Apple’ning yangi gadjetlari: narx, xususiyat va suratlari taqdimotdan bir hafta avval chiqib ketdi

  •   DiMaX
  •  1556
  •  06.09.2018 12:32

Apple’ning yangi gadjetlari: narx, xususiyat va suratlari taqdimotdan bir hafta avval chiqib ketdi

12 sentyabrda Apple korporsiyasi yirik taqdimot marosimi o‘tkazmoqchi ekanidan xabaringiz bor. Unda kompaniya bir necha rusumdagi noutbuk, planshet, smartfon va smart-soatini namoyish etishi kutilmoqda.

O‘QING: Eksklyuziv video: iPhone XS’ning ilk reklama roligi!

Ammo xitoylik insayderlar kupertinoliklarning syurprizini bir pul qilib, ularning yangi taqdim qiladigan devayslari haqidagi ma’lumotlarni Weibo ijtimoiy tarmog‘iga chiqarib yuborishdi.

Xullas, Apple’ning bu yilgi smartfonlari ikkita premial iPhone XS hamda bitta hamyonbop iPhone XC modellaridan iborat bo‘ladi. iPhone XS’lar OLED-ekranga ega – bittasining diagonali 5,8, ikkinchisiniki esa 6,5 dyuymga teng. Har ikkala o‘lchamdagi iPhone XS ham yakka kristalli A12 protsessori va 4 gigabaytlik tezkor xotira bilan ta’minlanadi. doimiy xotiralari esa 64 GB, 256 GB va 512 GBlik talqinlarda bo‘lishi kutilayotir. Mazkur smartfonlarning korpusi shishadan, romi po‘latdan ishlangan bo‘lib, uch xil rangda taqdim etiladi. Asosiy kameralari qo‘shaloq, old kameralari Face ID funksiyasiga ega, ammo ular avval taxmin qilinganidek Apple Pencil stilusini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu ayfonlar narxlari ekran o‘lchamiga qarab 899 va 999 AQSh dollaridan boshlanadi.

Smartfonlarning kichikroq – 6,1 dyuymlik LCD-ekranga ega modeli esa iPhone XC deb ataladi. Uning korpusi alyuminiy romli bo‘lib, besh xildagi rang variantlarida taklif etiladi. Asosiy kamerasi oddiy – yakka modulli, selfi-kamerasiga Face ID tatbiq etilgan. «Elektron yuragi» – A12 chipi, u 3 gigabaytlik tezkor xotira bilan hamkorlikda ishlaydi. Bu ayfon doimiy xotirasi 64 GB hamda 256 GBlik talqinlarda taqdim etilib, 749 dollardan boshlangan narxlarda sotiladi.

Retina-displey bilan jihozlangan yangi MacBook esa diagonaliga 12 va 13 dyuymlik variantlarda taqdim etiladi. Ekranining yon romlari yupqa bo‘lgan ushbu noutbuk bir nechta USB Type-C portlari bilan ta’minlanmoqda. Gadjetning ichki o‘zgarishlari aniq aytilmasdan, faqatgina «xususiyatlarning yillik yangilanishi» tarzida tavsiflangan. Narxi 999 dollardan boshlanadi.

Bu yilgi iPad Pro plansheti ekranining diagonali 11 va 12,9 dyuymlik talqinlarda chiqadi, displeyining romlari yupqa bo‘ladi. Ular A12X protsessori bazasida ishlaydi, kamerasida foydalanuvchining yuzini tanish uchun Face ID funksiyasiga ega. Ularning narxlari o‘zgarishsiz qoladi, ya’ni – tegishlicha 649 va 749 dollarga narxlanadi.

Va nihoyat, Apple Watch Series 4 «aqlli» soatining ekrani avvalgi «ajdod»idagiga nisbatan 15 foizga katta, romlari yupqa bo‘lib, narxlari hozirgi modellar bilan bir xil qoladi.

Yuqoridagi ma’lumotlarning haqiqatga qanchalik yaqin ekanini tez orada bilib olamiz, bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: iPhone XS: 2 milliard yillik materialdan yasalgan korpus