan jihozlanadi. LTPO ekranlar energiya tejamkor bo‘lib, ularda moslashuvchan yangilanish chastotasini joriy qilish osonroq. Shu sababdan, Pro bo‘lmagan iPhone'lar bu yil ham 120Hz ekranga ega bo‘lmasligini kutavering.

BOE ham Kupertinoga LTPO panellar yetkazib berishga qiziqqan edi, biroq kompaniya yig‘uv liniyalarini bunga moslashtirishga ulgurmagan. Keyingi yili ishlab chiqariluvchi iPhone'larning barchasi (SE modellardan tashqari) LTPO panel bilan jihozlanishi kutilmoqda. Shu boisdan, qo‘shimcha ta’minotchiga ega bo‘lish Apple'ga faqat foyda keltiradi.

Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, iPhone 13 seriyasi sentyabrda taqdim qilinadi. Biroq agar ta’minot zanjirida uzilishlar yuzaga kelsa, Apple taqdimotni yana oktyabrga kechiktirishi mumkin.

O‘QING: Qoyilmisiz: har qanday iPhone’ni endi Galaxy’ga «aylantirish» mumkin!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!