Apple rasmiy saytida 1563 dollarlik buyurtma qilgan qizga iPhone 12 Pro Max o‘rniga olmali yogurt keldi!

  •   DiMaX
  •  1800
  •  01.03.2021 11:01

Apple rasmiy saytida 1563 dollarlik buyurtma qilgan qizga iPhone 12 Pro Max o‘rniga olmali yogurt keldi!

Onlayn do‘konlardan smartfon yoki boshqa biror gadjet buyurtma qilib chuv tushganlar – buyurtmasi o‘rniga shu devays hajmicha va vaznicha keladigan boshqa narsalar olganlar uchrab turadi. Lekin yaqinda Xitoyda bo‘lib o‘tgan voqea hammasidan olib tushdi.

O‘QING: OLX.UZ’dagi arzon ayfonga uchib, 500 dollarga chuv tushgan hamyurtimiz

Yuqoridagi singari holatlar ko‘pincha vositachilar yoki ishonchsiz do‘konlar orqali qilingan xaridlarda uchraydi. Biroq xitoylik Lyu ismli qiz uncha-muncha joydan emas, naq Apple rasmiy onlayn do‘konidan xarid qilgan edi-da! Buyurtma ham chakki emas – 1563 dollar evaziga ichki xotirasi 256 gigabaytlik iPhone 12 Pro Max smartfoni...

Ammo buyurtmasi yetib kelgach, uning sal g‘alatiroq ekanligini payqaganmi, yoki ko‘ngli sezganmi – xullas, Lyu har ehtimolga qarshi ushbu xaridining qadog‘ini ochish jarayonini videoga olib, Weibo tarmog‘iga joylagan. Jo‘natma qutisidan esa... olma ta’mli yogurt chiqqan! Harna-da, Apple ham aslida «Olma» degani-ku!

Lyu tezda politsiyaga murojaat etgan va surishtiruvlar boshlangan. Ma’lum bo‘lishicha, xaridor jo‘natmani bevosita kurerning qo‘lidan olmagan – Express Mail Service (EMS) xizmati xodimi uni qizning uyi oldidagi, posilkalarga mo‘ljallangan maxsus qutida qoldirgan ekan. Politsiya buni o‘g‘irlik deb baholamoqda, lekin uning qaysi bosqichda amalga oshirilgani, ya’ni, smartfonni aynan qayerda va kim yogurtga alishtirib qo‘yganini hozircha aniqlay olishmagan.

O‘QING: Internet orqali AirPods buyurtma qilgan qizga o‘z boshi kattaligidagi quloqchin yetib keldi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!