Apple’ning ilk kompyuteri olamshumul narxda sotilmoqda

Apple’ning ilk kompyuteri olamshumul narxda sotilmoqda

Germaniyada o‘tadigan kim oshdi savdosida Apple korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ilk kompyuterlardan biri 309 ming AQSh dollari bahosida sotuvga qo‘yilmoqda. Bu to‘g‘rida The Sun nashri ma’lum qiladi.

Ushbu Apple-1 kompyuteri ayni paytda ham faoliyat ko‘rsatadigan holatda bo‘lib, butun jahonda bunday elektron hisoblash mashinasi sanoqli hisobda saqlanib qolingan. Kompyuter “Olma” kompaniyasining asoschilaridan biri Stiv Voznyak tomonidan 1976 yilda Stiv Jobsga tegishli garajda qo‘lda yig‘ilgan. Umumiy hisobda kompaniya 150 dona shunday modeldagi kompyuterni ishlab chiqargan va ular o‘sha vaqtda $666.66 dollari bahosida sotilgan. Kompyuterga 1 MGs chastota tezligida ishlaydigan MOS 6502 protsessori o‘rnatilgan.

Yaxshi saqlangan Apple-1 kompyuteri AQShning Kaliforniya shtatida istiqomat qiluvchi injener tomonidan sotuvga qo‘yilgan. Xaridorga qurilma bilan birga uning asl nusxadagi hujjatlari va Stiv Voznyak hamda Stiv Jobslarning suhbatlari yozilgan audio fayllar ham topshiriladi. Apple’ning ilk kompyuteri sotiladigan auksion 20 may kuni Germaniyaning Kelne shahrida bo‘lib o‘tadi.

Bungacha mazkur modeldagi kompyuterni Italiyalik biznesmen 2010 yilda $210 ming AQSh dollariga xarid qilgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!