Apple smartfonlari Android'lardan qancha oldinda?

Apple smartfonlari Android'lardan qancha oldinda?

Kuni kecha ARM kompaniyasi "Cortex-A76" nomli o‘zining eng ilg‘or mobil protsessorini taqdim qildi. Mutaxassislar esa oz fursat ichida uning imkoniyatlarini o‘rganib, baholashga ulgurdilar. Shu bilan birga, mazkur imtihon jarayonlarida Android hamda Apple smartfonlarida o‘rnatilgan chiplar samaradorligi o‘rtasidagi farq ham baholandi. Sinovlardan ma’lum bo‘lishicha, iPhone qurilmalari samaradorlikda raqiblaridan kamida 2 yil oldinda.

Cortex-76 chipseti samaradorlikni o‘lchaydigan Geekbench benchmarkida ayfonda o‘rnatilgan amerikalik raqibiga qaraganda ancha past natijani ko‘rsatgan. Biroq, ARM uchun yaxshi xabar ham bor: uning yangi protsessori samaradorlikda Samsung'ning eng zo‘r Exynos 9810 chipsetini "changda" qoldirgan. Shu bilan birga, Cortex-76 protsessori bugun ko‘plab Android flagmanlarda o‘rnatilayotgan Snapdragon 845 chipini samaradorlikda ortda qoldirgan.

Bir yadroda ishlash bo‘yicha to‘plangan natijalar: 

Shunga qaramasdan, Apple A11 chipi bilan solishtirib ko‘rganda, Cortex-76 ancha orqada. Anqirog‘i bu yangi Android chipning samaradorligi 2016 yilda taqdim qilingan A10 protsessoriniki bilan bir xil. Cortex-76 chipsetida ishlaydigan smartfon bozorga chiqquniga qadar Apple bozorga A12 protsessorida ishlaydigan smartfonni sotuvga chiqarishini hisobga olsak, Apple ustunligi yanada oydinlashadi.

Apple chipsetlarining samaradorligi «pishiq-puxta» me’moriy yechim bilan bog‘lanadi. Ya’ni, ular operatsion tizim bilan uyg‘un holda ishlab chiqariladi. Arm chipsetlarida hozircha bu jihat yetishmaydi. Apple smartfonlarida eng ko‘p sarf qilinadigan elementlardan biri ham bu chiplar hisoblanadi.

Misol uchun, Apple A11 me’moriy yechimi ko‘proq kuchli noutbuklar ishlaydigan Intel Core i7 chipinikiga o‘xshab ketadi — qismlarning joylashuvi tartibli hamda ma’lumotni ishlash sig‘imi hajmdor. Ularning ishlash yechimi personal kompyuterlarnikidan olingan. Bunday me’moriy jihat ilk marotaba A7 chipida qo‘llanilgan edi. Apple aslida kuchli protsessor ishlab chiqarishda Intel kompaniyasini ham ortda qoldiradi: 3-4-vattli A11 tezkorlikda hattoki 28 Vt tok kuchlanishida ishlaydigan va ilg‘or noutuklarga o‘rnatilgan i5 7267U chipidan ham peshqadam.

Har jihatdan olib qaraganda, yaqqol ko‘rinib turibdiki, Apple smartfon va boshqa gadjetlari uchun zarur mikrosxemalarini ishlab chiqarib, apparat hamda dasturiy ta’minot o‘rtasida mustahkam bog‘liqlik yarata olgan. Shu tufayli ham samaradorligi o‘ta yuqori gadjetlar haqida gap ketganida birinchi bo‘lib Apple xayolimizga keladi. Agar sizga samaradorlikda raqiblardan bir necha yil oldinda bo‘lgan smartfon kerak bo‘lsa, unda hech ikkilanmay iPhone X xarid qilishni maslahat beramiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.