Apple M2 chipi bilan yangi noutbuklarni taqdim qildi!

Apple M2 chipi bilan yangi noutbuklarni taqdim qildi!

Dasturiy ta'minotlar yangiliklari bilan birga Apple o'zining kechagi WWDC 2022 tadbirida yangi qurilmalarni ham taqdim qildi. Kompaniya M2 chipsetini ko'rsatganidan keyin, shunisi ma'lum bo'ldiki, u bilan chiqariladigan kompyuter ham bor va u butunlay qayta dizaynlangan MacBook Air va yangilangan MacBook Pro noutbuklari bo'lib chiqdi.

Avvalo, yangi MacBook Air haqida gaplashadigan bo'lsak, u o'zining oldingisidan ko'ra yanada ingichka, nafis dizaynda chiqarilgan. 13.6 dyuymli 500 nits yorug'likkacha chiqa oladigan Liquid Retina displeyga ega bo'lib, ekran yuqori markazidagi xuddi ayfonnikidek qora tirqish ichida HD FaceTime kamerasi joylashtirilgan.


Apple'ning aytishicha noutbuk quvvati 18 soatga yetadi va u MagSafe, shu bilan birgalikda, qurilmani atigi 30 daqiqda ichida 50 foizgacha zaryadlay oladigan 67W USB-C quvvatlovchi adapter bilan zaryadlanishni qo'llab-quvvatlaydi. Shuningdek, u ikki USB-C Thunderbolt portlariga, 3.5 millimetrlik audio uyasiga va Touch ID tugmasiga ega.

Yangi MacBook Air kumush, kosmik kulrang, to'q ko'k va oltin ranglarida bo'lib, uning qalinligi 11 mm, og'irligi esa 1.2 kilogrammni tashkil qiladi. Uning tanasi alyuminiydan tayyorlagan ingichka tanasi ichki komponentlar bilan shu qadar samarali birlashtirilganki, noutbuk avvalgilaridan 20% kamroq ovoz chiqaradi. Noutbuk to'rt karnayli ovoz tizimi va uchlik mikrofonga ega bo'lib, ular klaviatura va ekran orasiga integratsiyalashtirilgan.

Yangi M2 chipi bilan MacBook Air'da Final Cut Pro bilan ishlash 40 foizga, Adobe Photoshop'da filtrlar va effektlarni qo'llash 20 foizga tezlashgan.

MacBook Pro 2022 modeliga keladigan bo'lsak, u tashqi ko'rinishi oldingisidan deyarli farq qilmaydi. Asosiy o'zgarishlar noutbuk "kapoti ostida" bo'lib, kompyuter Apple'ning yangi M2 chipida ishlaydi. Ma'lum bo'lishicha, 8 yadroli CPU va 10 yadroli GPU bilan yangi MacBook Pro noutbuki RAW suratlarni Affinity Photo kabi ilovalarda ochishda, kompyuterda Baldur’s Gate 3 kabi o'yinlarni o'ynashda 40% tezroq ishlaydi. Shuningdek, M2 chipi bilan noutbuk 24 gigabaytgacha operativ xotirani va bir vaqtning ikkitagacha 8K videoni strim qilishni qo'llab-quvvatlaydi. Uning quvvati esa 20 soatgacha yetishi aytilmoqda.

Ikkala noutbuklar ham keyingi oydan sotuvga chiqariladi. Bunda M2 chipi bilan MacBook Air noutbuki Amerikada $1,199 narxda, M2 chipi bilan MacBook Pro esa Amerika $1,299 narxda sotuvga chiqariladi.

O'QING: iOS 16 rasman taqdim qilindi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.