Apple’ning unutilgan 10 mahsuloti + bonus

  •   DiMaX
  •  2636
  •  06.04.2017 16:13

Apple’ning unutilgan 10 mahsuloti + bonus

Stiv Jobs Apple’ga qaytganidan buyon «Olma» ketma-ket xit mahsulotlar chiqarib kelayotir: iMac, iPod, iPhone, iPad kabilarning har bir yangi modeli chiqishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘layotir. Ammo kompaniyaning 40 yillik tarixida har xil vaziyatlar bo‘lganini ko‘pchilik bilmasligi mumkin: uning ayrim gadjetlari o‘ta muvaffaqiyatsiz chiqqan, ba’zilari esa zamondan ilgarilab ketgan.

Bugungi to‘plamimizda Apple’ning o‘nta g‘oyasini yodga olamiz – ularning ba’zi birlari bugungi kunga kelib unutilgan, ayrimlarini esa umuman eshitmagan bo‘lishingiz ham mumkin.

Apple iPod+HP

iPod singari o‘zining musiqiy pleyerini ishlab chiqargan kompaniya bittagina Apple emas. 2004 yili u Hewlett-Packard (HP) bilan bitim tuzib, hamkorlikda HP iPod (yoki Apple iPod+HP) ishlab chiqarishga kelishib olishdi. O‘sha davrda Apple’ning chakana xaridorlari hozirgidek ko‘p emas edi, HP’ning esa portativ musiqiy pleyeri yo‘q edi. Shu bois ikkala kompaniya o‘z kuchlarini birlashtirishga qaror qilishdi, natijada «Olma» HP kompaniyasining chakana savdo tarmoqlaridan foydalandi, HP esa «o‘z» musiqiy gadjetiga ega bo‘ldi.

Biroq bu hamkorlik bir yilgina davom etdi. Munosabatlarga barham berilishiga sabab qilib Aplle Store’da pleyerlarga servis xizmati ko‘rsatmagani aytiladi. Zero, Apple iPod+HP rasman Apple emas, balki HP’ga tegishli edi.

Apple MacPhone

Mazkur statsionar telefon 1982 yili ishlab chiqilgan. Apple’ga yagona va tanish oson bo‘lgan dizayn kerak bo‘lganida, Stiv Jobs nemis dizayneri Xarmut Esslingerni yollagan. Uning konseptual ishlanmalaridan biri – Apple’ning uslubiga mos keluvchi va Mac operatsion tizimi bilan jihozlangan shu Apple MacPhone bo‘lgan. U ommaviy ishlab chiqarishga joriy etilmagan, lekin bugungi kunda ommalashgan iPhone uchun prototip bo‘lib xizmat qilgan.

iPod uchun «paypoqlar»

Bu – «Olma»ning pleyerlari uchun paypoq shaklida maxsus ishlab chiqarilgan g‘ilofdir. iPod paypoqlari savdosi 2004 yili boshlangan, o‘shanda 6 donadan iborat bitta to‘plam narxi $29 qilib belgilangan. G‘iloflarni ishlab chiqarish 2012 yili to‘xtatilgan.

Sozlanadigan klaviatura

1993 yili kompaniya Apple Adjustable Keyboard deb nomlangan sozlanuvchi klaviaturani ishlab chiqardi. Uni harf terish qulayroq bo‘lishi uchun ikkiga ajratish mumkin edi. Shu opsiyasi tufayli uning narxi $219 bo‘lgan, bugungi kundagi o‘lchamlar bo‘yicha esa bu $369 ga tengdir. Ko‘rib turibsizki, shunchaki harf terishdagi qulaylik uchun bu anchagina katta narx.

iPod Hi-Fi

Bu – iPod pleyeri bilan birgalikda musiqani yangratishga mo‘ljallangan akustika tizimi qurilmasidir. Mazkur mahsulot 2006 yili bozorga chiqdi va bir yarim yilgina o‘zini ushlab tura oldi. Unda eng muhim qismlar (akkumulyator batareyasini quvvatlash imkoni, AM/FM radio-tyuneri va yangi iPod modellariga moslik) yetishmasligi juda ko‘p tanqidlarga sabab bo‘ldi. Tag‘in, shuncha kamchiliklari bilan ham qurilma naq $349 turgan! Apple kompaniyasining rasmiy bayonotiga ko‘ra, iPod Hi-Fi ishlab chiqarilishining to‘xtatilishiga sabab – barcha kuchlarni iPod va iPhone’ga qaratishga qaror qilinganidir.

Apple Time Band

1991 yilgi bu mahsulot hozirgi Apple Watch’ning ajdodi hisoblanadi. O‘shandayoq Apple Time Band konsepsiyasi Yaponiyaning Axis jurnalida taqdim etilgan: cho‘ntak shaxsiy kompyuterini xuddi soat kabi qo‘lda taqib yurish mumkin edi.

eWorld

1990-yillarda America Online (AOL) internet-provayderining tashkil etilishi va tez rivojlanishini ko‘rgan Apple ham Mac foydalanuvchilari uchun o‘z onlayn-servisi – eWorld’ni yaratishga qaror qildi. Uning yordamida Mac foydalanuvchilari internet tarmog‘iga ulanishardi, ular o‘z pochta operatorlari va e’lonlar taxtasidan foydalanishlari, shuningdek, yangiliklarni olib turishlari mumkin edi. Servis ko‘p yashamadi, chunki Apple kompaniyasi AOL bilan raqobatga dosh berolmadi. Buning sabablari bor, asosiylari: eWorld onlayn-servisini faqatgina Mac foydalanuvchilari ishlata olardi, tag‘in bu servisda veb-brauzer yo‘q edi.

eMate 300

Apple 1997 yili hamyonbop shaxsiy cho‘ntak kompyuteri – sensor ekranli eMate 300’ni yaratdi. Apple Newton OS operatsion tizimida ishlovchi bu qurilma matnni terish va qayta ishlash, shuningdek, eskizlar yaratishga mo‘ljallangan edi. Laptop narxi $799 etib belgilangandi. eMate 300 ishlab chiqarilishi kompaniyaga Stiv Jobsning qaytishi bilan to‘xtatildi – barcha kuchlar iMac ishlab chiqarilishiga yo‘naltirildi.

Flower Power iMac

2001 yilning boshida Apple kompaniyasi antiqa ishga qo‘l urdi – «gulli» Flower Power iMac kompyuterlar seriyasini ishlab chiqardi. Balki, Stiv Jobs o‘tgan asrning 60-yillarini hamda o‘zining xippi bo‘lib yurgan damlarini qo‘msab qolgandir… Nima bo‘lganda ham, yangi seriyaning dizayni xaridorlarga uncha ma’qul kelmadi va yarim yil o‘tmasdan, kompyuter ishlab chiqarishdan olindi. Aynan u bilan bir vaqtda ishlab chiqarila boshlagan nafis havorang Blue Dalmatian iMac seriyasini ham shu taqdir kutardi.

Macintosh Bashful

Apple tomonidan o‘tgan asrning 80-yillarida yaratilgan planshet prototipi shunday nomlangan. «Bashful» so‘zi inglizchada «kamtar, sipo» ma’nolarida bo‘lib, Disney multfilmidagi yetti gnomdan birining nomidir. Nomi kamtargina bo‘lsa-da, proto-planshetning maqtanishga arzigulik jihatlari bor edi. Jumladan, unga klaviatura ulash imkoni, yana floppi-disklar uchun diskovod mavjud edi. Monitorning (sensor ekranning!) o‘zida yozish uchun ruchka hamda qurilmani ushlash uchun tutqichi ham bor edi. Eng qizig‘i, shu qurilmadan 25 yil o‘tibgina bizga tanish iPad planshetlari ishlab chiqilgan.

Bonus: Apple ishqibozlari uchun…

Stiv Jobs o‘zi yaratgan kompaniyadan ketganidan so‘ng, 1986 yili uning sobiq hamkasblari yangicha bir ishga qo‘l urishdi. Ya’ni, Apple kompaniyasi The Apple Collection liniyasidagi layfstayl-produkt – o‘z brendi ostidagi kundalik turmush mahsulotlarini ishlab chiqardi. Apple nomida endi gadjetlar yoki qurilmalar uchun aksessuarlar emas, balki tolstovka, kamar, krossovka, kurtka, buklama pichoq, o‘yin qartalari va boshqalarni ishlab chiqarishdi. The Apple Collection liniyasida hatto kompaniya logotipi tushirilgan yelkan ham bor edi. Ular shu bilan to‘xtatishdi va kuchlarini «Olma»ning asosiy dasturlariyu mahsulotlariga yo‘naltirishdi.

Biz esa Apple ishqibozlari uchun so‘nggi yangiliklar va turli ma’lumotlar jamlangan maqolalarni taqdim etib borishdan charchamaymiz, saytimizdan uzoqlashmang!