Apple rasman WWDC 2022 tadbiri qachon o‘tkazilishini ma’lum qildi

Apple rasman WWDC 2022 tadbiri qachon o‘tkazilishini ma’lum qildi

Apple kompaniyasi o‘zining har yili o‘tkazadigan butunjahon dasturchilar konferensiyasining bu yilgi soni 6-iyundan boshlab, 10-iyungacha bo‘lgan kunlarda bo‘lib o‘tishini rasman ma’lum qildi. Bu kompaniyaning ana shunday 33-tadbiri bo‘lib, u so‘nggi ikki yilda bo‘lgani kabi onlayn o‘tkaziladi, lekin ayrim dasturchi va talablar 6-iyun kunida taqdimotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Apple Park'dan ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bunday joylar cheklangan bo‘ladi, unda qanday qatnashish esa Apple Developer saytida ma’lum qilinadi.

Konferensiyada iOS (16), iPadOS (16), watchOS (9), macOS (13) va tvOS (16) larning yangi versiyalari, shuningdek, yangi texnologiyalar haqida gaplashiladi. Qo‘shimchasiga kompaniya yangi Mac kompyuterlarini ham taqdim qilishi mumkin. Bundan tashqari, tadbir an’anaviy tarzda Swift Student Challenge musobaqasiga mezbonlik qiladi, unda yosh dasturchilar Swift dasturlash tilini o‘rganish uchun Swift Playground'da o‘z mahoratlarini namoyish etishlari mumkin bo‘ladi. Bu tanlovda ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish bugundan boshlangan va 25-aprelga qadar davom etadi. Bu haqida batafsil Swift Student Challenge saytidan ma’lumot olish mumkin.

O‘QING: Bitta "tishlangan olma" oyiga ellik dollardan

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!